23:46 / 17.11.2020
7165
Qonunchilik palatasi yo‘l harakati masalalarida aholi takliflari ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi

Ichki ishlar vazirligining «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi» bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risidagi axboroti Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmati rahbari Xojiakbar To‘laganovning Kun.uz'ga xabar berishicha, yig‘ilishda quyidagi vazifalarning yechimi yuzasidan qilingan ishlar samarasi va natijadorligi ko‘rib chiqiladi:

  • Yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi, tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, yo‘l harakati qoidalarini buzilishi profilaktikasi tizimini takomillashtirish;
  • yo‘llarni saqlash va ularni yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari va boshqa texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga rioya etilishini ta'minlash;
  • yoshlarning yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq bilimlarini oshirish, ularda xavfsiz va qonunga itoat qilish xulq-atvori ko‘nikmalarini shakllantirish;
  • fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartib-taomillarini nazarda tutuvchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash;
  • ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarining xodimlari xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ular orasida korrupsiya va vakolatni suiiste'mol qilish xolatlarini oldini olish va boshqalar.

«Qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishi yakuni bo‘yicha yo‘l-harakati xavfsizligi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy xujjatlar loyihalarini ham ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Shu bois, fuqarolarimizdan ushbu masalalar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bevosita Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasiga yoki mudofaa@parliament.gov.uz elektron pochta manziliga yo‘llashlarini so‘rab qolamiz», – deyiladi xabarda.

Top