19:47 / 22.11.2020
37249

«Bemorni "uch"ga davolab bo‘lmaydi». Saudiyaga ketgan shifokor – tibbiyotdagi muammolar va rivojlanish yo‘llari haqida

3 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov lavozimini tark etdi, uning o‘rnini Abduhakim Hojiboyev egalladi. 6 noyabr kuni o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot tizimini tubdan isloh qilish kerakligini ta'kidladi va sohadagi boshqa masalalarga e'tibor qaratdi.

Saudiya Arabistonining Madina shahridagi Qirol Fahad shifoxonasida anesteziolog-konsultant sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek shifokori – tibbiyot fanlari doktori Abror Akmalov bilan O‘zbekiston tibbiyotidagi muammolar va ularning yechimlari haqida suhbatlashdik.

«O‘zbekistonda shifoxonaga ish tushganda albatta yaxshi shifokor izlashga to‘g‘ri keladi»

Abror aka, ayni paytda Saudiya Arabistonida faoliyat yurityapsiz. O‘z faoliyatingiz va kuzatuvlaringiz asosida ikki davlat tibbiyoti o‘rtasidagi farq nimalarda deb o‘ylaysiz va aynan qaysi jihatlarni O‘zbekistonga moslashtirish mumkin deb hisoblaysiz?

– Saudiya Arabistoni AQSh standartlari ustun davlat hisoblanadi. Men O‘zbekistonda Toshkent tibbiyot akademiyasida kafedra mudiri, Neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markazida ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ilmiy rahbar lavozimlarida ishlaganman. Shuning uchun sohani, o‘qish va ish masalasidagi farqni ancha sezaman.

Abror Akmalov (o‘ngdan birinchi) Qirol Fahad shifoxonasidagi hamkasblari bilan.

Saudiya Arabistoni ham o‘z tilini yaxshi ko‘radi. Men O‘zbekistonda talabalarga dars berib yurgan paytlarimda darslar o‘zbek tilida o‘tilsin, kitoblar o‘zbek tiliga o‘girilsin degan gaplar bo‘ldi. Bu narsalar bizning tibbiyotimizni ancha orqaga tortdi. Chunki tibbiyot shunaqaki, uzog‘i bilan 3-5 yilda bir marta yangilanib turadi. Bu rus tilida ham emas, ingliz tilida bo‘ladi. Ingliz tilini bilmasdan zamonaviy texnologiyalarni ishlatish, zamonaviy davolash choralarini ishlatish qiyin bo‘ladi.

O‘zbekistonda ham hozir ko‘pchilik zamonaviy texnologiyalar bilan ishlayapti: ular ham asosan ingliz tilini yaxshi biladigan, o‘z ustida ishlaydigan shifokorlar hisoblanadi. Men bu bilan Saudiya Arabistonining bir e'tiborli jihatini aytmoqchiman: bu yerda odamlar o‘z tilini yaxshi ko‘rgani bilan shifokor va hamshiralar ingliz tilidagi dasturlar asosida tayyorlanadi. Buning uchun boshidan ingliz tilini yaxshi o‘qitish zarur va talaba OTMga o‘qishga kirgach, bemalol chet tilda o‘qiy oladigan bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda birorta shifoxonaga borganda yaxshi shifokor izlab qolinadi. Bemor davolanayotgan muassasaga boshqa klinikadan shifokor olib kelinadi va u o‘z muolajasini qiladi, yana bir klinikadan olib kelingan boshqa shifokor esa umuman o‘zgacha usulda davolaydi. Bu yerda [Madina shahrida] bunday narsa yo‘q, bu sharmandalik hisoblanadi. Har bir shifokor o‘z mutaxassisligini yaxshi bilishi va birining muolajasi ikkinchisinikidan farq qilmasligi zarur. Mana shunga katta ahamiyat berish kerak.

Bundan tashqari, Arabistonda tibbiyot institutlarida faqat tibbiyot fanlari nomzodi darajasiga ega bo‘lganlar dars berishi mumkin. Bizda shifokorlarning saviyasi past yoki bilimi yuqori emas, deb nolishadi. Lekin buning asosi nimada ekanini ham o‘ylab ko‘rish kerak.

Dori-darmon, texnologiyalarning eng zamonaviylarini olib kirib ishlatish kerak. Men ham O‘zbekistonda anesteziologiya bo‘yicha talabalarga dars berganman. Biz ishlatgan sun'iy nafas berish uskunalari, dori-darmonlar juda eskirganini xorijga chiqib bildim. Bir haftagacha ularning dori-darmon, texnikalarini o‘rganib olgunimcha professorligimni deb aytishga ham tortinganman. Hozir kerak bo‘lsa ulardan ham yaxshi ishlayapman. Shuning uchun o‘zbek shifokorlarini bilimsiz deb ayblab bo‘lmaydi, ular juda salohiyatli. Faqat ularda til bilan bog‘liq qiyinchiliklar uchramoqda.

«Tibbiyot institutiga imtiyoz bilan kirish umuman mumkin emas!»

– Tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalariga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilish masalasiga qanday qaraysiz? Umuman, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarida o‘qitish qanday bo‘lishi kerak?

– Yaqinda yana qaysidir toifadagi odamlarga OTMlarga kirishda imtiyoz berildi. Tibbiyot institutiga imtiyoz bilan kirish umuman mumkin emas, balki boshqa yo‘nalishlarda buni qabul qilish mumkindir. Lekin o‘zida bilim bo‘lmasa, tibbiyot yo‘nalishiga qabul qilish kerak emas. Bu – birinchisi.

Ikkinchidan esa, agar talaba kontraktda o‘qiyotgan bo‘lsa, pul to‘layaptiku, degan fikrda hech bo‘lmaganda «3» baho bilan fani yopib beriladi. Masalan, hozir o‘g‘lim o‘qiyotgan Arabistondagi universitet misolida aytishim mumkin, to‘lanadigan kontrakt puli juda yuqori bo‘lsa ham, har yili 25-30 foizgacha talaba kursdan kursga qoladi.

Abror Akmalov ish jarayonida.

Bundan tashqari, tibbiyot OTMlarida «3» bahoga o‘qigan talaba ham kursdan kursga qoladi. Sababi past baho bilan o‘qigan talaba qanday qilib bitirgach, bemorni «3»ga davolashi mumkin? Saudiyada tibbiyot yo‘nalishidagi OTMda kontrakt narxi yuqoriligining sababi bitiruvchilar ishga kirganidan so‘ng shunga yarasha yuqori maosh ham olishi bilan bog‘liq.

Shifokor 10 yil o‘qiydi, yana ham yaxshi bo‘lishi uchun 5 yil ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, tibbiyot tez-tez yangilanib boradi, shuning uchun shifokor doim izlanishda bo‘lishi kerak. Masalan, biz o‘qigan paytimizda Rossiya kitoblaridan o‘qiganmiz va bu kitoblar 10-15 yil oldin ingliz tilida yozilib, keyin rus tiliga tarjima qilingan edi. Bu biz ulardan 15-20 yilga orqada bo‘lganimizni anglatadi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin men kafedra mudiri bo‘lib ishlayotgan paytimda har bir kafedrada o‘zbek tilida ham kitoblar yaratilishi haqida talab bo‘ldi. O‘sha 15-20 yil oldin rus tilida yozilgan kitoblarni so‘zma-so‘z tarjima qilib, hatto ba'zi joylari tushunarsiz holda o‘zbek tilida kitoblar tayyorlandi. 70-80 foizi tarjimadan iborat narsani kitob deb talabalarga berishdi. Shu sababli tibbiyotda o‘qitilayotgan o‘zbek tilidagi kitoblarning sifati juda past.

Xuddi shu kabi hozirgi rus tilidagi kitoblar ham talabga javob bermaydi. Shuning uchun talabalar ingliz tilida o‘qishsa, bugungi yangilikni tushunib yetadi. Masalan, o‘tgan yili fevral oyida genetika bo‘yicha bir yangilik yaratildi. Ar-Riyodda o‘g‘lim o‘qiydigan tibbiyot universitetida bu masala bir oy ichida o‘rganib chiqilib, 2-kurs talabalariga dastur qilib o‘qitildi. Chunki talaba buni bilmasa, yaxshi mutaxassis bo‘lib chiqolmaydi.

O‘zbek shifokori oilasi davrasida.

O‘zbekiston sharoitida yaratilgan yangilikni bir oy ichida o‘rganib, dasturga kiritishning imkoni yo‘q. Chunki dasturlar bir yil oldin tuziladi, tasdiqlanadi va har yili yangilanaveradi. Eng yomon narsa kafedrada ishlash bo‘lgan. Faqat shifokorlar emas, kafedrada ishlaydigan o‘qituvchilarning oyligi ham juda past. Ularning ham oyligini oshirish kerak. Chunki ular kasal bilan ishlamaydi.

Kasal bilan ishlaydiganlar kasallardan 3-4 so‘m oladi va bu hech kimga sir emas. Qo‘shimcha daromadi bo‘lmagandan keyin ko‘pchilik kafedralardan ketib qolyapti. So‘nggi paytlarda kafedradagilarning oyligi ham oshirildi. Ammo bu ham hali yetarli emas. Kafedrada ishlaydigan o‘qituvchining oilasini ta'minlay oladigan darajada oylik qilib berish kerak.

Yana bir masala kafedraga dastur tuzish topshirilganda, ular dastur tuzadi. Oradan olti oy o‘tib yana boshqacha tuzish kerak deb qolishadi. O‘qituvchilarning boshi aylanib qoladi. Men o‘zim bu narsani boshimdan o‘tkazdim. Shuning uchun chet elnikini ko‘rib, bitta standartni olib, oxirigacha o‘sha standart bo‘yicha ketish kerak. Buni hadeb o‘zgartiraverish kerak emas. Biz biror davlat standartini olib o‘sha bo‘yicha o‘qitishga kelishib olishimiz zarur.

«Talabalarga ingliz tilida dars berish, inglizcha biladigan o‘qituvchilarni ko‘paytirish, chetdan o‘qituvchilarni jalb qilish...»

– O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini o‘nglash, rivojlangan davlatlardagi tibbiyot darajasiga olib chiqish uchun nimalar qilish kerak? Islohotlarni eng avval nimadan boshlagan ma'qul?

– Hozirgi paytda tibbiyotni yaxshilash uchun vaqt kerak. Bu 1-2 yil emas, uzoq yillar davomida bo‘ladi. Hozirdan nimani to‘g‘rilash kerakligini yarim yil, bir yillik rejalar bilan mo‘ljallab borish kerak. Birinchi o‘rinda maktablarda ingliz tilini yaxshi o‘qitish, oliygohlarda ingliz tilida dars bera oladigan o‘qituvchilarni ko‘paytirish, hech bo‘lmasa, ularni qayta tayyorlaguncha katta oylikka bo‘lsa ham chetdan o‘qituvchilarni jalb qilish kerak. Albatta, chetdan keladigan o‘qituvchilar katta oylik oladi. Kasallar bilan ishlayotgan shifokordan ko‘ra, dars berayotgan o‘qituvchilar 30-50 foizgacha yuqori oylik oladi.

Hozirgi texnologiya va standartlar bo‘yicha xorijlik o‘qituvchilarni talabalarga dars berish uchun olib kelish kerak. Shuningdek, oliygohlarning chet el bilan aloqasini kuchaytirib, xorijliklar bilan ta'lim standartlarini ishlab chiqish kerak. Iloji boricha bizdagi oliygohlarni chet el akkreditatsiyasidan o‘tkazish kerak. Bu orqali chet elga chiqqan o‘zbek mutaxassislari diplomi tan olinadi.

Masalan, Saudiya Arabistoniga kelgan ayrim shifokorlarni tan olib, ularga litsenziya berish qiyin bo‘lib, kelganlar bir yil ishlab yana qaytib ketishmoqda. Xuddi shu holat boshqa chet davlatlarida ham takrorlanyapti. Sababi ular bizning ko‘pchilik oliygohlarimiz haqida bilmaydi.

Qirol Fahad shifoxonasidagi jarrohlik amaliyoti jarayoni.

Bundan tashqari, vrachlarimizni, ayniqsa, katta klinikalardagi bir necha shifokorni hech bo‘lmaganda ikki oy, bo‘lmasa to‘rt-besh oy, bir yillik kurslarga yuborish kerakki, u yerda o‘rganganlarini o‘zining klinikasida tatbiq qilsin. Bu uchun tibbiyot muassasalari bazalari mavjud klinikalarda eng zamonaviy texnologiyadagi apparatlar, dori-darmonlar ishlatilishi lozim.

Talabalarga yangi chiqqan uskunalar va dorilar misolida dars berish kerak. Biz ham vaqtida o‘zimiz ishlatib ko‘rmagan tibbiy uskunalar haqida og‘zaki dars berganmiz, lekin ularning aksariyatini qo‘limiz bilan ushlab ham ko‘rmaganmiz, dori-darmonlarni ishlatib ko‘rmaganmiz. Shuning uchun ham buyoqqa kelganimizda ozgina qiyin bo‘ldi. Biz o‘sha yerda ishlab yurgan paytimizda vazirning qabuliga kirdik.

Vazir almashdi, undan keyin, yana ikki kishi birga kirib gaplashdik ham shu apparatlarni – sun'iy nafas oldirish apparatlarining yangilarini olish bo‘yicha, chunki necha yillik apparatlar edi. Bu narsalarning oxiriga yeta olmadik, balki imkon bo‘lmagandir. Men hech kimni ayblamoqchi emasman bu narsada.

Aytmoqchimanki, ahamiyat berishimiz kerak bo‘lgan narsalar bular. Bularni yangilamas, to‘g‘rilamas ekanmiz, tibbiyotimizni oldinga yurgizish biroz qiyin bo‘ladi. Hozir xususiy klinikalar ko‘payib ketyapti, ular eng zamonaviy jihozlarni olib kelib, shu tomondan yutishmoqda. Lekin davlat klinikalari bu borada ortda qolmoqda. Ayniqsa, universitetlarning bazalari hisoblangan klinikalarda bu narsalar bo‘lmasa, biz ta'lim berayotgan talabalar yetarli darajada saviyaga ega bo‘lmaydi.

«Saudiyada shifokorga qo‘l ko‘targan shaxs ko‘p yilga qamaladi»

– Saudiyada ham shifokorlar bemorlar yoki ularning qarindoshlari tomonidan kaltaklanadimi? Tibbiyot xodimlarini haqoratlash, ularga kuch ishlatish holatlari mavjudmi?

– Saudiyada barcha qonunlar o‘z xalqini himoya qilishga qaratilgan. Saudlar juda ko‘p holatlarda immigrantlardan ustun hisoblanadi. Biroq shifokorlarga munosabatda buning aksi. Men Madinada chet ellik bo‘lsam ham, bu yerda shifokor sifatida hurmat qilishadi, qattiq gapirishmaydi. Agar kimdir shifokorga qo‘l ko‘taradigan bo‘lsa, ko‘p yilga qamalishi mumkin.

Bizning O‘zbekistonda shifokorlarga qo‘l ko‘tarish, uni haqorat qilish, ayniqsa, uni qamash holatlari bor. Shifokorni qamash kerak emas, sababi hech qaysi shifokor bemor o‘lishi uchun harakat qilmaydi. Qanaqa qilib uni qamash mumkin? Agar u 5-6 yil qamalib chiqsa, amaliyotini yo‘qotib qo‘yadi.

Shifokorni qamash hech qaysi davlatda yo‘q. To‘g‘ri, «shifokor xatosi» degan narsa bor, u ham kerak bo‘lsa, bir yil yoki ikki yil yaxshilab tekshirilishi va shunga qarab xulosa berilishi kerak. Ungacha shifokor o‘z o‘rnida ishlashi kerak. Agar undan keyin vrach xato qilgani haqida xulosa berilsa, u bemorning yaqinlariga ma'lum miqdorda tovon puli to‘laydi va o‘z ishida davom etadi.

O‘zbekistondagi vrachlarda, masalan, birortasi xato qilsa, unga chora ko‘riladi, qamaladi, boshqa qiladi. Bitirganiga bir-ikki yil bo‘lganiga ham shu ahvol, o‘ttiz yil ishlaganiga ham bir xil qaraladi. Bu yerda – chet ellarda bu narsada ozgina farq bor ekan. Menga yoqqan yana bir jihati vrachlar uchta kategoriyaga bo‘lingan.

Birinchi kategoriya masalan, universitetni bitirgan va bir yillik internaturaning o‘zini tugatgan va shu soha bo‘yicha birorta masalan, xirurgiyagami, anesteziologiyagami borib, shogird tushib yurib, o‘sha joyda o‘rganib, yarim yil, bir yil o‘rganib, o‘sha yerda ishlab ketdi. Bu birinchisi. Buni rezident deydi, rezident, faraz qilaylik, 1000 dollar, 1500 dollar oylik oladi.

Ikkinchisi, magistraturani yoki klinik ordinaturani bitirgan shifokorlar. Bu shifokorlarni spetsialist yoki registrar deydi, spetsialist maqomida ishlaydi. Birinchi toifa faqat yozuv-chizuvga yordam berib yuradigan bo‘lsa, registrar o‘rtacha hollardagi kasallarni davolashda ishtirok etadi. O‘rtacharoq narkozlarni bera oladi. O‘rtacharoq operatsiyalarni qila oladi, agar konsultant ruxsat bersa, tepasida turgan boshliq – bu rezidentdan ko‘ra ikki barobar ko‘p oylik oladi.

Abror Akmalov hamkasblari bilan.

Uchinchisini konsultant deydi, bu o‘sha PHD, ya'ni tibbiyot fanlari nomzodi yoki MD – medikal doktor olgan, buning uchun masalan magistraturada uch yil o‘qisa, konsultant bo‘lish uchun yana besh yillik o‘qishni tugatadi. Ana undan keyin konsultant bo‘lib ishlaydi. Ana o‘sha konsultant bo‘lib ishlagan odamning o‘z guruhi bo‘ladi, uning qo‘l ostida registrari ham bo‘ladi, spetsialisti ham, rezidenti ham bo‘ladi. Lekin tepasida bitta konsultant turadi. Hamma narsaga javob beradigan konsultant bo‘ladi. Kasal bilan biror holat yuzaga keladigan bo‘lsa, konsultant javob beradi. Rezident, registrar javob bermaydi.

Bizda hozir konsultant degan maqomning o‘zi yo‘q-da, mayli endi, uncha-muncha nomzod chiqarilgan, boshqa ishlar qilingan. Bu alohida mavzu. Bu yerda ham alohida masalalar bor. Lekin oxirida javob berish kerak bo‘lganda bitirganiga 2-3 yil bo‘lgan yoki 5 yil bo‘lgan, lekin faqat magistraturaning o‘zini bitirgan, internaturadan keyin o‘zi mustaqil ishlab ketgan shifokorga juda katta mas'uliyat yuklab, uni qamash darajasiga olib boramiz. Uning aybi emas-ku bu. Biz o‘zimiz uni yetarli darajada o‘qitmaganmiz-da, lekin undan faqat talab qilishni bilamiz. Bu ozgina xato. Bu narsani ham to‘g‘rilash kerak.

Chunki konsultant mutaxassisdan ko‘ra ikki barobar ko‘p oylik oladi. Oyligida ham, o‘qishida ham, mehnatida ham farq katta. Shuning uchun o‘n yillab, o‘n besh yillab o‘qib, oxiri konsultant darajasiga chiqiladi va shunga yarasha oylik oladi. Chunki 10-15 yil qiyinchilikka chidagan. Sabr bilan o‘qigan, qiynalgan va hozir davolash bo‘yicha ishlaydi.

O‘tgan kuni bir hazil chiqib qoldi. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak ijtimoiy tarmoqlarda. Bir katta qayiqni motori buzilib qolganda ustasini chaqiribdi. Kelib, bolg‘a bilan u yer, bu yerini urib bo‘lgandan keyin qancha bo‘ladi, deb so‘rashsa, 4 ming dollar deyapti, taxminan aytyapman. Nimaga buncha, bizga yozib bering batafsil, nimaga 4 ming dollar to‘lashimiz kerak, bolg‘a bilan urib-urib qo‘yilganiga 4 ming dollar to‘lash kerakmi, deyishsa, bolg‘a bilan urib qo‘yilganiga 1 dollar, shuning qayerini urishni bilgani uchun, o‘rgangani uchun 3 999 dollar deb ko‘rsatgan.

Bu xuddi shunga o‘xshagan narsa, tibbiyotda qaysi dorini berishni, qaysi paytda qanday dorini berishni bilish uchun u necha yil o‘qigan. Mana shunga unga haq to‘lanadi. Buni tushunish kerak. Ikkita retsept yozib berganiga shuncha pul olyapti degan narsa bo‘lishi kerak emas tibbiyotda.

«Och shifokor xavfli – shifokorlarning bemorlar qo‘liga qarab qolishiga oylik kamligi sabab bo‘ladi»

– Nima uchun o‘zimizning oltinboshlar o‘z baxtini chet eldan izlab ketib qolmoqda. Masalan, siz qaysi sabablarga ko‘ra xorijga ishlashga ketgansiz?

Men Toshkent viloyati Pskent tumanida tug‘ilganman. Oddiy shifokorman, katta tanish-bilishlarim ham yo‘q. Aspiranturaga o‘qishga kirib uni bitirayotgan vaqtimda 5ta soha bo‘yicha prezident stipendiyasi joriy qilindi. O‘shanda tibbiyot va ekologiyaga ajratilgan grantni birinchi bo‘lib men olganman. Nomzodlik, undan keyin doktorlik dissertatsiyamni yoqladim. Bularning birortasida pul berib tanish-bilishchilik qilishga to‘g‘ri kelgani yo‘q. 3 yil kafedra mudiri bo‘lib ishladim.

Birovni oyoq kiyimi chiroyli ko‘ringani bilan uning oyog‘ini qanchalik siqayotganini o‘sha odamning o‘zigina biladi, boshqa birov bilmaydi. O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi eng og‘riqli nuqta oylik masalasi. Korrupsiya, poraxo‘rlikning kelib chiqishiga ham oylikning kamligi sabab bo‘ladi. SSSR endi parchalanib ketgan paytda miting bo‘lganda bir odam «Och shifokor xavfli» deb yozilgan plakatni ko‘tarib turibdi. Haqiqatan ham shunday. Chunki shifokor uyda bola-chaqasiga non topib olib kelolmayotgan bo‘lsa, boshqa joydan pul topib olib kelishga harakat qiladi. Oxiri shuncha yil o‘qiganim nima bo‘ldi, nina bilan quduq qazganim qayerga ketdi, nomzodlik, doktorlik dissertatsiyam nima bo‘ldi, degan savol beradi.

Men O‘zbekistondan chiqib ketgan vaqtimda ko‘tarilgan oyligim ham 200 dollar edi. Bu yoqqa esa undan 40-50 barobar ko‘proq oylik berilyapti. Oylik bu sizning mehnatingizga beriladigan baho, insonning qadri, oilani o‘ylash va ularning ertaga biror narsaga muhtoj bo‘lmasligi haqida qayg‘urish degani. Hech kimga sir emas, katta pul topib yaxshi yashayotganlar ham bor. Ular qanday daromad topyapti bilmadim. Ammo korrupsiya yoki boshqa qing‘ir yo‘lga kirishni vijdonim qabul qilmadi. Natijada kafedra mudiri bo‘lib ishlayotgan joyimda chet elga chiqishga majbur bo‘ldim.

Kam oylikka ishlayotgan odamning oldida ikki yo‘l qoladi: yo poraxo‘rlikka o‘rganib qolish, yoki chetga ketish. Shifokorlarning ko‘pchiligi hozir chet elga chiqishga tayyor bo‘lib turibdi. Faqat til bilmagani yoki yo‘lini topolmayotgani uchun O‘zbekistonda o‘tiribdi.

Hozir chet eldan shifokorlarni olib kelish o‘rniga O‘zbekistondagi shifokorlar oyligini ko‘tarishni o‘ylash kerak. O‘zbekistonda ulardan foydalanishning yo‘lini qilish kerak. Masalan, o‘zimning o‘g‘lim Ar-Riyodda o‘qiyapti va uning o‘qish puli juda qimmat. O‘zbekistondagi hozirgi siyosatni ko‘rib borib ishlagim keladi. Men aytgan oylikni esa O‘zbekistonda qilib berisholmaydi. O‘zbekistonda berishgan oylik bilan farzandimni o‘qitolmayman.

O‘zbekistonda prokuror yoki bankirlar qancha oylik olishini bilasiz. Hozir chet elda eng yuqori oylik shifokorning oyligi hisoblanadi. Prokuror va bankirlar esa shifokordan bir necha barobar kam oylik oladi.

Biz chet eldan kelganimizda bizga bu yerda shuncha oylik berishganining sababi – ular xalqning salomatligi va kelajagi uchun shifokorning muhimligini tushunishgan. Agar O‘zbekistonda ham xalq ahvolini yaxshilashmoqchi bo‘lishsa, shifokor oyligini oshirish kerak. Bu yerda har yillik stajning keyingi yiliga oylikka qo‘shimcha 130-150 dollar ustama beradi. Men kelayotgan paytimda esa oyligimning o‘zi shuncha edi.

«Amerika va Yevropada shifokorlar bitta standartdan foydalaniladi, shuning uchun bitta bemor o‘nta shifokor ko‘rigidan o‘tganda ham bir xil tashxis qo‘yadi»

– Nimaga bir bemorni, u chalingan kasallikni davolashga ixtisoslashgan uch shifokor ko‘rigidan o‘tkazilganda ular uch xil tashxis qo‘yishadi, uch xil muolaja qilishadi?

– Bu narsaning birinchi sababi bizda standartning yo‘qligi. Yagona standart degan narsa bor-da. Masalan, Amerikada ham, Yevropada ham bitta standartdan foydalaniladi. Masalan, ularniki alohida, bularniki alohida emas.

Lekin bizda O‘zbekistonda har bitta kasalxonaga standart tuzinglar, deb buyruq berilgan nechanchi yillarda. Har bitta kasalxona o‘zi uchun standart ishlab chiqqan. Masalan, markazdagi shifoxonalar o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib, standart tuzgan bo‘lsa, chetdagi kasalxonadagilar o‘zining bazasidan kelib chiqib standartlar tuzgan.

Masalan, bitta kasallikka shu-shu dorilar qilinishi kerak deb berildi, lekin chetdagi kasalxonalarda bu dorilar yo‘q, ular o‘zlaridagi bor doridan kelib chiqib standart belgilagan. Endi, qarang, odamlarning qo‘liga dori yozib berish ham shundan kelib chiqadi.

Ya'ni chekka hududdagi kasalxonalar oddiyroq bir standart ishlab chiqadi. Lekin bu oddiy standartdagi davo bilan kasalni chiqarib bo‘lmaydi. Buni u yerda ishlayotgan shifokor tushunib yetgandan keyin bu dorilar bo‘lishi kerak, ularni ishlatish kerak, deydi, lekin klinikada yo‘q. Majbur, yo‘llanma yozib beradi. Kimdir buni tushunadi, kimdir tushunmasdan, keyin shifokor yozib berdi, o‘zining kasalxonasida yo‘qmi, degan tushuncha kelib chiqadi. Bu ham bir misol.

Yagona standartga o‘tish kerak. Har xil bazada har xil o‘qitadi, deyotganlaridek, har xil bazada har xil domla bor-da, har xil domlaning bilimi har xil. O‘zining bilimidan kelib chiqib buni bunday davolaysan, deb turib, o‘zi o‘qigan kitobidan buni o‘qitadi. Bu bazada o‘qiyotgan boshqa kitoblarni o‘qigan bo‘lsa, o‘zining kitobidan kelib chiqib, buni o‘qitadi, bunday qil, deydi.

Xorijda ham fikrlar ko‘p, bu olim bunday bo‘lgani yaxshi, deydi. Bu olim bunday bo‘lgani durust, deydi. Lekin standart haqida gap ketganda bitta standartga kelishiladi. O‘sha standartga amal qiladi. Bu o‘n marta akademikmi yoki endi ish boshlagan odammi, shu yozilgan standartga amal qilishga majbur. Lekin undan chiqib ketib qolsa, kasalda biror asorat bo‘lsa yoki o‘lim holati bo‘ladigan bo‘lsa, standartdan chetga chiqqani uchun u javob beradi. Shuning uchun o‘sha standart bilan ishlaydi.

Agar har bitta klinika standart bilan ishlasa, bir-biridan farqi bo‘lmaydi. Aytilganidek, uch tabaqali vrach bo‘lishi kerak. Bu klinikadagi konsultant bilan boshqa bir klinikadagi konsultant bitta tilda gapirishi lozim. Bilimi bo‘lishi, shu standartni bilishi, u standartga amal qilishi kerak, bo‘ldi.

Masalan, menga kelsangiz ham shu davoni yozib beraman. Boshqa katta akademikka borsangiz ham, u bundan chiqib keta olmaydi. Xuddi men yozganlarni ko‘radi-da, dunyodagi standartga to‘g‘ri narsalarni yozibdi, bunaqa holatda shunday qilish kerak edi. Men ham xuddi shu holatdagi narsalarni aytaman, deydi. Hech narsa qo‘shmaydi ham, olib tashlamaydi ham. Birinchidan, bu – kasalning yaxshi bo‘lishiga yordam beradi. Ikkinchidan, bemorlarning oldida shifokorlarning obro‘siga ham yaxshi bo‘ladi.

Bizda nima bo‘ladi? Bitta shifokordan borib davo yozdirib keladi-da, ikkinchi shifokorga kelsa, «Kim yozib berdi buni, eee, bo‘lmabdi, bunday-bunday bo‘lishi kerak edi», deydi, boshqasiga borsa, boshqasi buni yomonlaydi. Bir-birini yomonlash bilan kun o‘tayotganga o‘xshab qoladi-da. Bu degani shifokorning bemor oldida obro‘si yo‘qoladi.

«Chet eldan malakali konsultantlarni olib kelib ishlatish kerak»

– O‘zbekistondan shifokorlarni xorijga yuborib malakasini oshirgan yaxshimi yoki chet eldagi malakali mutaxassislarni olib kelib, shu yerda ish o‘rgatgan afzalmi?

– O‘zbekistondan bir necha shifokorni u yoqqa yuborib, ular yarim yil, bir yil shug‘ullanib kelishiga vaqt ketadi. Buni ham yo‘lga qo‘yish kerak, lekin hozirgi paytda qilinishi kerak bo‘lgan ishlardan bittasi chet eldagi konsultantlarni olib kelib, klinikalarga bitta-bitta qo‘yish kerak.

Eshitdimki, «Akfa»ga hind shifokorini olib kelib, anesteziolog-reanimotolog konsultant ekan, u chet el standarti bo‘yicha ular bilan birga ishlab, qo‘l ostidagilarga tushuntirib, shunaqa tarzda ishlatadi.

Har bitta konsultant kelib, klinikalarda ishlaydigan bo‘lsa, chekka hududlardagi shifokorlar ham kelib, bir-ikki oy ular bilan ishlasa, bu vrach kelib, 1-3 yilga shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, kattaroq oylik beriladi. Lekin juda katta pul ketib qolmaydi vrachlar borib o‘qib kelishi bilan taqqoslaganda. Shuning uchun ularni olib kelish eng kerakli narsa.

Yana bir narsani aytmoqchiman, tibbiyotda rivojlanish bo‘lishi uchun tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish kerak. Oddiy bir misol, bu yoqda yurib, o‘yladim, nega o‘tilishi kerak? Buni xalqqa chiroyli tushuntirib berish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy sug‘urta joriy etilishi haqidagi xabarlarning tagida odamlar vrachlarni so‘kib yotadi. Mana, shifokorlar bizdan yana pul olmoqchi deb. Yo‘q! Bu yerda tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish shifokorlar uchun zararli narsa. Nimaga?

Masalan, bir bemor keldi va davo olmoqchi, lekin pul to‘lolmaydi bunga. Amerika, Yevropa davlatlari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt kabi davlatlar kambag‘al davlatlar emas. Juda boy davlatlar. Lekin bularda ham tibbiy sug‘urta tizimi bor. Nega? Chunki tibbiyot shunday katta pul talab qiluvchi sohaki, shunday katta davlatlar ham buni ta'minlab berishi katta ish.

O‘zbekistonda juda ko‘p marta tekin tibbiyot qilib beramiz degan harakatlar bo‘lgan, bu narsa O‘zbekiston budjetining juda katta qismini yeb qo‘yib, yaxshi bo‘lmaydi. Tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tiladigan bo‘lsa, uni har bir odam o‘zi to‘lashi shart emas, ishlayotgan joyida ishxonasi ta'minlab berishi mumkin, masalan, bizda barchamizni davlat sug‘urta qilgan. Ko‘p joylarda shunday. Katta-katta tashkilotlar o‘zi sug‘urta qilib beradi. Deylik, o‘zini 100 000 so‘mga sug‘urta qildi. Lekin bir yil ichida shu sug‘urta paytida uni 12-15 million so‘mlik operatsiya qilish kerak bo‘lib qoldi. Sug‘urta hisobida bu unga foydali bo‘ladi.

Ikkinchidan, davlat faqat tekinga qilaveramiz, desa, budjetdan arzimagan ajratilgan pulga, arzon sho‘rva tatimas, deydi-ku, shunaqa bo‘laveradi. Yaxshi tibbiyot bo‘lishi uchun u yerga pul tushishi, o‘rni to‘ldirilishi kerak-da. Yangi dorilar, yangi apparatlar olish uchun pul zarur, pul esa o‘sha sug‘urtadan tushishi kerak.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi
Mirvohid Mirrahimov – tasvirchi

Top