12:24 / 20.11.2020
18785
Toshkent viloyati va poytaxt o‘rtasida 1,1 gektar yer “talash” bo‘lyapti. Sud soxta hujjatga asosan qaror chiqargan

Kadastr agentligi nomidan jo‘natilgan soxta xatga asosan, Toshkent shahar Ma'muriy sudi apellyatsiya hay'ati raisi G‘olib Davlatov (u UzAuto Motors narxlari bo‘yicha sud ishiga raislik qilgani bilan jamoatchilikka tanish) bahsli qaror qabul qildi. Toshkent halqa aylanma yo‘li bo‘yidagi 1 gektardan ortiq yer poytaxt hududiga kiradimi yoki Toshkent viloyatiga? Rasmiy hujjatlardagi kolliziya bois tadbirkorlar muammoga uchramoqda.

Foto: Google map

Sergeli tumanidagi «DRIVER’S VILLAGE» avtosaloni yaqinida, Toshkent halqa aylanma yo‘li bo‘yida joylashgan 1,1 gektar yer maydoni «MT» MChJga (firma nomlari shartli ravishda qisqartirilgan) tegishli deb hisoblab kelingan. Ammo bu yerning bir qismiga boshqa bir tashkilot – «FFT» MChJ ham da'vo qilib, o‘zi foydalanishi uchun qoziq qoqtiradi.

«MT» MChJ vakillari ushbu 1,1 gektar yer maydoni ularga Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qarori bilan doimiy foydalanish huquqini bergan holda ajratib berilganini, mazkur qarorga asosan «Uzgashkliti» DUKning 2019 yil 24 apreldagi dalolatnomasiga asosan yer maydonining chegara nuqtalari belgilanib, qoziqlar qoqilganini, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri Sergeli tumani filiali tomonidan kadastr hujjatlari tayyorlanganini bildirishiga qaramay, yer maydoni bo‘yicha nizo davom etadi.

Zangiota tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastrining 2020 yil 17 avgustdagi 02/1015-sonli xatiga ko‘ra, aslida bu ikki tashkilot yer bo‘yicha nizolasha olmasdi. Ya'ni ushbu xatda «FFT» MChJ foydalanishidagi 0,50 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hokimining 2019 yil 15 apreldagi 287-sonli qarori asosida O‘zgarish massiviga kiruvchi 274-konturdan ajratilgani, «MT» MChJ egaligidagi 1,1 gektar yer maydoni esa Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qaroriga asosan ajratilgani hamda ushbu yer maydoni 276-277-konturlarda joylashgani ma'lum qilingan.

Bundan tushunish mumkinki, o‘sha vaqtda ushbu ikki korxonaga ajratilgan yer maydonining biri Toshkent shahrida, ikkinchisi esa Toshkent viloyatida joylashgan bo‘lgan.

Nizolashuvda davom etgan «FFT» MChJ sudga Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqida ariza kiritadi.

Chilonzor tuman ma'muriy sudi 2020 yil 16 iyul kuni hal qiluv qarori chiqarib, poytaxt hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qarorini haqiqiy emas deb topadi.

Javobgar Toshkent shahar hokimligi va uchinchi shaxs «MT» MChJ ushbu hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya shikoyatini keltiradi.

Apellyatsiya sudiga ikki tashkilotning yerlari boshqa-boshqa joyda joylashgani va ularning sudda taraf bo‘la olmasligi to‘g‘risida Zangiota tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastrining 2020 yil 17 avgustdagi yuqorida tilga olingan xati taqdim etilgan bo‘lsa-da, sudlov hay'ati buni inobatga olmaydi.

Shuningdek, ishni ko‘rish jarayonida sudga bitta yer maydoni bo‘yicha ikki xil ma'lumot taqdim etiladi. Jumladan:

  • Kadastr agentligi Davlat kadastrlari geodeziya va kartografiya Milliy markazining 2020 yil 9 sentyabrdagi 1/3-1850-sonli ma'lumotida;
  • Toshkent viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining 2020 yil 21 sentyabrdagi 6331-sonli ma'lumotida;
  • Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining 2020 yil 21 avgustdagi 11/2181-sonli xatida;
  • «Uzgashkliti» DUKning 2020 yil 13 iyuldagi 84/226-20-sonli ma'lumotida;
  • Toshkent viloyati prokuraturasining 2020 yil 30 sentyabrdagi 21/201-20-sonli murojaatga javob xatida —

«MT» MChJga ajratilgan yer maydoni Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 21 fevraldagi «Toshkent shahrining chegaralari to‘g‘risida»gi 83-sonli qarori, Oliy Kengash Rayosatining 1994 yil 16 martdagi 1031-XII-sonli qarori hamda hukumatning 1996 yil 28 dekabrdagi 464-sonli qarori kabi hujjatlarga asosan, Toshkent shahri ma'muriy hududiga kirishi va 1994 yildan buyon Toshkent shahri hududiga taalluqli bo‘lib kelgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, sudga «MT» MChJga berilgan yer maydoni 2018 yilda, ya'ni Toshkent shahar hokimi tomonidan ajratib berilgan vaqtida, aslida, Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qarashli bo‘lgan, degan mazmundagi ma'lumot ham taqdim etilgan. Jumladan, «Geoinformkadastr» DUKning 2019 yil 19 iyuldagi 03/03-167-sonli ma'lumotnomasida shunday axborot bor.

Mazkur ish hujjatlaridagi tafovutlarga aniqlik kiritish maqsadida apellyatsiya tartibida ish ko‘rayotgan Toshkent shahar ma'muriy sudi Kadastr agentligiga 2020 yil 16 sentyabr kuni so‘rov xati yuborib, unda nizoli yer maydoni 2018 yil noyabr holatiga qaysi tumanning ma'muriy hududiga kirgani to‘g‘risida asoslantirilgan xulosa taqdim etish so‘raladi.

Ushbu so‘rovga Kadastr agentligining 2020 yil 6 oktyabrdagi javob xati sudga 9 oktyabr kuni kelib tushadi. Ushbu xatda nizoli masalani uzil-kesil hal qilish maqsadida keng qamrovli o‘rganish olib borish kerakligini inobatga olib, nizoni maxsus ishchi guruh tuzgan holda qayta o‘rganib chiqish uchun suddan 15 kun muhlat berish so‘raladi.

Ammo qisqa fursatda, ya'ni 13 oktyabr kuni sudga agentlik direktori o‘rinbosari nomidan 2 oktyabr sanasi (!) bilan imzolangan navbatdagi xat kelib tushadi. Unda sudning so‘roviga javoban o‘rganish olib borilgani, o‘rganish natijalariga ko‘ra, Senatning 2019 yil 3 maydagi SQ-418-III-sonli qaroriga asosan, aniqlik kiritilishi so‘ralgan nizoli yer maydoni Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qarori qabul qilingan paytda Toshkent viloyatining ma'muriy hududiga qarashli bo‘lgani ma'lum qilinadi.

Javobning mantiqiyligini qarang: yer maydonining 2018 yil noyabrda qaysi hududga tegishliligi haqidagi fikrni asoslash uchun kelajakda qabul qilingan (2019 yil 3 maydagi) qarorga tayanilmoqda.

Bunisini qo‘ya turing, ushbu javob xati sudga 15 kundan keyin emas, qisqa fursatda taqdim etilganidan tashqari, yana bir o‘ta shubhali jihat mavjud edi – o‘rganish olib borilgani haqidagi ushbu xat 2 oktyabr kuni imzolangan. Ya'ni o‘rganish olib borilishi kerakligi tufayli 15 kun muhlat so‘ralgan xat esa 6 oktyabr kuni imzolanib, sudga jo‘natilgan!

Kadastr agentligi nomidan kelgan, 2020 yil 2 oktyabrdagi 03-05-8349-sonli mazkur xatga asoslanib, 21 oktyabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining sudlov hay'ati raisi – yaqindagina Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi va «UzAuto Motors» AJ o‘rtasidagi ishni ko‘rib chiqqani bilan jamoatchilikka birmuncha tanish G‘olib Davlatov boshchiligidagi sudlov hay'ati apellyatsiya qarorini qabul qiladi.

Qarorga ko‘ra, nizoli hudud Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qarori qabul qilingan paytda Toshkent viloyatining ma'muriy hududiga qarashli bo‘lgan, deb hisoblanib, shahar hokimining mazkur qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi Chilonzor tumani ma'muriy sudining 2020 yil 16 iyuldagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qoldiriladi.

«MT» MChJ vakillari yuqoridagi xatdan shubhalanib, prokuraturaga murojaat qiladi. Sergeli tumani prokuraturasi 22 oktyabr kuni Kadastr agentligiga xat bilan chiqib, agentlikning 2 oktyabrdagi 03-05-8349-sonli va 6 oktyabrdagi 03-05-8385-sonli xatlari haqiqatda yuborilgan yoki yuborilmagani haqida ma'lumot berishni so‘raydi.

Shu tariqa xat soxta ekani ma'lum bo‘ladi.

Agentlik direktorining prokuraturaga 26 oktyabr kuni jo‘natgan javob xatida, agentlik tomonidan 6 oktyabrdagi 03-05-8385-sonli xat rostan ham yuborilgani, biroq 2 oktyabrdagi 03-05-8349-sonli xat yuborilmagani ma'lum qilinadi.

«MT» MChJ vakilining ta'kidlashicha, sudning xolis qaror chiqarishiga ta'sir qilishga uringani uchun Kadastr agentligi tizimida ishlovchi 3 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan. Bunga oydinlik kiritish uchun agentlik Kadrlar bo‘limi bilan bog‘langanimizda, ushbu xodimlar o‘z xohishlari bilan ishdan bo‘shaganliklari ma'lum qilindi.

Agentlikning boshqa bir xodimi ma'lum qilishicha, ayni damda nizoli yerning qaysi hududga tegishliligini aniqlash bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, qaysidir tashkilotning yonini olish maqsadidan yiroqmiz. Bizni qiziqtirayotgan jihat shundaki, qaysidir hududning har bir qarichigacha Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatiga tegishliligini «ko‘zni yumib» aniqlab bera oladigan mas'ul tashkilotlar nega 1,1 gektarday katta yerga kelganda ikki xil mazmundagi ma'lumotlar bermoqda? Yoki bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi paydo bo‘lib, bir hudud shahar yoki viloyat hududiga «o‘tkazib qo‘yilyapti»mi?

Umid qilamizki, yaqinda Davlat soliq qo‘mitasi tizimiga o‘tkazilib, qayta tashkil etilgan Kadastr agentligi ushbu masalaga jiddiy e'tibor qaratadi hamda mavhum bo‘lib qolayotgan masalani uzil-kesil hal qiladi.

Kun.uz holat bo‘yicha surishtiruvlarini davom ettiradi.

Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top