21:51 / 21.11.2020
4688
O‘zbekiston fond birjasining kapitallashuvi 5 milliard dollardan oshdi

2020 yilning 1 noyabr holatiga fond birjasining umumiy bozor kapitallashuvi 52,55 trillion so‘m yoki 5 milliard AQSh dollaridan ortiqni tashkil etdi, deb xabar bermoqda Kapital bozorni rivojlantirish agentligi rasmiy vakili.

Foto: Getty Images

Ta'kidlanishicha, shu yilning 10 oyi davomida «Toshkent» Respublika fond birjasidagi savdo yakunlariga ko‘ra, 96ta kompaniyaning qimmatli qog‘ozlari bilan 421,1 milliard so‘mlik 30 ming 489ta bitim qayd etildi. 2019 yilning shu davrida 376,3 milliard so‘mlik 25 ming 305ta bitim amalga oshirilgan bo‘lib, bitimlar soniga ko‘ra, 20,5 foizga, pul hajmiga ko‘ra esa 12 foizga o‘sish kuzatilmoqda.

«Joriy yil 10 oyi davomida 41 ta aksiyadorlik jamiyatning qimmatli qog‘ozlari fond birjasi kotirovka varag‘iga kiritilgan bo‘lsa, 2019 yilning shu davrida atigi 23ta emitent kiritilgan edi. 2020 yilning oktabr oyi oxiri holatiga ko‘ra, 133ta aksiyadorlik jamiyatning qimmatli qog‘ozlari birja savdo maydonchasida harakatlanmoqda, bu avvalgi yildan 25 foizga ko‘p demakdir», — deyiladi agentlik xabarida.

Avvalroq, jurnalistlar uchun tashkil etilgan anjumanda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Egamberdiyev yirik bitim tuzilishida minoritar aksiyadorlarning huquqlarini ta'minlash maqsadida joriy etilgan yangi tartib haqida ma'lumot bergandi.

Top