10:13 / 16.11.2020
12971

Peruda 6 kun ichida ikkinchi prezident iste'foga chiqdi 

Foto: AP

Peru prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Manuel Merino de Lama iste'foga chiqdi. E'tiborlisi, bundan 6 kun avval Peruning avvalgi prezidenti Martin Viskarra ham iste'foga chiqqandi.

Merino de Lama 10 noyabrda pora olishda ayblanayotgan Viskarra iste'foga chiqqandan keyin uning o‘rnini egallagandi.

Shundan keyin mamlakatda Viskarraning o‘z lavozimidan chetlatilishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyishlarni bostirish vaqtida 2 yigit halok bo‘lgandan keyin perulik bir qator siyosatchilar, jumladan vazirlar mahkamasining 13 a'zosi Merinoning iste'fosini talab qilishgan va u bilan ishlashdan bosh tortishgan.

“Hozirda, Peru eng yirik siyosiy inqirozlarning birini boshdan o‘tkazayotgan vaqtda, butun mamlakat e'tiboriga prezident lavozimidan ketish haqida ariza berayotganimni yetkazmoqchiman. Barcha peruliklarni tinchlikka va birlashishga chaqiraman!” – deb murojaat qilgan Merino televideniye orqali. 

Shu bilan birga u iste'foga chiqishga ariza bergan 13 vazirning iste'fosini qabul qilishni rad etgan. “Vazirlar ayni vaqtdagi noaniqlik yengib o‘tilmaguncha o‘z lavozimlarida qoladi”, – deb ta'kidlab o‘tgan Merino.

Peru parlamenti 9 noyabrda Martin Viskarraning iste'fosini qo‘llab-quvvatlagan. Viskarraga impichment e'lon qilinishiga 2011-2014 yillarda Mogekua provinsiyasi gubernatori bo‘lgan vaqtida pora olganligi bilan bog‘liq ilgari surilgan ayblov sabab bo‘lgan. Viskarraning o‘zi pora olganini rad etmoqda. U mamlakatda aynan korrupsiyaga qarshi kurashi sababli keng qo‘llab-quvvatlangan.

Top