07:43 / 20.11.2020
3735

To‘rtta viloyatda pirotexnika vositalari kontrabandasi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Yangi yil arafasida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasi ko‘payayotgani qayd etilmoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan holatlar haqida Kun.uz'ga axborot berdi.

Jizzax shahrida fuqaro A.U. to‘xtatilib, qo‘lidagi xo‘jalik sumkasi ko‘zdan kechirilganda, uning ichida qiymati 10 million 250 ming so‘mlik 18 005 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.

Tezkor tadbir viloyat bojxona va milliy gvardiya boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on shahrida fuqaro M.Sh.ning yashash uyidan 57 600 dona pirotexnika vositalari topilgan.

Xonadonda qo‘shni mamlakatdan noqonuniy olib kirilgan, sifati kafolatlanmagan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 200 million so‘mlik kiyim-kechak va parfyumeriya vositalari, maishiy texnika hamda tibbiyot buyumlari borligi ham aniqlangan.

Tezkor tadbir Namangan viloyati bojxonachilari tomonidan boshqa huquq idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida bojxona xodimlari fuqaro K.S.ni to‘xtatib, 2 dona qo‘l sumkalarini ko‘zdan kechirgan.

Natijada sumkalarda umumiy qiymati 20,4 million so‘mlik 2400 quti – jami 144 000 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.

Samarqand shahrida bojxonachilar va DXX xodimlari «KIA Carnival» rusumli avtomashinaning yukxonasini ko‘zdan kechirgan.

Yukxonadan fuqaro U.A.ga tegishli bo‘lgan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 111 million so‘mlik 56 172 dona pirotexnika vositalari topilgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top