12:27 / 20.11.2020
3275

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha parlament komissiyasi tuzildi

Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etildi. 

O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida Oliy Majlis palatalariga inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilgandi.   

Mazkur tavsiyaga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashi 2020 yil 25 sentyabrda qo‘shma qaror qabul qildi. Qo‘shma qarorga asosan, inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi tuzildi va uning tarkibi hamda reglamenti tasdiqlandi.

Parlament komissiyasining asosiy maqsadi - inson huquqlari sohasida mamlakatning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga hamda inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat. 

Bu jarayonda, xususan:

  • inson huquqlari hamda manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirishda ishtirok etish; 
  • inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy qilish;
  • inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish;
  • inson huquqlari sohasida milliy harakat rejalarini sifatli bajarish, bunda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish alohida ahamiyat kasb etadi.

Komissiya o‘z faoliyati to‘g‘risida har yili Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida axborot berib boradi.

Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov parlament komissiyasi raisi, Senat raisining o‘rinbosari Zayniddin Nizomxo‘jayev parlament komissiyasi raisining o‘rinbosari etib belgilandi, deyiladi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz matbuot xizmati xabarida. 

Top