17:50 / 20.11.2020
9722
Shoshilinch tibbiy yordam qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga tashrif buyurdi. 

Bu yerda kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo‘limlari uchun 75 o‘rinli yangi bino qurilmoqda. Buning natijasida mazkur murakkab yo‘nalishlarda zamonaviy sharoit yaratiladi, ham jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish qamrovi oshadi.

Ushbu bo‘limlarda yiliga qo‘shimcha 3 ming bemorga yuqori texnologik shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga imkoniyat bo‘ladi. Bu yerda ishlaydigan shifokorlar Avstriya, Turkiya va Yaponiyadagi yetakchi tibbiy ilmiy markazlarda malaka oshirib qaytdi.

Bundan tashqari, intervension muolajalar bo‘limida har yili qo‘shimcha mingdan ziyod o‘tkir koronar sindrom, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash muolajalari o‘tkaziladi.

Shuningdek, binoda reanimatsiya bo‘limi, intensiv davolash o‘rinlari, amaliyot bo‘limlari, yuqori texnologik uskunalarga ega tashxislash bo‘limi bo‘ladi. Yangi imorat 2021 yilda foydalanishga topshiriladi.

Prezident bo‘limlar qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu shifoxona ilmiy markaz ekaniga alohida urg‘u berib, malakali xizmat qamrovini kengaytirish zarurligini ta'kidladi. Buning uchun uni birlamchi bo‘g‘in bilan bog‘lash, chet eldan olimlarni jalb etib, joylardagi shifokorlar bilan tajriba almashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Top