11:14 / 22.11.2020
9932
AQShda mahbus 26 yillik qamoq jazosidan keyin qatl etildi. Yevropa ittifoqi AQShda o‘lim jazolari to‘xtalishini talab qildi 

AQShning Indiana shtatida 1994 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan Orlando Xoll qatl etildi. Ta'kidlanishicha, Oq uyni tark etishi mumkin bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Tramp shu tariqa 100 yildan ko‘proq davom etgan an'anani buzdi.    

Foto: Getty Images

Gap shundaki, Oq uyni tark etuvchi prezidentlar 130 yildan ko‘proq vaqt ichida federal sudyalar tomonidan mahbuslarga nisbatan chiqarilgan shubhali hukmlarni ijro etishmay, uni o‘zlaridan keyingi prezident hukmiga qoldirib kelishgan.  

Orlando Xoll 1995 yilda 16 yoshli qizni o‘g‘irlash, zo‘rlash va o‘ldirishda ishtirok etishda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan. Unga nisbatan o‘lim jazosi 19 noyabrda ijro etilgan.

AQShda federal darajada chiqarilgan o‘lim hukmlari 17 yil davomida ijro etilmay kelingandi. Biroq 2020 yil iyulida AQSh oliy sudi qarori bilan o‘lim jazolari yana ijro etila boshlangan. O‘shandan keyin 8 jinoyatchi qatl etilgan. 

Bu orada Yevropa ittifoqi AQShdagi prezident saylovlaridan keyin hokimiyatning o‘tishi davrida o‘lim jazosi ijro etilganidan “chuqur xavotir” bildirdi. Shu sababli Yevropa ittifoqi rahbariyati AQSh ma'muriyatini o‘lim jazolarini to‘liq to‘xtatishga chaqirdi.

“Yevropa ittifoqi har qanday vaqtda va vaziyatda o‘lim jazosiga qat'iyan qarshi chiqadi va AQSh ma'muriyatini o‘z qarorini qayta qo‘rib chiqishga va federal darajada qatllarni to‘xtatishga chaqiradi”, deyilgan YeI bayonotida.

Bayonotda Yevropa ittifoqida o‘lim jazosi shafqatsiz va g‘ayriinsoniy jazo deb hisoblanishi, u jinoyatlar sodir etilishi omilini to‘xtata olmasligi, ushbu jazo holatida sud xatosini tuzatish ilojsiz ekani ta'kidlab o‘tilgan.

AQShda federal darajada o‘lim jazolarini ijro etishga moratoriy 2020 yil 13 iyulda bekor qilindi. O‘shanda 1996 yilda uch kishidan iborat oilani o‘ldirgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan 47 yoshli Daniyel Lyuis Li qatl etilgandi.    

Top