21:50 / 23.11.2020
3953
Is gazidan zaharlanish yana kun tartibida. FVV qanday choralar ko‘rmoqda?

Bugun, 23 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqov ishtirokida «Is gazidan zaharlanish holatlari va uni oldini olish bo‘yicha qilinayotgan choralar» mavzusida brifing o‘tkazildi. Unda qish mavsumida aktual macalaga aylanadigan is gazidan zaharlanish va uning oldini olish mavzusida so‘z bordi.

«Ob-havoning keskin pasayishi munosabati bilan respublika bo‘ylab profilaktik tadbirlar kuchaymoqda. Ayni damda respublika bo‘ylab 812 ta ishchi guruh tashkil etilgan. Ular uyma-uy yurib, isitish tizimida qanday kamchilik aniqlansa kerakli idoralarga ma'lum qilishmoqda. Shuningdek, isitish pechlarida kamchilik aniqlansa, mutaxassislar yordamida bartaraf etilmoqda.

Ishchi guruh tarkibi FVV xodimlari, hududiy gaz ta'minoti korxonalari va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat. Hududlarda odamlarning uylariga borib, ular bilan yuzma-yuz gaplashgan holda fuqarolarga gaz-havo aralashmasi chaqnashi haqida, is gazi haqida batafsil tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida eslatmalar va bukletlar tarqatilmoqda», – dedi Murod Sodiqov jurnalistlar bilan suhbatda.

FVV vakili uyda gaz hidi seziladigan bo‘lsa, tezlik bilan hudud gaz ta'minotining 104 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini aytdi: «Agar gaz hidini sezsangiz, hududiy gaz ta'minoti bo‘limlariga qo‘ng‘iroq qiling, ular mutaxassis jo‘natishadi va kamchilik bartaraf etiladi», dedi Murod Sodiqov.

Top