22:18 / 17.11.2020
21456
Covid-19 koykalarida 6,5 mingdan ortiq bemor davolanayotgani ma'lum qilindi. SSV raqamlardagi farq yuzasidan izoh berdi

O‘zbekistonda ayni paytda Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash uchun ajratilgan koyka-o‘rinlarning 38 foizida bemorlar davolanmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda 89ta muassasada 17 ming 500ta o‘rin Covid-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan bo‘lib, hozirda ushbu o‘rinlarda 6 570 nafar bemor davolanmoqda.

Bu ma'lumot tarqalishi ortidan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda yana koronavirusga chalinganlar statistikasiga oid raqamlar bo‘yicha bahs-munozaralar boshlandi. Gap shundaki, prezident matbuot xizmati ayni paytda davolanayotganlar soni 6570 nafarligini bildirgan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining shu kunga oid ma'lumotlarida bu ko‘rsatkich 2123 kishi deb ko‘rsatilgan.

Kun.uz muxbiri ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi. 

– Chindan ham raqamlardagi bu tafovut yana ko‘pchilikda shubhalar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Prezident matbuot xizmati ma'lumotlarida O‘zbekiston bo‘ylab 89ta davolash profilaktika muassasalarida COVID-19 kasalligini davolashga mo‘ljallangan 17,5 mingta o‘rinlar tayyorlangani, ularda 6570 nafar bemor davolanayotgani bildirilgan. Bu to‘g‘ri ma'lumot. Ko‘pchilikning e'tirozlariga sabab bo‘lgani bizning o‘sha kungi statistik raqamlarimizda 2123 bemor bor deb ko‘rsatilgani bo‘ldi.

– Xo‘sh, buning qanday izohi bor?
– Hammasi juda oddiy va bu borada bir necha marta izoh berganmiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi faqat koronavirus infeksiyasi laborator tahlillarga asosan aniqlangan bemorlarnigina statistikaga kiritadi. 6570 nafar bemor davolanayotgani rost, ammo ularning 2123 nafaridagina bu virus rasman tasdiqlangan.

Kasallik gumon qilingan va ayrim simptomlari mavjud bo‘lib, lekin infeksiya tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar, tabiiyki, koronavirus bilan bog‘liq umumiy rasmiy statistikada hisobga olinmaydi. Ammo yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan va yurtimizning qator hududlarida tashkil etilgan Saralash va taqsimlash markazlarida bunday bemorlar ham statsionar sharoitda davolanishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo qilingan. Hozirda ular shunday maskanlarda davolanishmoqda.

– Tan olish kerakki, so‘nggi paytda rasmiy statistika ko‘pchilikni qiziqtirmay qo‘ydi. Ammo uni hamon muntazam e'lon qilib turishdan maqsad nima?
– SSV rasmiy statistikani e'lon qilishda qandaydir shov-shuvga erishish yoki nimanidir yashirishni ko‘zlamaydi. Har qanday epidemiya yoki pandemiyada JSST tomonidan belgilangan ko‘rsatkichlar izchil hisoblanib borilishi kerak. Bu jahon bo‘yicha barcha davlatlar amal qiluvchi talab, busiz kasallikka qarshi kurashda aniq reja tuzib bo‘lmaydi.

Endi qiziqish susayganiga kelsak, bu tabiiy. 8 oydirki har kuni bu boradagi xabar kuniga bir necha marta tarqatilmoqda. Bizning o‘zimiz ham bu boradagi qiziqishni oshirishdan manfaatdor emasmiz, ammo kasallik hali butkul chekinmaganini bildirib turishimiz, belgilangan hisob-kitoblarni olib borishimiz shart.

– Kasallik bo‘yicha umumiy vaziyatni qanday baholaysiz, og‘ir fazadan o‘tildimi?
– Albatta, bu borada olimlarimiz aniqroq ma'lumot beradilar. Ammo shuni aytish mumkinki, nazarimda, eng og‘ir davrdan o‘ta oldik va kasallikka qarshi kurashda katta tajriba to‘pladik. Shu bilan birga, davolash hamda profilaktika bo‘yicha moddiy texnik bazamiz kengaydi, imkoniyatlarimiz oshdi. Istardikki, ulardan yana foydalanishga hojat bo‘lmasin, xalqimiz sog‘-salomat bo‘lsin, tezroq bu balo chekinsin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top