00:46 / 21.11.2020
5350
Jorjiya shtatida Baydenning g‘alaba qozongani rasman tasdiqlandi
Foto: AP

AQShning Jorjiya shtati ma'muriyati ushbu shtatda prezident saylovlarida berilgan ovozlar qo‘lda qayta hisoblab chiqilgandan keyin shtatda Jo Bayden g‘alaba qozonganini tasdiqladi. Bu haqda shtat vitse-gubernatori Bred Raffenspergerga tayanib CNN telekanali ma'lum qildi. 

“Raqamlar aldamaydi. Hisoblashimcha, biz bugun taqdim qilgan ma'lumotlar to‘g‘ri”, deb aytgan Raffensperger.

Shtat ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, Bayden shtatda 2 mln 475 ming 141ta yoki 49,5 foiz ovoz, amaldagi prezident Donald Tramp esa 2 mln 462 ming 857ta yoki 49,3 foiz ovoz to‘plagan. Ikki nomzod uchun berilgan ovozlar orasidagi farq 12 mingdan sal ko‘proqni tashkil qilgan.    

Agar Tramp shtabi bu natijalar bo‘yicha e'tiroz bildira olmasa, unda bu shtatda demokratlar nomzodi 1992 yildan beri birinchi marta respublikachi nomzodni ortda qoldiradi.

30 noyabrda o‘tgan prezident saylovlaridan keyingi ilk kunlarda Jorjiyada Tramp yetakchilik qilayotgandi. Biroq byulletenlar qayta ishlanishi davomida Bayden 6 noyabrga kelib oldinga chiqib olgan. Shtat saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Bayden Trampni 0,3 foizga ortda qoldirgan va shu sababli ovozlar qayta hisoblab chiqilgan.   

Trampning ta'kidlashicha, Jorjiya ovoz berish vaqtida ko‘plab qoidabuzarliklar yuz bergan shtatlardan biri hisoblanadi. Tramp advokatlarining ta'kidlashicha, ushbu qoidabuzarliklar Baydenga ovozlar hisoblanishining eng oxirida Trampni ortda qoldirishga imkon berdi.

CNN’da ta'kidlanishicha, Jorjiya gubernatori Brayan Kemp 21 noyabr soat 17da tegishli hujjatlar ostiga imzo qo‘yadi va bu Baydenga saylovchilar vakillarining yana 16ta ovozini beradi. Shu bilan birga, Tramp shtabi nomzodlar orasidagi farq 0,5 foizdan kamroqni tashkil qilayotgani sababli ovozlarning yana bir marta qayta hisoblab chiqilishini talab qilishi mumkin. Bunday holatda byulletenlar qo‘lda emas, balki skanerlar yordamida qayta ishlanadi. 

Top