08:14 / 18.11.2020
2767
Pfizer vaksinasini tashish uchun maxsus konteyner ishlab chiqildi

Pfizer va BioNTech kompaniyalari vaksinasini tashish uchun GPS datchik va termometrga ega maxsus konteyner ishlab chiqildi. Bunday konteyner 5 mingta doza vaksinaga mo‘ljallangan va qo‘shimcha muzlatkichlarni talab etmaydi.

Avvalroq ushbu vaksinani 75 daraja sovuq haroratda saqlash va tashish kerakligi ma'lum qilingandi. 

“Bu konteynerlar GPS datchigi va termometrlar bilan jihozlangan. Biz istalgan vaqtda konteyner qayerda ekani va uning ichida harorat qandayligini bila olamiz. Agar nimadir noto‘g‘ri ketsa, ushbu vaksina partiyasi qo‘llanmaydi”, deb ma'lum qilgan Pfizer ijrochi direktori Albert Burla.

Ta'kidlanishicha, Pfizer vaksinani AQSh hududi bo‘ylab buyurtmachiga bir kun ichida yetkazib berishni kafolatlaydi. Kompaniya joriy yil oxirigacha 50 mln doza vaksina ishlab chiqarishni rejalashtirgan va bu miqdordan yarmi AQShdan boshqa davlatlarga mo‘ljallangan.

“Biz vaksinani mashinalar, samolyotlar, kemalar, har qanday transport vositasida yetkazib bera olamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Burla.

Avvalroq AQShning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi ishlab chiqqan vaksina sinovlar vaqtida 90 foizdan ko‘proq samaradorlikni ko‘rsatgani ma'lum qilingandi. 

Top