20:14 / 22.11.2020
11343
«Bu masala hali ochiq» - Safoyev O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilishi ehtimoli haqida

O‘zbekiston aholisining katta qismi, hukumat va parlament ham Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish kerakligi borasida konsensusga ega. Ayni paytda, YeOIIga a'zolik masalasi ochiq qolmoqda. Bu haqda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev AQShga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 15–22 noyabr kunlari AQShda bo‘lib, navbatdagi o‘zbek-amerika maslahatlashuvlarini o‘tkazdi.

Safar davomida, 17 noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Vashingtondagi Atlantika kengashida AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh diplomati Jonatan Henik bilan uchrashdi.

TASS xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkiloti va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zoligi borasida ham so‘z yuritilgan.

«JSTga a'zo bo‘lish O‘zbekiston uchun yuqori ustuvorlikka ega va biz ushbu tashkilotga qo‘shilish jarayonlaridagi hamkorligi uchun AQShdan minnatdormiz. O‘tgan hafta O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov va AQSh Savdo vaziri Uilbur Ross juda muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazishdi. Yana bir bor AQSh bizni qo‘llab-quvvatlashiga ishonch hosil qildik», – degan Sodiq Safoyev.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistondagi bir qator mutaxassislar JSTga a'zolik mamlakatdagi «biznesning jahon miqyosidagi raqobatga tayyorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi» degan xavotirda. Shu bilan birga, Safoyev «aholining katta qismi» ham, hukumat va parlament ham JSTga qo‘shilish kerakligi borasida yakdil fikrga ega ekanini ta'kidlagan.

Senator YeOII haqida gapirar ekan, bu masala jamiyatda ko‘proq qarama-qarshiliklarga sabab bo‘layotganini qayd etdi. U hisobga olinishi kerak bo‘lgan faktorlar ko‘pligini, ammo «uchta asosiy omil» borligini aytgan. Bular – YeOII mamlakatlaridagi millionlab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari, yangi transport yo‘laklari va eksport uchun katta imkoniyatlar ochilishi.

«Bu – [YeOIIga qo‘shilish] tashqi savdo siyosati mustaqilligini, kichik va o‘rta biznesning xorijdagi tajribaliroq hamkorlar oldidagi pozitsiyasini pasaytiradimi-yo‘qmi, shuni ko‘rib chiqyapmiz. <...> Bu masala hali ochiq», – degan O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari.

O‘z navbatida, Jonatan Henik AQSh O‘zbekistonning JSTga a'zoligini qo‘llab-quvvatlashini eslatib, JST – katta ko‘lamdagi uzoq yillik tashkilot ekanini, YeOII esa hali yosh va nisbatan kichikroq birlashma ekanini ta'kidlagan.

«O‘zbekiston haqiqatan ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishi lozim, deb hisoblaymiz», – degan AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh diplomati.

Eslatib o‘tamiz, shu yil aprel oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kuzatuvchi-davlat maqomida YeOII bilan hamkorlik qilishga ovoz bergan. Unda qatnashgan 132 deputatdan 86 nafari buni yoqlagan, 32 nafar deputat qarshi bo‘lgan, 14 nafari esa betaraf ovoz bergandi.

May oyida esa masala Senatda ham ovozga qo‘yilib, tasdiqlandi. 71 senator YeOII kuzatuvchisi bo‘lishni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 16 senator qarshi chiqdi, yuqori palataning 4 a'zosi betaraf qoldi.

Iyul oyida O‘zbekistonning JSTga a'zoligi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu ishchi guruhning 3-yig‘ilishi 2005 yilda o‘tkazilgandi. Ayni paytda O‘zbekiston JSTga a'zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarga tayyorlanmoqda.

Top