11:49 / 19.11.2020
4802
Jahongir Ortiqxo‘jayev: Toshkentda tibbiyot turizmini rivojlantirishga imkoniyat bor

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etib, shaharning kelajagi haqida mulohazasini bildirgan.

Toshkent shahrida 6 noyabrdan boshlab bir oy davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar festivali doirasida hokim va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda Toshkent shahar hokimi yoshlarning savollariga javob berib, shaharning kelajagi haqida mulohazasini bildirgan.

«Toshkentda tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun imkoniyat bor. Bu yerda zavod, fabrika qurib boyib bo‘lmaydi. Toshkentda zavod va fabrikalar qurganimiz bilan ularda ishlaydigan ishchi yo‘q», — degan u.

Festival boshlanishidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida hokim, mazkur tadbir yoshlar uchun madaniy hordiq chiqarish bilan birga, ularni hokimiyat bilan bog‘lovchi muhim tadbirlardan biri bo‘lishiga umid bildirgandi.

«Prezidentimiz pandemiya davrida yashashga, ishlashga o‘rganishimiz kerak, deb ko‘p marta aytadilar. Covid qachon ketadi, qachon bu kasallikdan qutulamiz, bu yolg‘iz xudoga ayon. Bu yil yozi bilan yoshlarimiz uyda o‘tirdilar. Hech qanday tadbirlar tashkil qilinmadi. Karantin ko‘pchilik yoshlarimizga salbiy ta'sir qildi», — deya qayd etgan u.

Ma'lum qilinishicha, festival texnologiyalar, ta'lim, sport va madaniyat kabi to‘rt yo‘nalishda o‘tkaziladi. Tadbirlarda 500 ming nafarga yaqin yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan.

Oylik doirasida mahorat darslari, badiiy ko‘rgazmalar, ta'lim va sport tadbirlari, konsertlar, poytaxt bo‘ylab sayohat, turli tanlov hamda fleshmoblar bo‘lib o‘tmoqda.

Top