20:40 / 19.11.2020
7506

Surxondaryoda bu yil qancha yo‘l ta'mirlandi?

Mazkur viloyatda jami avtomobil yo‘llari uzunligi 16 170 kilometrdan ziyod. Shundan, 2843 kilometri (17,6 foiz) umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufida. Qolgan qismi (13327 km.dan ziyod) mahalliy hokimliklar balansida bo‘lgan mintaqaviy (xo‘jaliklararo qishloq, shahar ko‘chalari va aholi punktlari) yo‘llardir.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi 2843 km uzunlikdagi umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llaridan 351 kilometri xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari, 990 kilometri davlat ahamiyatdagi, 1502 kilometri esa mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llaridir.

2020 yilda barcha manbalar hisobidan 538,3 km uzunlikdagi yo‘llarda 375,3 milliard so‘mlik yo‘l ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yilning yanvar-oktyabr oylarida viloyatdagi yo‘l korxonalari va pudratchi korxonalar tomonidan jami 458,3 km uzunlikdagi yo‘llarda 243,7 milliard so‘mlik yo‘l ishlari bajarilgan. Ayni vaqtda yo‘l qurilish ishlari davom etmoqda.

Umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha joriy yil yakuniga qadar 283,7 km yo‘lda qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu maqsadlar uchun 298,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘tgan o‘n oy mobaynida 258,2 kilometr yo‘lda 187,5 milliard so‘mlik yo‘l ishlari bajarilgan.

Investitsiya dasturiga asosan yanvar-oktyabr oylarida 54,9 milliard so‘mlik yo‘l ishlari amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar esa 16 ta obektda 109 milliard so‘mlik yo‘l ishlari bajarish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida 23,4 kilometr yo‘l ravon ko‘chaga aylanadi.

To‘la ta'mirlash ishlari dasturiga asosan 2020 yilda 10ta obektda 8,3 kilometr yo‘lda 25,7 milliard so‘mlik yo‘l ishlari amalga oshirilgan.

Joriy ta'mirlash va saqlash ishlari dasturiga asosan 14 ta tuman va Termiz shahri hududidagi 2843 kilometr yo‘lda joriy ta'mirlash va saqlash ishlari bajarildi. Buning uchun 85,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘n oyda 95 kilometr yo‘lda ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Viloyatda bugunga qadar 219,6 kilometr ichki yo‘llarda ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar balansida bo‘lgan 108ta obektda 103,8 km ichki avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va joriy ta'mirlash ishlari uchun 35,0 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shunday qilib, Surxondaryo viloyatida yilning o‘n oyi davomida 24,1 km uzunlikdagi qayta qurish obektlari avtomobil yo‘llarida yo‘l ishlari yakunlanib foydalanishga topshirilmoqda, 7,2 km yo‘l uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida esa to‘la ta'mirlash ishlari yakunlandi. Bu 2019 yildagiga nisbatan 7,8 km.ga ko‘pdir. 2021 yilda esa viloyat bo‘yicha 45,6 km uzunlikdagi qayta qurish va to‘la ta'mirlash obektlarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Surxondaryo avtomobil yo‘llaridan foydalanish bosh boshqarmasi axborot xizmati

Top