13:17 / 16.11.2020
38171
Afg‘onistonlik investor Toshkentda katta pulga aldanib qoldi. U tergov ishi cho‘zilayotganidan shubhalanmoqda

Germaniyada yashovchi, asli afg‘onistonlik Ismoil Safo O‘zbekistonda firibgarlik qurboni bo‘lgan - undan aldov yo‘li bilan 80 ming dollarini o‘zlashtirganlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga bir yildan oshgan, bu orada besh marta tergovchi almashgan, jinoyat ishiga aloqador boshqa shaxslar nima uchundir tergovga jalb qilinmagan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan Ismoil Safo tadbirkorlik qilish niyatida 2018 yilda O‘zbekistonga kelgani, bu yerda turizm sohasi rivojlanayotganini ko‘rib, jiyani Barekzay Aymal bilan birga dastlab tayyor mehmonxonani ijaraga olgan holda turizm xizmatlarini ko‘rsatishni, keyinchalik esa o‘zlari mehmonxona qurishni rejalashtirishganini aytadi.

Ismoil Safo jiyani Barekzay Aymal bilan

«Jiyanim bilan o‘ylab-o‘ylab turizm sohasida faoliyat yuritishga qaror qildik. Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan sayyohlarni O‘zbekistonga olib kelish, ularni bu mamlakatning diqqatga sazovor joylari, ziyoratgohlari, tarixiy maskanlariga turlar tashkillashtirishni rejalashtirdik. Tabiiyki, mehmonlarni joylashtirishimiz, ularga turizm xizmatlari ko‘rsatishimiz uchun bir musofirxonaga ehtiyoj tug‘ildi va boshlanishiga shunday joyni ijaraga olib ishlab turmoqchi bo‘ldik.

2019 yilning iyun oyi oxirlarida ijaraga olish uchun mehmonxona qidirib yurganimda Yakkasaroy tumanida joylashgan «DE REON» mehmonxonasini ko‘rib qoldim. Telefon orqali mehmonxona boshqaruvchisi Faxriddin Xushvaqtov bilan gaplashib, otelni ijaraga olmoqchi ekanimni aytganimdan so‘ng, ertasiga mehmonxona ofisida uchrashuv belgilandi.

Ushbu uchrashuvda Faxriddin o‘zini mehmonxona sohibi sifatida, yonidagi shaxsni - Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida ishlovchi Akmal Atoxonovni esa mehmonxona biznesidagi sherigi sifatida tanishtirdi», deydi u.

Bugungi kunda mehmonxonaning nomi o‘zgargan

Ushbu uchrashuvda qatnashgan «Sheron konsalting» ko‘chmas mulk agentligi rahbari Sherzod Sulaymonov ham Faxriddin Xushvaqtov o‘zini «DE REON»ni ijaraga berish huquqi bor insonday qilib ko‘rsatganini tasdiqladi.

Sherzod Sulaymonov

«Ismoil Safo firmamizga mijoz sifatida kelgan. U kishi mehmonxona biznesida faoliyat yuritish istagida edi. Biz ham pul tikish mumkin bo‘lgan ayrim yo‘nalishlarni taklif qilganmiz, ammo afg‘onistonliklarga bu yo‘nalishlar to‘g‘ri kelmagan. Keyin Faxriddin bilan tanishib qolishgan.

Ismoil Safo «DE REON» mehmonxonasini ijaraga olish niyatida ekanini aytib, fikrimni bilish uchun meni otelga olib borib ko‘rsatdilar. Ko‘rdik, yaxshi joy ekan. Keyin mehmonxona egalari bilan bo‘lgan uchrashuvda ham qatnashdim. Xushvaqtov o‘zini «DE REON»ning egasi, uni ijaraga berish huquqi bor insonday qilib ko‘rsatdi. Vaholanki, uyam o‘sha yerda ijarachi ekan. Mulkning asl egasi boshqa odam bo‘lgan», deydi Sherzod Sulaymonov.

Mehmonxona ofisidagi uchrashuv jarayoni

Mehmonxona «DE REON» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga ijara huquqi asosida tegishli bo‘lib, Faxriddin Xushvaqtov bu firmaning rasmiy ta'sischisi bo‘lgan. Ismoil Safo va boshqalar bilan uchrashuv chog‘ida u sherigi bilan birga mehmonxonani 5 yilga ijaraga olganini, shundan 2 yilini oldindan to‘lov sharti bilan ijaraga berishlari mumkinligini ta'kidlaydi. Mehmonxonaning asl egasi Zebo Sobirova ham mulki bir ijarachidan boshqasiga o‘tayotganiga e'tirozi yo‘qligini bildiradi.

Shuningdek, u «DE REON» firmasini ham investorlar nomiga o‘tkazib berishini, chunki mehmonxona aynan ushbu firmaga 5 yilga ijaraga berilganini, firmaning litsenziyasi ham borligini aytadi. Bu bilan o‘zini go‘yoki investorlarni yangi firma ochish, litsenziya olish mashaqqatlaridan qutqargan kishi qilib ko‘rsatadi.

Ismoil Safo

«Aslida biz mehmonxonani ijaraga oldik. Lekin Faxriddin o‘zining firmasi, sertifikatlariyam borligi, boshqa firma ochish, yangidan sertifikat, guvohnoma olish uchun yugurishimizga hojat yo‘qligi, ikki yildan so‘ng mehmonxonani firma bilan birga qaytarib beraverishim mumkinligini aytdi.

Dastavval mehmonxonaning bir oylik ijarasi uchun olti ming dollar so‘rashdi. Savdolashganimizdan so‘ng Faxriddin va uning sherigi Akmal Atoxonov otelni oyiga uch yarim ming dollardan ijaraga berishlari mumkinligini, faqat ikki yillik to‘lov – 84 ming dollarni oldindan to‘lashimiz kerakligini aytishdi», deydi Ismoil Safo.

Shundan so‘ng tomonlar Sherzod Sulaymonovning ofisida ikki marta uchrashishadi va har uchrashuvda afg‘onistonliklar 20 ming dollardan, jami 40 ming dollarni tilxat asosida Faxriddinga sanab berishadi. Yana 40 ming dollarni esa Faxriddin Yakkasaroy tumanidagi 1-sonli davlat notarial idorasida notarius Shuhrat Isroilov va boshqalar guvohligida qabul qilib oladi.

Biroq 2019 yilning 12 iyulida notarius nima uchundir ijara shartnomasi emas, balki Afg‘oniston fuqarosi Barekzay Aymal hamda O‘zbekiston fuqarosi Faxriddin Xushvaqtov o‘rtasida qarz shartnomasi rasmiylashtiradi. Ismoil Safo ushbu jarayonda shartnomaning mohiyati va yuridik oqibatlari o‘zi va jiyaniga yetarlicha tushuntirilmagani, rus tilida tuzilgan shartnomada nima yozilganini bilmasligini, notarial harakatlar davomida jalb qilingan tarjimon shartnoma mazmunini ularga yetarlicha tarjima qilib bera olmaganidan shikoyat qilmoqda.

«Men va jiyanim na rus tili, na o‘zbek tilini yaxshi bilamiz. Keyin tarjimon olib kelishdi. Biroq u g‘alati tarjima qildi. Sherzod Sulaymonovdan («Sheron konsalting» ko‘chmas mulk agentligi rahbari) shartnoma bilan tanishib chiqishini so‘radik. U shartnoma yaxshi tuzilganini aytgach, hujjatni imzoladik.

Notarius hech qanday sababsiz Faxriddin bilan oldi-berdimizni qarz shartnomasi sifatida rasmiylashtirgan. Notarius mendan 80 ming dollarni nima uchun berayotganimni, Faxriddin bilan qarindoshlik rishtalarim bor-yo‘qligini so‘ragani yo‘q. Men Afg‘oniston fuqarosi bo‘lsam, u O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, bizni hech qanday rishta bog‘lab turmagan bo‘lsa, 2 yilga 80 ming dollarni hech qanday foydasiz berishim mumkinmi?

Agar hozir bankdan o‘n ming dollar miqdorida kredit olmoqchi bo‘lsangiz, bir dunyo hujjat so‘raydi. Shunda ham nimanidir garov sifatida rasmiylashtirib, shundan keyingina kredit beradi va buni foyda olish uchun ajratadi. Biroq notarius 80 ming dollarni qarz shartnomasi sifatida rasmiylashtirayotganida mendan oldi-berdimizning detallarini to‘liq so‘ramadi», deydi afg‘onistonlik investor.

2019 yilning 16 iyul kuni Ismoil Safo ikki yillik ijara haqini oldindan to‘lab qo‘yganini mehmonxonaning asl egasi Zebo Sobirovaga aytganda u bundan xabari yo‘q ekanini, aksincha, Faxriddin o‘rtalarida tuzilgan 5 yillik ijara shartnomasini 4 iyul kuni bekor qilganini aytgan.

Shundan so‘ng Ismoil Safo holatga aniqlik kiritish maqsadida shu kunning o‘zida Faxriddindan guvohlar ishtirokida 2 yillik ijara haqini oldindan olgani haqida tilxat yozib berishni talab qilgan, lekin Xushvaqtov har xil bahonalar bilan tilxatni yozib bermasdan qochib ketgan.

«Faxriddin meni va mehmonxona egasini aldab ketganini, 80 ming dollarimni olib qochganini bilib qolganimdan so‘ng unga tinmay qo‘ng‘iroq qildim. Nihoyat qo‘ng‘irog‘imga javob bergach, mehmonxonaga chaqirdim. Biroq u guvohlar ishtirokida mendan ikki yillik to‘lovni oldindan olgani va ikki yil davomida men oteldan hech qanday muammosiz foydalanishim mumkinligi haqidagi talabimdan so‘ng tezda qaytib kelishini aytdi va shu bilan qaytib kelmadi», deydi Ismoil Safo.

Murakkab ahvolda qolgan investor mehmonxonaning asl egasidan yordam so‘raydi. Zebo Sobirova Faxriddin Xushvaqtov va Akmal Atoxonov bilan ko‘rishib, ulardan nima uchun afg‘onistonlik investorlar ishtirokida unga tegishli mehmonxona bilan bog‘liq muammo kelib chiqayotganini so‘raydi. Shunda Yakkasaroy tumani IIB xodimi ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘qligi, tez kunda afg‘onistonliklar deport qilinishini bildiradi.

Zebo Sobirova Kun.uz bilan mikrofonsiz kechgan suhbatda yuqoridagi voqeani tergovda bergan ko‘rsatmalarida ham keltirib o‘tganini tasdiqladi.

Zebo Sobirova bu haqda Ismoil Safoni ogohlantirgach, u va jiyani Barekzay Aymal huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, firibgarlardan pullarini qaytarishda yordam berishni so‘raydi.

«Akmal Zebo opaga biz tez orada deport qilinishimiz haqida aytganda u buning sababini so‘raydi. Shunda Akmal sababini o‘zlari bilishadi deb javob beradi.

Keyin bildikki, bu ish oldindan puxta o‘ylab qilingan ekan. Yakkasaroydagi 1-notarial idorada qarz shartnomasi rasmiylashtirilgandan so‘ng Faxriddin ertasiga otelga kelib, jiyanimga qandaydir qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirmoqchi bo‘ldi. Bu nimaligini so‘raganimizda mehmonxonani bizga ikki yilga ijaraga berayotgani haqidagi oddiy hujjatligi, shunchaki rasmiyatchilik uchun imzolab qo‘ymasak bo‘lmasligini aytdi. Biznesda ko‘p narsa ishonch asosiga quriladi. Busiz iloji yo‘q. Biz ham noiloj unga ishonib hujjatga qo‘l qo‘yib berdik.

Aslida biz kelishuvga ko‘ra biznes uchun 4 qavatli mehmonxonadagi umumiy hajmi 1040 kvadrat metr joyni ijaraga olgandik. Biroq Faxriddin til bilmasligimizdan foydalanib, mehmonxonaning faqat birinchi qavatini, ya'ni 260 kvadrat metr joyni shaxsiy foydalanish uchun rasmiylashtirgan ekan. Bunday vaziyatda biz mehmon olib kelib, ularga turizm xizmatlarini ko‘rsatganimizda O‘zbekiston qonunlarini buzgan, ya'ni shaxsiy foydalanish uchun berilgan maydondan daromad olish maqsadida foydalangan bo‘lib chiqardik. Bu esa bizning mamlakatdan deportatsiya bo‘lishimizga olib kelardi. Mana shunga asoslanib Akmal Zebo opaga bizdan tez orada qutulishlarini aytgan. Mana shu so‘zlari ham Akmalning ushbu ishda Faxriddin bilan teng sherik ekanini tasdiqlaydi», deydi Ismoil Safo.

Afg‘onistonliklar 2019 yilning 18 iyul kuni ichki ishlar organiga ariza topshirishadi. Biroq tergovga qadar tekshiruv muddati qonun hujjatlarida uzog‘i bilan bir oy etib belgilangan bo‘lsa-da, Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limi tergovchilari noma'lum sabablarga ko‘ra holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atmaydi. Investor prezident qabulxonasiga bu haqda shikoyat yuborgach, IIV tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlardan so‘nggina to‘plangan dalillar asosida 29 oktabr kuni holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: jinoyat ishi nima uchun o‘z vaqtida qo‘zg‘atilmagan? Jinoyat ishi qasddan qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa va bu orqali mansab vakolatlari suiiste'mol qilingan bo‘lsa, aybdorlarga tegishli jazo ko‘rildimi? Nega tekshiruv natijalari va IIV tergov idoralari tizimidagi investorning huquqlarini poymol qilgan shaxslarga nisbatan qo‘llangan intizomiy choralar haqida investorga ma'lumot berilmagan? Yoki bu yerda biz bilmaydigan boshqa gaplar bormi?

80 ming dollaridan ayrilgani yetmaganday, 2019 yilning oktabr oyida Ismoil Safo «DE REON» firmasining «Qishloq qurilish bank»ning Yakkasaroy filialidan 200 mln so‘m kredit qarzi ham borligini, ushbu kredit firma uning nomiga o‘tkazilishidan bir oy avval olinganini bilib qoladi. Firma boshqa shaxsga o‘tayotganda na Davlat xizmatlari markazi, na shu firmaga xizmat ko‘rsatuvchi bank yangi «xo‘jayin»ni bu haqda ogohlantiradi.

Ajablanarlisi, 200 mln so‘mlik kredit mehmonxonaga maishiy texnika mahsulotlari sotib olish uchun ajratilgan bo‘lsa-da, amalda hech narsa olinmagan. Ismoil Safoning aytishicha, sudda kredit pullari shaxsiy ehtiyojlar uchun o‘zlashtirib yuborilganiga ham, firmaning krediti bo‘la turib boshqaning nomiga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yib bergan mas'ullarning xatti-harakatiga ham yetarlicha huquqiy baho berilmagan.

Qizig‘i shundaki, kredit ta'minoti sifatida Faxriddin Xushvaqtov o‘zining «Matiz» rusumli, Akmal Atoxonov esa «Neksiya-3» rusumli avtomashinasini garovga qo‘ygan. Buni investor notarial idorada Faxriddin, Akmal va «Ipotekabank» Yakkasaroy filiali o‘rtasida 2019 yil 13 iyunda tuzilgan garov shartnomasidan bilib qolgan.

Akmal Atoxonov Yakkasaroy ichki ishlar bo‘limi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi, xalqona aytganda, «pasport stol» xodimi ekani esingizdadir. Buni qarangki, aynan mazkur kredit shartnomasi tuzilgan kun Faxriddin Xushvaqtov Yakkasaroy tumani Askiya ko‘chasi 46-uy, 56-xonadonda yashovchi Valentina Doroshenkoning uyiga bir kunga propiska qilinadi. Kredit bitimi imzolangan kunning ertasiga Xushvaqtov ushbu manzildan doimiy propiskadan chiqariladi. Ajablanarlisi, uy egasining bundan xabari bo‘lmagan.

Biz bilan suhbatda Akmal Atoxonov Faxriddin Xushvaqtov bilan tanish ekanligini tasdiqladi, biroq uning biznesdagi sherigi ekanini inkor qildi. U Ismoil Safoni tanimasligini aytdi.

Yakkasaroy tumani Askiya ko‘chasi 46-uy

Shuningdek, u Zebo Sobirovaga afg‘onistonliklar tez orada deport qilinishini aytgani, bundan tashqari, Xushvaqtov Yakkasaroy tumani Askiya ko‘chasi 46-uy 56-xonadonda yashovchi Valentina Doroshenkoning uyiga bir kunga propiskaga qo‘yilishida ishtiroki borligini rad etdi.

«Faxriddin bilan tanishman, lekin uning biznesdagi sherigi emasman. Men organ xodimiman, qanday qilib u bilan hamkor bo‘laman?! Xushvaqtov va afg‘onistonliklar o‘rtasidagi kelishuvda ishtirok etmaganman, Ismoil Safoni umuman tanimayman.

Faxriddindan «vykup»ga (bo‘lib to‘lash sharti bilan – tahr.) mashina sotib olganman. Shu jarayonda tanishganman. Hozir u mashinaniyam olib qo‘yishgan. U ayni paytda qayerdaligini bilmayman. Rasmiy qidiruvdaligini bilaman. O‘zim ham qidirib yuribman u bolani. Oxirgi marta iyul oylarida, prokuraturaga chaqirishganda ko‘rishganman.

Faxriddin Doroshenkoning uyiga propiska qilinmagan. Xizmat tekshiruvida hammasi surishtirildi, prokuraturaga ham berildi. Xizmat tekshiruvi xulosalari bor. Uning bir kunga propiska qilinishiga men yordam bermaganman. U uy egasi bilan kelib murojaat qilgan. Murojaatni boshqalardan qanday qabul qilgan bo‘lsam undan ham xuddi shunday qabul qilganman.

Uning ishi «kasha» bo‘lgan. Uning 56-uyga propiska qilingani elektron tizim orqali kirib qolgan. Aslida u Askiya ko‘chasi 46-uy 4-xonadonga propiska qilingan. Xizmat tekshiruvini ko‘tartiring, hammasi tekshirilgan. Hujjatlar prokuraturaga berilgan.

Zebo Sobirovaga afg‘onistonliklarni tez orada deport qildiraman deb aytmaganman, bunaqa gapni gapirmayman ham. Faxriddindan mashina olganman. Oldi-berdi bo‘lgan. Faqat shu orqali taniyman. Biznesi, boshqa narsalari bo‘yicha sherikmasman. Mashina uchun boshida ozroq pul berganman. Xodim bo‘lganim uchun «doverennost» orqali mashina haydolmayman. Shuning uchun u mashinani nomimga o‘tkazib bergan. Ammo boshida mashinani bankka garov sifatida qo‘yishini, shunga rozi bo‘lsam nomimga o‘tkazib berishini aytgan. Men 3 ming dollar berib nomimga mashinani «oformit» qilib (rasmiylashtirib – tahr.) olganman. Qolganini sekin-sekin to‘laganman. Hozir o‘sha mashina olib qo‘yilgan, MIB orqali  sotib yuborilibdi ham. Men ham Faxriddinni qidirib yuribman», deydi Akmal Atoxonov.

Valentina Doroshenko

Biroq Valentina Doroshenkoning so‘zlari Atoxonov tasvirlagan voqea mutlaqo boshqacha tarzda ro‘y berganini ko‘rsatmoqda. Uning aytishicha, nevarasiga nafaqa olish uchun ma'lumotnoma so‘rab mahallaga chiqqanida uyiga noma'lum shaxs propiska qilinganini bilib qolgan. Shundan so‘ng tegishli organlarga murojaat qilgan. Biroq mas'ullar buni elektron bazadagi xatolikka yo‘yib, ishni bosdi-bosdi qilishgan.

«Faxriddin Xushvaqtov uyimizga bir kunga propiska qilinganini tasodifan bilib qoldim va albatta bundan hayratga tushdim. Yakkasaroy tumani pasport bo‘limi xodimlari mening roziligimsiz uni uyimga doimiy propiskaga qo‘yishgani yuzasidan dastavval Yakkasaroy tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qildik.

U yerda o‘zimni qoniqtiradigan javob ololmadim. 4-xonada o‘tiradigan Akmal Atoxonov menga Xushvaqtov allaqachon propiskadan chiqarilganini, bu shunchaki xato tufayli yuz berganini aytdi. Qizig‘i, aynan uning o‘zi Faxriddinga propiskani rasmiylashtirib bergan, buni barcha hujjatlarga uning o‘zi qo‘l qo‘ygani ham tasdiqlaydi.

So‘ngra O‘zbekiston prezidentining Toshkent shahridagi xalq qabulxonasiga murojaat qildim. U yerdagilar ham murojaatimga g‘alati munosabatda bo‘lishdi. 23-xonada o‘tiradigan odam bu ishni surishtirdi. U menga Faxriddinning yangi manzilini berishini, kim uni so‘rab kelsa o‘sha manzilga yo‘llashimni aytdi. Yakkasaroy tumani IIO FMBdan Shuhrat ismli shaxs kelib mendan murojaatim bo‘yicha tushuntirish xati oldi. Shundan so‘ng yana mazkur holat elektron tizimdagi xatolik tufayli ro‘y bergani aytilgan javob keldi. Aslida bu yolg‘on.

Xushvaqtov mening uyimga propiska qilingani shunchaki kompyuterga ma'lumot kiritayotganda yuzaga kelgan xatolikmas. U chindan ham xonadonimga propiska qilingan va pasportiga buni tasdiqlovchi muhr bosilgan. Shuningdek, bankdan qarz olganda rasmiylashtirilgan notarial hujjatda ham Faxriddinning yashash joyi sifatida mening manzilim ko‘rsatilgan.

Har safar qayerga murojaat qilsam, Yakkasaroy tumani IIO FMBdan Shuhrat ismli shaxs kelib mendan tushuntirish xati oladi va murojaatimga avvalgilari bilan bir xil javob keladi. Men ilk marta murojaat qilganimda Faxriddin 2019 yil 13 iyun kuni go‘yoki 56-uydagi 4-xonadonga propiska qilingani yozilgan hujjatni ko‘rsatishgandi. Ya'ni menikiga propiska qilingan kuni boshqanikiga ham propiska qilingan. Bu bilan noqonuniy ishlarining izini yo‘qotmoqchi bo‘lishgan. IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan ham xodimlar kelib, mazkur holat bo‘yicha xizmat surishtiruvi o‘tkazilayotganini aytishgandi, mendan tushuntirish xati olishdi. Prokuraturaga ham chaqirishdi. Biroq hech narsa o‘zgargani yo‘q, Atoxonov ham, Shuhrat ham, boshqalar ham o‘z joyida ishlab yurishibdi», deydi Valentina Doroshenko.

Ichki ishlar idorasi ishni paysalga solib, jinoyat ishini qo‘zg‘atish jarayonini cho‘zib yuborgani, jinoyatni issiq izidan ochish choralarini ko‘rmagani uchun Ismoil Safoning iltimosnomasiga binoan Toshkent shahri prokurori Bahriddin Valiyevning shaxsan aralashuvi bilan jinoyat ishi tergovi Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limidan Bektemir tumani prokuraturasiga o‘tgan. Bu yerda ham vaqtida qaror qabul qilinmagani sababli ish Toshkent shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limiga o‘tkazilgan.

Biroq ish Toshkent shahar prokuraturasi tergoviga o‘tkazilgandan so‘ng ham investorning mushkuli oson bo‘lmaydi. Garchi shahar prokurori xodimlariga bu ishni qisqa muddatda ko‘rib chiqish haqida topshiriq bergan bo‘lsa-da, jarayon achchiq ichakday cho‘zilaveradi.

«E'tiborlisi, tergovga qadar tekshiruv davomida ikki marta tergovchi almashgani yetmaganday, jinoyat ishi tergovi shahar prokuraturasiga o‘tkazilgandan keyin ham uch marta tergovchi almashgan. Haligacha masalaga nuqta qo‘yilgani yo‘q», deydi investor.

Ma'lum bo‘lishicha, Faxriddin Xushvaqtovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan va unga nisbatan qidiruv e'lon qilingan. Biroq Xushvaqtov haligacha qo‘lga olinmagan. Tergovchilar jabrlanuvchining nima uchun u haligacha qo‘lga olinmayotgani haqidagi savoliga Faxriddin xorijga chiqib ketmagani, O‘zbekistonda yurgani, biroq qidiruvga berilganiga qaramay topilmayotganini aytishgan.

Faxriddin Xushvaqtov

Mazkur ishni tergov qilayotgan beshinchi tergovchi – Toshkent shahar prokuraturasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Sarvar O‘tbosarov tergov ishi yakuniga yetmaguncha intervyu bera olmasligini ma'lum qildi.

Yaqqol jinoyat belgilari bo‘la turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay paysalga solingani, ish qo‘zg‘atilgandan keyin ham aybdor shaxslarga nisbatan chora chora ko‘rish uzoq vaqt cho‘zilayotganining sababi hozirga qadar noma'lumligicha qolmoqda.

Bizningcha, ro‘y-rost ko‘rinib turgan jinoyatga o‘z vaqtida huquqiy baho berishni paysalga solish qonunlarga, prezident siyosatiga xiyonatdir. Bunday O‘zbekiston hech qachon investorlar uchun jozibali bo‘lolmaydi. Umid qilamizki, mutasaddi idoralar tergov va tezkor qidiruv ishlariga yetarlicha huquqiy baho berishadi.

Shartli ravishda «Bir jinoyat izidan» deb atalgan ushbu o‘rganishlarimiz davomida javobsiz qolgan savollar va aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan holatlar bo‘yicha jurnalistik tekshiruvlarimizni davom ettiramiz.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Abdusalim Abduvohidov, tasvirchi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top