16:46 / 18.11.2020
18584
Rasul Kusherbayev: «O‘zavtoMotors» AJ keyingi yil ham soliq kodeksi bo‘yicha belgilangan yig‘imni to‘lamasligi mumkin»

Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «O‘zavtoMotors» AJning Soliq kodeksiga binoan to‘lashi kerak bo‘lgan 582.6 mlrd. so‘m mablag‘ni to‘lamay kelayotgani yuzasidan fikrini bildirdi.

Ma'lumot uchun, avvalroq «O‘zavtoMotors» AJ tomonidan Soliq kodeksiga binoan to‘lanishi kerak bo‘lgan yig‘im puli (582.6 mlrd. so‘m) 2020 yil davomida to‘lanmasdan kelinayotgani ma'lum qilindi.

Deputat bu boradagi fikrlarini telegram kanali orqali quyidagicha ifodalagan:

«Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan jami 10008 ta maktabdan 1752 tasi mukammal ta'mirga muhtoj, 1228 ta maktablarda o‘quvchilarning qatnov darajasi 1.8 koeffitsiyentdan yuqori.

Mamlakat kelajagi, Vatan ravnaqi uchun birinchi navbatda shunday muammolarni budjet hisobidan hal etish masalasi turganda bizning erkatoy, yarim ishlab chiqaruvchi va yarim savdogar monopolchimiz «O‘zavtoMotors» AJ «imtiyozli ravishda» 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida 582.6 mlrd. so‘m miqdoridagi yig‘imni davlat budjetiga to‘lamagan».

Rasul Kusherbayev postini «O‘zavtoMotors» AJ keyingi yil ham 3 foizlik shunday yig‘imni to‘lamaslik imtiyozini saqlab qolishi mumkinligini ta'kidlagan holda, «biz bunday imtiyoz berilishiga qarshimiz», – deya yakunlaydi.

Top