08:26 / 23.11.2020
1013
O‘zbekiston – Hindiston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

2020 yil 20 noyabr kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston – Hindiston siyosiy maslahatlashuvlarining 14-raundi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Orziyev, Hindiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vikas Svarup boshchilik qildi.

Muzokaralar chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlarning jadvali, kun tartibi va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 va 2019 yillarda Hindistonga tashriflari va oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatdan yangi pog‘onaga ko‘tarish imkonini bergani qayd etildi.

Muzokaralarda BMT, ShHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Hindiston tomoni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT va ShHT doirasida ilgari surgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Afg‘oniston ishtirokidagi «Hindiston – Markaziy Osiyo» vazirlar muloqotining mintaqalararo hamkorlikni jadallashtirish va uning mexanizmlarini takomillashtirishdagi roli e'tirof etildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishda so‘nggi yillarda sezilarli o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgani ta'kidlandi.

Investitsion hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli jabhalarida yangi zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratishga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Hindiston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik munosabatlarining yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasida bevosita aloqa o‘rnatilishiga, qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarishning faollashishiga imkon yaratishi qayd etildi.

Turizm, ta'lim, texnologiyalar, sport, sog‘liqni saqlash va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikning hozirgi darajasi alohida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda Amiti va Sharda universitetlarining filiallari ochilgani olqishlandi, boshqa universitetlarning filiallarini va mamlakatning sohaviy oliy ta'lim muassasalarida qo‘shma kafedralar ochish orqali ta'lim sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga o‘zaro qiziqish borligi tasdiqlandi. 

Madaniy muloqotni yanada chuqurlashtirish, jumladan uni ikki mamlakatda Madaniyat kunlarini o‘tkazish yo‘li bilan mustahkamlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top