13:07 / 22.11.2020
60310
Asrning sirli qotilligi – Jon Kennedi o‘limi ortida kim turgandi?

Bundan roppa-rosa 57 yil muqaddam – 1963 yil 22 noyabrda Dallas shahriga (Texas shtati) safari chog‘ida AQShning 35-prezidenti Jon Fitsjyerald Kennedi otib o‘ldiriladi. Ushbu voqeaga ko‘chaning ikki tarafi bo‘ylab prezidentni ko‘rish va olqishlash uchun chiqqan yuzlab insonlar guvoh bo‘lishadi. Hodisani o‘sha yerda bo‘lgan o‘nlab jurnalistlar tasvirga olishdi. Shu tariqa, ushbu voqea butun dunyoda juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.

Foto: Getty Images/Bettmann

Quyida mazkur qotillikka kim yoki kimlar buyurtma bergani borasidagi eng mashhur 10ta faraz ko‘rib chiqiladi.

O‘sha kuni nima bo‘lgandi?

O‘sha kuniyoq shahar politsiyasiga kelgan qo‘ng‘iroq asosida asosiy gumonlanuvchi sifatida Li Harvi Osvaldni qo‘lga olishadi. Shuningdek, uni yo‘lda to‘xtatgan politsiyachini o‘ldirishda ham gumon qilishadi. Biroq Osvald ushbu ayblarni tan olmaydi. Oradan 3 kun o‘tib – 24 noyabrda Osvald politsiya va jurnalistlar ko‘z o‘ngida shahar qamoqxonasidan okrug qamoqxonasiga o‘tkazilayotgan bir vaqtda Dallasdagi tungi klublardan birining egasi Jyek Rubi tomonidan otib o‘ldiriladi. E'tiborli tomoni, bu hodisa to‘g‘ridan to‘g‘ri efir namoyishi vaqtida sodir bo‘ladi.

Shundan so‘ng prezidentlik lavozimiga kirishgan vitse-prezident Lindon Jonson tomonidan AQSh Oliy sudi rahbari Erl Uorren boshchiligida prezident Kennedi o‘limi sabablarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi. Mazkur komissiyaning 10 oylik faoliyati natijasida qotillik jinoyat paytida yolg‘iz harakat qilgan Li Harvi Osvald tomonidan amalga oshirilgan, degan rasmiy xulosaga kelinadi. Jyek Rubi esa prezidentning o‘limi uchun qasos olganini va Jaklin Kennedining g‘amini biroz aritish uchun Osvaldni o‘ldirganini aytadi. Biroq keyinchalik Kennedining o‘limi bilan bog‘liq fitna nazariyalari va hatto Osvaldning bu qotillikka daxli yo‘q ekani to‘g‘risida bir-biriga qarama-qarshi turli taxminlar ko‘payib ketadi. Garchi oradan yarim asrdan ko‘proq muddat o‘tganiga qaramay, haligacha amerikaliklarning kamida 60 foizi Kennedi o‘limining bosh aybdorlari topilmagan, deb hisoblaydi.

Amerika jurnalistlari, prokurorlar va huquq faollari bir necha yil davomida Kennedining o‘ldirilishi, shuningdek, bu qotillik ortida kim turgani bo‘yicha mustaqil surishtiruvlar olib borishdi. Bu borada 600dan ortiq kitob chiqqani, bir qancha hujjatli filmlar yaratilgani ham bu fikrning dalilidir.

Ba'zi taxminlarga qaraganda, quyidagilardan biri yoxud bir nechtasi prezident Kennediga qarshi qilingan suiqasdning ortida turgan bo‘lishi mumkin.

1. Sovet ittifoqi

Li Harvi Osvaldning o‘ldirilishi (Foto: Bob Jackson / Dallas Times-Herald / AP)

Sovuq urush davrida bir-biriga ashaddiy raqib bo‘lgan AQSh va sovet ittifoqi sodir bo‘lgan kichik ko‘lamdagi halokatlarni ham dushman tarafdan ko‘rishi odatiy hol hisoblanardi. AQSh prezidentining o‘ldirilishi esa, tabiiy ravishda, xalqaro munosabatlardagi global yetakchilik uchun asosiy raqib bo‘lgan sovet ittifoqi, jumladan, uning xavfsizlik, tashqi va ichki razvedka uchun mas'ul bo‘lgan muassasasi – KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ning G‘arb matbuotida ayblanishiga olib keladi. Bunga Harvi Osvaldning bir qancha muddat sovet ittifoqida bo‘lgani va u yerda SSSR fuqarosiga uylangani ham muayyan ta'sir ko‘rsatgandi. Osvald qo‘lga olinganidan so‘ng so‘roq qilinganida sovet ittifoqida bo‘lgani tufayli aybni unga yuklashayotganini aytgandi.

Tarixchilarning ta'kidlashicha, sovetlar tomoni bu suiqasddan umuman manfaatdor bo‘lmagan. Chunki sovetlarning AQSh prezidenti suiqasdini uyushtirishi butun dunyoni o‘ziga qarshi qilib qo‘yishga olib kelardi. Hatto Kennedi o‘ldirilganidan so‘ng sovet rahbariyatida bu voqea SSSRga qarshi urush boshlash uchun G‘arbdagi hukmron kuchlarning bahonasi bo‘lishi mumkin, degan taxmin yuzaga keladi.

2. Vitse-prezident Lindon Jonson

Lindon Jonson Jaklin Kennedi bilan

Turli so‘rovnomalarga qaraganda, haligacha amerikaliklarning taxminan 20 foizi vitse-prezident Lindon Jonsonni Kennedining o‘limi ortida turgan shaxs deb hisoblashadi. Jonsonni ayblovchilar bunga asosiy sabab sifatida vitse-prezidentning Kennedilarni umuman yoqtirmaganini va 1964 yilda bo‘ladigan saylovda Kennedi g‘alaba qozonsa, uni vitse-prezidentlikka qo‘ymoqchi bo‘lmaganligini ko‘rsatishadi. Bundan tashqari, manbalar Jonsonning Li Harvi Osvaldning qotili bo‘lgan Jyek Rubi bilan tanishligiga ishora qiladi.

Jyek Rubi

Bir qancha jurnalistlar Jonsonni Kennediga qarshi shakllangan «Dallas oligarxiyasi, MRB, FQB (Federal qidiruv byurosi) va Maxfiy xizmatning mahalliy bo‘limlarini o‘z ichiga qamrab olgan» fitnaning yetakchisi sifatida ko‘rsatishadi.

Bundan tashqari, ko‘plab manbalarda vitse-prezident Jonsonning Jon Kennedi bilan munosabatlari yomon bo‘lgani qayd etib o‘tilgan. Jaklin Kennedi, Kennedining Oq Uydagi shaxsiy kotibasi Evelin Linkoln, Jonsonning ma'shuqasi Madlen Braun, prezident Nikson hamda boshqa ko‘plab odamlar vitse-prezidentning qotillikka aloqadorligi to‘g‘risida gapirishgan.

3. Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)

Osvaldning MRB bilan ishlagani yoki bu ish ortida MRB turgani to‘g‘risidagi fikrlar garchand «Uorren komissiyasi» va Jon Kennedi hamda Martin Lyuter King o‘limi borasida tergov o‘tkazish uchun tuzilgan AQSh Vakillar palatasi qo‘mitasi (1976-1979) tomonidan rad etilgan bo‘lsa-da, lekin qotillik ortida maxsus xizmatlar, jumladan, MRB turgani to‘g‘risida matbuotda bir qancha shov-shuvli ma'lumotlar ham mavjud.

1995 yilda AQSh armiyasi razvedkasi sobiq ofitseri va Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Jon Nyuman Kennediga qarshi yashirin operatsiyani Kubada Kastro tuzumini ag‘darish uchun tashkillashtirilgan isyon muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng MRB direktorligidan Kennedi tomonidan olib tashlangan Allen Dalles rahbarligi ostida kechganini taxmin qiladi. Qizig‘i shundaki, Dalles «Uorren komissiyasi»ga a'zo bo‘lib kirgan edi.

Ba'zi manbalarga qaraganda, nisbatan ochiq fe'lli bo‘lgan Kennedi bo‘lajak saylovlarda g‘olib chiqqanidan so‘ng MRB faoliyatini maxsus tekshiruvdan o‘tkazishni rejalashtirgan. Shuning uchun ham doim «soya»da qolishni xush ko‘ruvchi MRB rahbariyati tekshiruvda qisman noqonuniy ma'lumotlarning jamoatchilikka ma'lum bo‘lishining oldini olish uchun «prezidentga qarshi fitnaga qo‘shilgan» degan qarashlar ham mavjud.

4. FQB direktori Edgar Guver

Orqa fonda Jon Edgar Guver

Yana bir keng tarqalgan farazlardan biriga ko‘ra, suiqasd ortida AQSh Federal qidiruv byurosi – (Federal Bureau of Investigation – FBI) direktori Jon Edgar Guver turgan bo‘lishi mumkin. 1924 yilda FQBning o‘tmishdoshi – Qidiruv byurosi (Bureau of Investigation) direktorligiga kelgan Guver 1935 yilda tashkilotning Federal qidiruv byurosi sifatida qayta tashkil etilishida muhim rol o‘ynaydi va uni 1972 yilda vafot etguniga qadar boshqaradi. Deyarli yarim asr – 47 yil davomida to‘xtovsiz ravishda, naqd 8 nafar prezident boshqaruvi ostida mamlakat ichki xavfsizligiga javobgar bosh muassasa direktori bo‘lgan, na oila va na farzandlarga ega Guver hayotining mazmuni ishi (ehtimol, rahbarlik kursisi) bo‘lgan.

1962 yilda Allen Dalles MRB rahbarligidan olib tashlanganidan so‘ng ko‘pchilik navbat Guverga kelgani to‘g‘risida shubha qilmay qo‘ygandi. Shu nuqtayi nazarlardan kelib chiqib, ba'zi jurnalistlar va tarixchilar Guverni suiqasdni uyushtirgan bosh sub'yekt sifatida talqin qilishadi.

Shuningdek, «Uorren komissiyasi» xulosalariga prezident o‘limi bo‘yicha tergovni bevosita olib borgan FQBning, demakki, uning direktori Edgar Guverning ham ta'siri katta bo‘lgan.

Keyinchalik, Amerika matbuotida Guver FQB yurisdiksiyasini ko‘p bora buzgani va hattoki o‘z xodimlari orqali siyosiy rahbarlar to‘g‘risida muhim ma'lumotlar to‘plab borgani hamda bu ma'lumotlardan prezidentlarga bosim o‘tkazish uchun foydalangani to‘g‘risida materiallar chop etilgan. Hattoki AQShning 1969-1974 yillardagi prezidenti bo‘lgan Richard Nikson 1971 yilda kichik doirada Guverni ishdan ololmasligining sabablaridan biri sifatida FQB direktorining unga nisbatan tazyiq o‘tkazishi mumkinligini ko‘rsatgandi.

5. Harbiy-sanoat kompleksi

1961 yil 17 yanvarda AQSh prezidenti general Duayt Eyzenxauer o‘z lavozimini tark etishidan oldin qilgan xayrlashuv nutqida xalqni harbiy-sanoat kompleksining qudrati oshib borayotganidan ogohlantirgan, hukumat ishlarida uning nojoiz ta'siridan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.

Harbiy-sanoat kompleksi – bu mamlakat qurolli kuchlari va uni ta'minlovchi mudofaa sanoati (jumladan, xususiy korporatsiyalar) o‘rtasidagi norasmiy ittifoq bo‘lib, u davlat siyosatiga ta'sir ko‘rsatadigan manfaat sifatida qaraladi. Hukumat va mudofaa korporatsiyalari o‘rtasidagi ushbu aloqaning yetakchi omili shundan iboratki, har ikki tomon ham bundan foyda ko‘radi – biri harbiy qurol-yarog‘larni oladi, ikkinchisi esa ularni sotish evaziga yaxshigina mablag‘ni qo‘lga kiritadi.

1960-yillar boshida Vetnamda harbiy-siyosiy mojarolar juda avj olgan bo‘lib,  AQShning o‘z tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlab, ushbu mamlakatga qurolli kuchlarini olib kirish masalasi yuqori siyosiy doiralarda ochiq muhokama qilinayotgan va so‘nggi hal qiluvchi qarorni qabul qilish mamlakat rahbari va Oliy bosh qo‘mondon – prezident Kennediga bog‘liq bo‘lib turgandi.

Ko‘pchilikning fikricha, Jon Kennedi Vetnamga AQSh qo‘shinlari to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritilishiga qat'iy qarshi edi, shuningdek, ushbu mamlakatga yuborilgan harbiy maslahatchilarni chaqirib olmoqchi bo‘lgan. Kennedi o‘limidan so‘ng oliy rahbarlik lavozimiga kirishgan Lindon Jonson qotillikda vetnamliklarni ayblagan, oradan ma'lum vaqt o‘tganidan so‘ng aynan uning buyrug‘i bilan ushbu Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatiga AQSh harbiylari ommaviy ravishda kiritilgan va bu Amerikada jamoatchilik hamda hukumat o‘rtasidagi kuchli qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgandi. Bir qancha siyosiy tahlilchilar va tarixchilarning fikricha, Jonsonning Kennedini vetnamliklar o‘ldirgani to‘g‘risidagi fikridan maqsad amerikaliklarni bo‘lajak urushga ruhan tayyorlash edi. 

6. Kubaliklar

Inqilobchi Fidel Kastro Kubada chiqish qilmoqda, 1959 yil 1 yanvar (Getty)

Kennedi davrida Kubada Fidel Kastro tuzumini ag‘darish uchun bir qancha harakatlar amalga oshirilgan va bu «Karib inqirozi» (Kubada sovet ittifoqi yadro raketalarining joylashtirilishi bo‘yicha urush yoqasiga kelib qolgan AQSh-SSSR ziddiyati)ga ham olib kelgandi. Garchand Kubada Kastro tuzumi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ko‘plab amerikaliklar uchun Kuba dushman bir davlatga aylanadi. Shuning uchun Kennedi o‘limidan so‘ng Amerika matbuotida qotillikda Kuba rahbariyati, xususan, Fidel Kastro ham ayblab chiqiladi.

Qolaversa, 1960 yil Fidel Kastroni jismonan yo‘q qilish borasida MRBning bir necha bor maxfiy urinishlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar keyinchalik matbuotga sizdiriladi. Kennedining o‘ldirilishini esa ayrimlar Kuba rahbarining o‘ziga yarasha qasosi sifatida ham baholaydi.

Shuningdek, Kennedi o‘limi bo‘yicha kubaliklarga daxldor yana bir qarash mavjud. Unga ko‘ra, prezidentni Kastroga dushman bo‘lgan va AQShga ko‘chib kelgan kubaliklar o‘ldirgan bo‘lishi mumkin. Prezident Kennedining Kastro tuzumini amalda tan olishi AQShdagi kubalik immigrantlarning hafsalasini pir qiladi va ular Kennedini juda yomon ko‘rib qolishadi. Ushbu nazariya tarafdorlari fikricha, agar Kennedi o‘lsa, bo‘lajak prezident yana Kuba masalasi bilan jiddiy shug‘ullanishiga va natijada Kastro tuzumi tezda ag‘darilishiga umid qilingan.

Eng qizig‘i shundaki, Kennedi o‘limida bosh gumondor – Li Harvi Osvald ham Amerikadagi Kastro tuzumi tarafdorlari safida bo‘lgani to‘g‘risidagi ma'lumotlar mavjud.

7. Federal zaxira tizimi

Amerikalik taniqli jurnalist va siyosiy fitnalar bo‘yicha bir qancha asarlar muallifi bo‘lgan yozuvchi Jim Marrs 1989 yilda nashr etilgan «Bir necha tomondan o‘qqa tutish: Kennedini mahv etgan fitna» («Crossfire: The Plot that killed Kennedy») nomli kitobida prezident Federal zaxira tizimi hokimiyatini cheklashga harakat qilgani va uning bu harakatiga qarshi bo‘lgan kuchlar qotillikda rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin degan nazariyani ko‘tarib chiqadi.

Marrsning fikricha, Kennedi imzolagan 11110-sonli buyruq Federal zaxira banknotalarini kumush sertifikatlarga almashtirish yo‘li bilan sohadagi Federal zaxira xizmatining alohida vakolatlarini G‘aznachilik departamenti (AQSh Moliya vazirligi)ga o‘tkazishni nazarda tutgan. Soddaroq qilib tushuntirganda, o‘sha vaqtgacha milliardlab dollarlarni tasarruf qilish bilan shug‘ullangan Federal zaxira tizimining ta'siri keskin kamayish xavfi ostida qolgan. Bu esa o‘z navbatida ularning daromadlari kamayishiga ham olib kelardi, deydi muallif.

Masalaning qiziq tarafi shundaki, Kennedining o‘limidan 5 oy muqaddam imzolangan o‘sha qarorning ijrosi mash'um qotillikdan 3 oycha vaqt o‘tgach, to‘xtab qoladi. Ya'ni Moliya vazirligi kumush sertifikatlarni chiqarishni to‘xtatadi. Bir necha yil o‘tib esa 11110-sonli Buyruq rasman bekor qilinadi.

8. Texas neft magnatlari

Kennedining o‘ldirilishi ortida turgan deb taxmin qilinadigan guruhlardan biri sifatida Texas shtatidagi neft sohasi korchalonlarini ham ko‘rsatish mumkin.

1926 yildan beri Amerikadagi neft kompaniyalari juda katta soliq imtiyozlariga ega bo‘lib kelardi. Hisob-kitoblarga qaraganda, o‘sha imtiyozlar Texas neft magnatlariga yiliga o‘rtacha 300 million dollar (hozirgi hisobda taxminan 1,5 milliard dollar) daromad keltirgan.

Kennedi prezident etib saylanganidan so‘ng uning asosiy maqsadlaridan biri soliq imtiyozlarini yo‘qotish va shu orqali kelgan mablag‘ hisobiga o‘rta tabaqaning turmush darajasini ko‘tarishga qaratilgan ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish bo‘lgan.

1960-yillar boshida MRBda ishlagan Richard Keys Nagell haqida yozuvchi Dik Rassel tomonidan 1992 yilda qog‘ozga tushirilgan «Juda ko‘p narsani bilgan odam» («The Man Who Knew Too Much») kitobida Kennedini o‘ldirishga qaratilgan dastlabki rejani «Hant Oyl» neft korporatsiyasi rahbari Haroldson Lafayyet Hant boshchiligidagi magnatlar moliyalashtirganini da'vo qiladi. Siyosatga o‘ta qiziqishi bilan tanilgan hamda o‘ta konservativ qarashlarni qo‘llovchi va bu borada tashviqot ishlariga mablag‘ ayamaydigan milliarder Haroldson Hant, shuningdek, Klint Merchisonning ehtimoliy fitna qatnashchilari bo‘lganliklarini Lindon Jonsonning ma'shuqasi bo‘lgan Madlen Braun ham aytgan.

1963 yilda Kennedi neft kompaniyalari uchun asosiy soliq imtiyozlarini bekor qilishni taklif etdi va bu yirik neft biznesi vakillari doirasida katta vahima uyg‘otdi. Chunki bu holatda neft kompaniyalari milliardlab dollarlardan mosuvo bo‘lardi. Lekin Kennedi o‘ldirilganidan so‘ng prezidentlikka kelgan Lindon Jonson va undan keyingi prezident Richard Nikson marhum Kennedining bu taklifini hatto ko‘rib chiqishni ham rad etishdi.

9. Uyushgan jinoiy to‘dalar (mafiya)

Prezident o‘ldirilishi ortida uyushgan jinoiy guruhlar – mafiya turganligi yoki prezidentga qarshi umumiy fitnaning bir qismi bo‘lganligi to‘g‘risidagi qarash tarafdorlari ham bor. Ular Kennedi prezidentligi davrida Bosh prokuror bo‘lgan uning ukasi Robert Kennedi tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi keng harakatlar Amerikadagi mafiya tizimlariga katta zarar keltirganini aytishadi. Ba'zi jurnalistlarning fikricha, mafiya prezident Kennedini oradan olib tashlash orqali Robertning Bosh prokuror sifatidagi faoliyatiga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan.

1960-yillar boshida Robert Kennedi qo‘l ostida uyushgan jinoyatchilikka, poraxo‘r siyosiy arboblarga qarshi kurash uchun tuzilgan bo‘limni boshqargan Robert Bleyki 1980 yilda yozgan «Prezidentni o‘ldirish fitnasi» («The Plot to Kill the President») kitobida Yangi Orlean shahridagi italyan mafiyasi yetakchisi Karlos Marchello suiqasdning bir qismi bo‘lgani va mafiyada qotillikni amalga oshirish uchun barcha vosita hamda imkoniyatlar bo‘lganini ta'kidlaydi.

Bosh prokuror Robert Kennedining sa'y-harakatlari bilan nihoyat 1963 yil noyabr oyida Marchelloga qarshi sud bo‘ladi. Lekin prezident Kennedi o‘ldirilishidan so‘ng Marchello oqlanadi va ozodlikka chiqadi. Karlos Marchelloning Osvaldning qotili – Jyek Rubining yaqin do‘sti sanalmish Dallasdagi yirik mafiya sardori Jozef Kampizi bilan yaqin munosabatlari ham bir qancha tadqiqotchilarda jiddiy shubha tug‘ilishiga sabab bo‘lgan. E'tiborli tomoni, Rubi qamoqxonada vafot etguniga qadar Kampizi doimiy ravishda uni yo‘qlab borib turgan va ba'zida kuniga 20 martalab Yangi Orleanga qo‘ng‘iroq qilgan.

10. Milliarder Aristotel Onassis

Jaklin Kennedi 1968 yilda Aristotel Onassis bilan turmush quradi

Kelib chiqishiga ko‘ra grek bo‘lgan va dengiz transporti, kit ovchiligi, aviatsiya, mehmonxona biznesi, oltin ishlab chiqarish va investitsion faoliyati bilan shug‘ullangan ayyor va ustomon milliarder Aristotel Onassis (uni ko‘pchilik Ari deb atagan) yuqori siyosiy doiralarga yaqin bo‘lishga intilardi. Jumladan, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill ham milliarderning ulkan yaxtasida 8 bor mehmon bo‘lgan va aynan uning 1958 yilda AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ygan senator Jon Kennedini Onassis kemasiga mehmondorchilikka taklif qilishi Aristotel Onassisga Jaklin Kennedi bilan shaxsan tanishishga imkon yaratadi.

Ko‘pchilikning fikricha, o‘sha oqshomda Ari AQShning bo‘lajak birinchi xonimini yoqtirib qoladi. 1963 yil avgustda Jaklin Kennedining singlisi Li Radzivill uni Arining O‘rta Yer dengizidagi kemasiga biroz dam olish uchun taklif qilgan. Milliarder to‘g‘risida biografik asar yozgan Frenk Bredining ta'kidlashicha, «Kemada haqiqatan ham sodir bo‘lgan hodisa Aristotel Onassisning AQSh birinchi xonimini sevib qolgani bo‘ldi».

AQSh prezidentining kotibasi bo‘lgan Evelin Linkolnning kitobida yozilishicha, Jaklin Kennedining milliarder yaxtasida dam olayotgani to‘g‘risidagi turli mish-mishlar matbuotga sizib chiqqach, Jon Kennedi qattiq g‘azablanadi va xotiniga qo‘ng‘iroq qilib, «xalqaro qaroqchi» Onassisning yaxtasini tashlab, tezda Vashingtonga qaytishni buyuradi.

Erining o‘limidan so‘ng Jaklin Kennedi ikki bolasi bilan birga Manhettenda beshinchi avenyudagi uyida yashay boshlaydi. Aristotel Onassis uni tez-tez yo‘qlab turadi. 1968 yilda Jaklin o‘zidan naq 23 yosh katta bo‘lgan Onassis bilan turmush qurishga qaror qilganini Kennedilar oilasiga aytadi. Bundan, ayniqsa, sobiq birinchi xonimning qaynog‘asi 1968 yilgi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan Robert Kennedi jiddiy norozi bo‘ladi. Ammo 1968 yil 5 iyunda Los-Anjyelesda Robert Kennedi asli falastinlik Sirxan Bishar Sirxan tomonidan otib o‘ldiriladi. Qotillikdan 5 oydan ko‘proq vaqt o‘tib esa 20 oktyabrda Jaklin bilan Arining to‘yi Ioniya dengizida joylashgan milliarderga qarashli Skorpios orolida bo‘lib o‘tadi. To‘y haqidagi xabardan so‘ng Amerika matbuotida Aristotel Onassisning prezident Kennedi, shuningdek, uning ukasi Robert Kennedining o‘limi ortida turgan shaxslardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida shov-shuvli maqolalar va hatto kitoblar ham yozila boshlaydi. Bunga asos sifatida jurnalistlar milliarderning 1960 yilda, ya'ni u Jaklin Kennedi bilan tanishganidan 2 yil o‘tib, xotini Afina Livanos bilan ajrashganini ko‘rsatishadi.

Ehtimol, Aristotel Onassis Jaklin Kennediga do‘stlik yoki sevgi sababli, balki o‘z nomini tarixda qoldirish maqsadida uylangandir. Lekin bu nikoh uni Kennedining o‘limi bilan bog‘liq gumondagi shaxslar ro‘yxatiga qo‘shgani rost.

Balki 1968 yilda Robert Kennedi o‘ldirilmaganida va u prezident etib saylanganida Jon Kennedining o‘limi ortida turgan shaxs yoki shaxslar to‘g‘risidagi ba'zi taxminiy fikrlar bo‘lmasligi mumkin edi. Chunki o‘z akasi qotillarini topish uchun Robert qo‘lidan kelganini qilishi deyarli aniq edi. Ehtimol, u shuning uchun o‘ldirilgandir?

Jahongir Akramov tayyorladi

Top