14:29 / 20.11.2020
11532

Senatorlar maxsus iqtisodiy zonalar taqdiridan xavotirini bildirishdi

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Alimov maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatida salbiy o‘zgarishlar mavjudligini ma'lum qildi. Senat qo‘mita yig‘ilishida ushbu masala muhokama etilgach, hukumatga parlament yuborilishi haqida qaror qabul qilindi.

Maxsus iqtisodiy zona davlatning boshqa hududiga nisbatan alohida maqomga ega rivojlanish makoni hisoblanadi. Uning hududida ish boshlagan investorga soliq va boj imtiyozlari taqdim etiladi. Bunday hududlarni tashkil etishdan maqsad davlatning ayrim hududlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish yoki alohida sohaga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishdan iborat. O‘zbekistonda ham maxsus iqtisodiy zonalar shu zaylda ko‘paya boshladi.

Ravshan Alimov

«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yildagi ilk farmonlaridan biri maxsus iqtisodiy zonalar tahlili, ularning ish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgandi», — deydi Senat qo‘mitasi raisi Ravshan Alimov.

2020 yil 1 yanvarda kuchga kirgan amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari bo‘lmish investorlarga taqdim etilgan ko‘plab imtiyozlar bekor qilindi. Bunga hukumatning zonalarni istiqbolsiz loyiha sifatida ko‘rishi sabab bo‘ldi. Imtiyozlar bo‘lmas ekan, zonalarning jozibadorligi ham yo‘qola boshladi.

«Bir yoqadan bosh chiqarib, tezkor choralar ko‘rilmasa, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatining samaradorligi savol ostida qolyapti. Bugungi kunda bunday zonalar nima sababdan davlat rahbari belgilagan jozibadorlikka erisha olmayapti? Shu savolga javob topib, tegishli choralar ko‘rmasak, menimcha, bunday zonalar haqida so‘z yuritish qiyin bo‘lib qoladi», — deya qayd etdi Alimov.

16 noyabr kuni o‘tkazilgan Senatning tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida bu masala muhokamaga qo‘yildi. Senatorlar masalani o‘rganib, sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim bandlarida qarama-qarshilik va nomuvofiqliklar borligi, ular davlat organlari tomonidan turlicha talqin etilayotgani kuzatilyapti, degan xulosaga kelishgan.

«Har bir maxsus iqtisodiy zonalarda rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasi mavjud emas. Bundan tashqari, zonalarda boshqaruv tizimi yetarlicha samara bermaydi va investitsion loyihalarni tanlab olishga mas'ul organ, ya'ni ma'muriy kengash tomonidan investitsiya talablarini ko‘rib chiqish muddatlari cho‘zilib ketyapti. Natijada maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining ma'muriy imkoniyatlari cheklanmoqda», — deya fikr bildirdi senator Anvar To‘ychiyev.

Anvar To‘ychiyev

Uning aytishicha, maxsus iqtisodiy zonalar hududlarida tegishli muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi, ya'ni elektr va gaz, suv hamda shunga o‘xshash ijtimoiy infratuzilma obektlarining sifati talab darajasida emas.

Shu tufayli senatorlar hukumatga parlament so‘rovini yuborib, vaziyat yuzasidan asoslangan va to‘laqonli axborot berilishini talab qilmoqda.

Senator Anvar To‘ychiyev ma'lum qilishicha, parlament so‘rovida 6ta masala ko‘tarilishi belgilangan.

«Birinchidan, qonun hujjatlarini takomillashtirish masalasi, huquqni qo‘llash jarayonida nomuvofiqliklarni bartaraf etish kerak. Ikkinchidan, investitsiya muhitini yaxshilash va zonalarning raqobatbardoshligini amalda ta'minlash bo‘yicha aniq chora-tadbir ko‘rilishi lozim. Uchinchidan, zonalarda zamonaviy muhandislik kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani shakllantirish kerak. To‘rtinchidan, zonalar direksiyasi, ma'muriy kengash va mahalliy boshqaruv organlar faoliyatida samaradorlikni baholash zarur. Beshinchidan, maxsus iqtisodiy zonalar, xususan kichik sanoat zonalarda yagona portal, ya'ni ularning turli saytlarini takomillashtirish masalasi turibdi. Oltinchidan, zonalar boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish, investorlar uchun ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish lozim», — dedi senator Anvar To‘ychiyev.

Aslida maxsus iqtisodiy zonalar rivoji uchun mahalliy hokimlik, soliq va bojxona organlarining bevosita va amaliy yordami investorlarga kifoya qiladi.

«Afsuski, bizda bunday emas. Maxsus iqtisodiy zonalar aynan shu organlar tomonidan qattiq nazoratga olingan. Ishlab chiqargan mahsulotining 80 foizini eksport qiluvchi tadbirkorning so‘zlarini keltirib o‘tsam: «Biz erkin iqtisodiy zonaga chiqsak, avvalambor, Vazirlar Mahkamasiga prognoz topshirarkanmiz, u hujjat kerak, bu hujjat zarur. Biz zonaga chiqmay, o‘z hududimizda ishlasak yaxshi» degan fikrni aytdi», — dedi «O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi» raisi Muxtor Umarov.

Muxtor Umarov

Uning aytishicha, O‘zbekistonda ishchi kuchi yetarli ekani, investitsiya va yangi loyihalarni bajarishga har doim talab yuqori bo‘lishini inobatga olib, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga alohida e'tibor qaratilishi zarur.

«Buning uchun biz o‘zimizga xos va mos yo‘lni emas, balki jahon tajribasidan foydalangan holda natijadorlikka e'tibor qaratish lozim. Zonalardan uchta yo‘nalishda maksimal foydalanishimiz kerak: investorlarni jalb etish, yangi ish o‘rinlarini paydo qilish va eksportni rivojlantirish», — deya mulohazasini bildirdi u.

Haqiqatan, o‘zimizga xos va mos yo‘lni o‘ylab topavermay, jahondagi tajribani qo‘llashlik yetarli bo‘ladi. Parlament so‘rovi yuborilishi va uning natijasi haqida Kun.uz’ning kelgusi reportajlarida xabar beriladi.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Top