17:15 / 18.11.2020
15736
Jahongir Ortiqxo‘jayevning volontyorlar haqidagi gaplari to‘liq videosi taqdim etildi

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning yoshlar bilan uchrashuvda volontyorlar haqida bildirgan fikrlari to‘liq videosini taqdim etdi.

Uchrashuvdan dastlabki reportaj 17 noyabr kuni hokimlikning rasmiy Telegram-kanalida e'lon qilingan edi. Unda poytaxt rahbari yoshlardan birining volontyorlar uyushmasini tuzish haqidagi taklifiga javoban, volontyorlar faoliyatiga nisbatan shubha bilan qarashini aytgani ko‘rinadi.

Ortiqxo‘jayevning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, 18 noyabrda uchrashuvning shu savol-javob qismi to‘liq aks etgan video e'lon qilindi.

To‘liq videodan ma'lum bo‘lishicha, shahar hokimi hokimiyatning tadbirlariga volontyorlar yetishmayotgani, lekin tovar yoki pul bilan bog‘liq ishlarga kelganda «volontyorlar haddan ortiq ko‘payib ketayotgani»ni aytadi.

U volontyorlar beg‘araz yordam berishni maqsad qilganmi yoki daromad olishni, degan savol uyg‘onishiga sabab bo‘lgan misolni keltiradi: «Misol uchun, bizning kovid-sentrimizda volontyorlar ishladi. Volontyormiz deb kelishdi, lekin 8 milliondan oylik oldi. Tushuntira oldimmi?»

Jahongir Ortiqxo‘jayev kovid-markazida ishlagan volontyorlarga e'tirozi yo‘qligini ta'kidlab, shu bilan birga «volontyor bo‘lsa, nimaga haq so‘rayapti» degan savolni ham o‘rtaga tashlaydi.

Bu masalani «ko‘rib chiqish, buni chuqur o‘ylab ko‘rish» haqida gapirganda esa, u volontyorlar faoliyatini emas, Volontyorlar uyushmasini tashkil etish bo‘yicha bildirilgan taklifni nazarda tutgan.

Hokim agar noto‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsa uzr so‘rashini, volontyorlik deganda o‘zi nima tushunilishini unchalik ham yaxshi bilmasligini ta'kidlab o‘tgan. Ko‘rinadiki, shahar hokimligi axborot xizmatining dastlabki videosi rahbarning so‘zlari birmuncha noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib kelgan.

Hokimlik axborot xizmati vakili holat yuzasidan Kun.uz`ga izoh berdi.

«Dastlab videoning kichik variantini bo‘lib o‘tgan tadbirning qisqacha lavhasi sifatida kanalimizga joyladik. U boshqacha talqin bilan tarqalib ketgani uchun ko‘pchilik Jahongir Obidovichning so‘zlarini noto‘g‘ri tushundi.

Hokim volontyorlik harakatini qoralamagan, unga biror qarshilik bildirmagan. Faqat volontyorlik niqobi ostida harakatlanuvchilardan ehtiyot bo‘lish shartligini nazarda tutgan.

Keksalarga yordam berish bo‘yicha fikrlari ham o‘rinli, sababi shahrimizda ko‘plab yotoq bemorlar bor va ularga chindan yordam beruvchi ko‘ngillilar guruhi kam. Toshkent shahar hokimiyati faoliyati shubhalardan xoli, haqiqiy volontyorlik faoliyatini hamisha qo‘llab-quvvatlagan, quvvatlaydi ham», – deyiladi izohda.

Top