19:46 / 23.11.2020
5143
Farg‘ona vodiysida viktimlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda

Farg‘ona vodiysida viktimlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura akademiyasida OAV vakillari uchun tashkil qilingan press turda ma'lum qilindi.

Illyustrativ foto

«Victims [ingliz tili] – bu “jabrdiydalar, qurbonlar” degani bo‘lib, ya'ni loyihaning asosi jinoyat qurbonlari bilan bo‘ladigan so‘rovlar asosida tadqiqot o‘tkazishdir. Bu loyiha UNODC bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Buning uchun autsorcing kompaniyasi, xalqaro ekspertlar va donorlarning mablag‘lari jalb qilingan. O‘zbekiston avval bu kabi tadqiqotlar o‘tkazilmagan», – deydi Bosh prokuratura akademiyasi xodimi Nosirjon Asqarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

“Viktimlashtirish loyihasida butun Farg‘ona vodiysi va Toshkent olinadi hamda ushbu hudud aholi eng ko‘p aziyat chekayotgan jinoyat turlari o‘rganiladi. Shundan so‘ng bizda nima sababdan hududda bu jinoyat turlari oshayotgani yuzasidan tasavvur paydo bo‘ladi. Oshayotgan jinoyat turlarini bartaraf qilish usullari ko‘rinadi.

Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchini umumiy profilaktikaga emas, balki muayyan nuqtalarga [ko‘proq] qaratishga imkonimiz bo‘ladi”, – deydi Nosirjon Asqarov.

Ma'lum qilinishicha, umumiy loyihada respublika bo‘ylab 3 mingta respondent ishtirok etadi:

“Xalqaro standartlarga ko‘ra, loyihada respublika bo‘ylab 3 mingta respondent qatnashishi belgilangan. Shundan so‘nggina ushbu tadqiqot natijasiga asoslanish mumkin bo‘ladi. Farg‘ona vodiysida har bir hududdan kamida 250 ta respondent ushbu tadqiqotda qatnashadi. Respondent jinoyatdan jabr ko‘rgan yakka shaxs ham yoki butun bir oila ham bo‘lishi mumkin.

Farg‘ona vodiysida viktimlashtirish loyihasi bo‘yicha hozirgi kunda tender o‘tkazilmoqda. Tender natijasida jalb qilinadigan xalqaro autsorcing kompaniyasining o‘ziga xalqaro donorlar tomonidan 50 ming AQSh dollari ajratilgan. Bundan tashqari loyihaga ekspertlar jalb qilish va tadqiqotlar olib borish uchun ketadigan xarajatlarni ham hisoblaganda loyiha qiymati 100 ming dollardan ortib ketadi”, – deydi mutaxassis.

Ushbu loyiha 2020 yilning sentyabr oyida boshlangan va kelasi yilning mart-aprel oylarida yakuniga yetadi hamda natijasi jamoatchilik va tegishli organlarga taqdim qilinadi.

Top