08:14 / 20.11.2020
1430
Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi 

2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘istonni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Norma’ning yozishicha, mintaqaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sishini ta'minlash uchun, jumladan yangi imtiyoz va preferensiyalar joriy etilmoqda.
 
Birinchidan, Qoraqalpog‘istonning 17ta shahar va tumanlarida ularning o‘sish nuqtalari (“drayver” sohalari) bo‘lgan iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Masalan, Nukusda – bu qurilish materiallari sanoati va oziq-ovqat sanoati, Nukus tumanida – issiqxonalar tashkil qilish, meva-sabzavotchilik, baliqchilik va h.k. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlari 2024 yil 1 yanvarga qadar yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, qat'iy miqdordagi JShDSni to‘lashdan ozod qilinadi.
 
Ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida tashkil etilishi ko‘zlanayotgan sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub'yektlari 2024 yil 1 yanvarga qadar:

  • yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, qat'iy miqdordagi JShDSni to‘lashdan ozod qilinadi;
  • foyda solig‘i va suv solig‘i to‘lovini amaldagi belgilangan soliq stavkalarining 50 foizi miqdorida amalga oshiradi;
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va faqat o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan asbob-uskuna, butlovchi va ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Uchinchidan, sharoiti og‘ir 45ta mahalla va ovulda yangidan tashkil etiladigan xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub'yektlariga 2026 yil 1 yanvarga qadar:

  • foyda solig‘i, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat'iy miqdordagi daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilish imtiyozi qo‘llaniladi;
  • biznes-loyihalarni amalga oshirish maqsadida milliy valutada olinadigan bank kreditlari foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun MB asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya beriladi.

Soliq kodeksiga va boshqa qonunlarga tuzatishlar kiritiladi – yuqorida sanab o‘tilgan soliq imtiyozlari mustahkamlanadi, shuningdek quyidagilar uchun imtiyozlar nazarda tutiladi:

  • aholiga o‘z xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna, material va tovarlar yetkazib beruvchi baliqchilik klasterlari va boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga;
  • suv chiqarish uchun quduq burg‘ilash va ishga tushirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga, shu jumladan, ular tomonidan olib kiriladigan burg‘ilash uskunalari va maxsus transport vositalariga;
  • Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, eng dolzarb iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlarida tadbirkorlik sub'yektlariga.

To‘rtinchidan, tadbirkorlik sub'yektlariga Qoraqalpog‘istonning shahar va tumanlarida bo‘sh turgan davlatga tegishli bino-inshootlar va yirik bo‘lmagan davlat aktivlarini tadbirkorlik sub'yektlariga soddalashtirilgan tartibda berish tartibi joriy qilinadi. Jo‘qorg‘i Kenges va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi raisi bilan kelishgan holda quyidagilarga haqli:

  • davlat korxonalari va xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushlarini hamda davlatga tegishli ko‘chmas mulk obektlarini, shu jumladan, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan qishloq xo‘jaligi maqsadlariga mo‘ljallanmagan yer maydonlarini sotishga. Istisno - Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq alohida tartib asosida sotiladigan davlat aktivlari;
  • bo‘sh turgan bino-inshootlar va samarasiz foydalanilayotgan ortiqcha yer maydonlarini balansda saqlovchi vazirlik va idoralarning roziligidan qat'i nazar zaxiraga qaytarib olish va sotish yuzasidan qaror qabul qilishga;
  • davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarini qayta tashkil etish, tugatish, ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqa xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitaliga o‘tkazishga.

Vazirlar Kengashi bo‘sh turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan, umumiy egallagan maydoni 3 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlatga tegishli bino-inshootlarni ommaviy savdolar orqali sotish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
 
Qoraqalpog‘iston bo‘yicha davlat aktivlarini sotishda:

  • davlat aktivining qiymati BHMning 50 000 baravaridan yuqori bo‘lgan taqdirda, tuziladigan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlarni 5 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi joriy etiladi;
  • oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida sotib olish to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan taqdirda, sotib olish to‘lovlari summasining 20 foiziga teng miqdorda chegirma beriladi.

Bundan tashqari, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari tadbirkorlik sub'yektlariga Qoraqalpog‘istonda biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun 2022 yil 1 yanvarga qadar olinadigan bank kreditlari bo‘yicha garov ta'minoti sifatida kafolatlar beradi. Shartlar:

  • biznes-loyihalar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida, sharoiti og‘ir 45ta mahalla va ovul hududlarida, shuningdek, “o‘sish nuqtasi” deb belgilangan iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli tumanlarda amalga oshiriladi;
  • kafolatlar bank krediti summasining 50 foizigacha qismiga, biroq 5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda beriladi;
  • kafolatlar soliqlar hamda oldingi tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlariga berilmaydi.

Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko‘ngilochar zona va hujjatda belgilangan hududda “Qoraqalpoq-agro” EIZ tashkil etiladi. Bu bilan bog‘liq tashkiliy masalalar keyinroq boshqa hujjatlar bilan tartibga solinadi.
 
Hujjat 12.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top