18:02 / 16.11.2020
6502

Armaniston tashqi ishlar vaziri iste'foga chiqdi

Vazir bayonoti e'lon qilinishidan bir necha daqiqa avval bosh vazir Nikol Pashinyan parlamentda qilgan chiqishida Zograb Mnatsakanyanni iste'foga chiqarmoqchi ekanligini aytgan.

Foto: TASS

 Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan iste'foga chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Anna Nagladyan ma'lum qildi.

«Iste'fomni qabul qilishingizni so‘rayman. Ishonch va hamkorligingiz uchun minnatdorlik bildiraman», — deya Mnatsakanyandan iqtibos keltirmoqda Sputnik. Armaniston.

Agentlikning yozishicha, vazir bayonoti e'lon qilinishidan bir necha daqiqa avval bosh vazir Nikol Pashinyan parlamentda qilgan chiqishida Mnatsakanyanni iste'foga chiqarmoqchi ekanligini aytgan.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda boshlangan muzokaralar jarayoni Tog‘li Qorabog‘ hududlarining topshirilishiga olib kelgan. Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralar davomida Shusha shahrini ham Ozarboyjonga berish masalasi ham muhokama qilingan. 

 Armaniston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anna Nagdalyan Pashinyanning ushbu bayonotini izohlar ekan, «tinchlik muzokaralarining hech bir bosqichida Shusha shahridan voz kechish masalasi ko‘tarilmagan»ini bildirdi.

10 noyabr kuni Pashinyan Ozarboyjon va Rossiya bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish va Bokuga ayrim hududlarni, jumladan Shusha shahrini berish to‘g‘risida kelishuv imzolaganini ma'lum qildi. Shundan so‘ng Yerevanda mazkur kelishuvga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi.

Mavzuga oid
Top