11:47 / 20.11.2020
16539
«Xalqqa elektr va gaz yo‘q» – Senat yalpi majlisida foydalanuvchilar qanday izohlar yozmoqda
Foto: KUN.UZ

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tmoqda. Majlis Youtube portalida ham onlayn tarzda berib borilmoqda.

Senatorlar tomonidan yalpi majlis kun tartibidagi masalalar ko‘rilayotgan vaqtida minglab foydalanuvchilar xalqimizni qiynab kelayotgan gaz va elektr energiyasi muammosiga e'tibor qilishni talab qilib izoh yozmoqda.

Masalan, foydalanuvchilardan biri senatorlarga «Blogerlar va xalqning tanqidlariga ham e'tibor berasizlarmi?» – deya savol berdi.

Yana bir foydalanuvchi esa, davlat kambag‘allikni qisqartira olmayotgani, balki oshib ketganini yozgan.

Shuningdek, yuzlab yurtdoshlarimiz «Elektr yo‘q, gaz yo‘q» – deya yuzlab izoh yozishgan va amaldorlarni shunga e'tibor qilishga chaqirmoqda. Yana bir foydalanuvchi shunday yozadi: ​Hurmatli senatorlar elektr masalasini ham ko‘rib chiqinglar. Urgut tumanida juda ko‘p elektr o‘chmoqda, nahot uchinchi renessans davrida aholiga elektr berilmasa?

Bundan tashqari, senat yalpi majlisida hukumat vakillariga berilayotgan savollar oldindan kelishib olingani ham taxmin qilinmoqda.

​Xalq tomonidan so‘ralayotgan muhim masalalar:

- Sovuqda qaqshatib, gaz va svet yo‘q;

- Gaz bizning qishloqda orzu;

- Uni-buni qo‘yinglar, gaz-svet yo‘q. Xalqqa foydangiz shumi?

- Va'dalarga ishonib gaz kelishini 25 yil kutdik;

- Andijon viloyati hokimi, senator Shuhrat Abdurahmonovning ketma-ket 3 ta haqoratga to‘la audiosi chiqdi. Senat nimadir chora ko‘radimi?

Bundan tashqari, yana yuzlab foydalanuvchilar O‘zbekistonda «UzAuto Motors» monopoliyasini tugatishga chaqirib izoh yozgan.

Top