10:46 / 18.11.2020
4448

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida xarajatlar 898,4 mlrd so‘mga oshirilgan holda ko‘rsatilgan – Hisob palatasi

Hisob palatasi tomonidan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va 2021 yil uchun Budjetnoma bo‘yicha xulosasi tayyorlandi.

Qonun loyihasining 1-ilovasi bilan 2021 yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2022-2023 yillarga budjet mo‘ljallari ma'lumot uchun qabul qilinishi belgilangan. 

Unga ko‘ra, davlat budjeti xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 165 578 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Qonun loyihasining 5-ilovasiga asosan 2021 yil uchun respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori 135 629,4 mlrd so‘mni tashkil etadi (shundan, 10 411,8 mlrd so‘mi respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi transfertlar).

Qonun loyihasining 6-ilovasiga asosan 2021 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining xarajatlari prognozlari 40 057,8 mlrd so‘mni tashkil etadi (shundan, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar 595,8 mlrd so‘mni tashkil etadi).

Tahlil natijasida, respublika budjeti va mahalliy budjetlarning jami xarajatlari prognozi 164 679,8 mlrd so‘mni tashkil etgani holda, qonunning 1-ilovasidagi davlat budjeti xarajatlari asossiz ravishda 898,4 mlrd so‘mga oshirilgan holda ko‘rsatilganligi aniqlandi, deyiladi Hisob palatasi xulosasida.

Mavzuga oid
Top