18:05 / 23.11.2020
35835
«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi

Bugun O‘zbekiston hududlari ustidagi antitsiklonning sovuq periferiyasi kuchsizlanadi, respublikaning barcha hududlarida ob-havo ochiq bo‘lishi kutilmoqda. 

Foto: KUN.UZ

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, havo harorati 2 daraja sovuq-3 daraja iliqdan biroz ko‘tariladi. 24-25 noyabrda respublika hududlariga Qozog‘iston hududlaridan yana havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, lekin bu massalar avvalgisiga o‘xshab uncha sovuq bo‘lmaydi. Ushbu havo massalari natijasida 24 noyabrda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida, 25 noyabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ba'zi joylarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi, ob-havo bulutli bo‘ladi. Ba'zi joylarga tuman tushishi mumkin. Havo harorati 24 noyabrda kechasi 3-8 daraja sovuq, kunduzi 2-7 daraja iliq, shimolda kechasi 5-10 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq, 25 noyabrda havo harorati kechasi 0-5 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq bo‘ladi.

26 noyabrda antitsiklon periferiyasi ortga chekinadi, O‘zbekiston hududlariga deyarli iliq havo massalari kirib keladi. Respublikada yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda. Kechasi sovuq biroz kuchsiz bo‘ladi va 0-5 daraja sovuqni tashkil etadi, kunduzi havo harorati 7-10 daraja iliqni tashkil etadi, bu haroratning me'yoriy qiymatlariga yaqindir.

27 noyabrda respublikaning shimoliga Kavkaz hududlaridan nam va sovuq havo massalarini kirib kelishi bilan ba'zi joylarda qor yog‘ishi mumkin, qolgan hududlarda yog‘ingarchiliksiz iliq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kechalari manfiy qiymatlargacha biroz ko‘tariladi, kunduzi 5-10 daraja iliq atrofida, janubda 11-13 daraja iliqqacha bo‘ladi.

28 noyabrda bu sovuq havo respublikaning barcha hududlariga tarqaladi, ba'zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 27-28 noyabrda ba'zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi 3 daraja sovuq-2 daraja iliq, kunduzi 2-7 daraja iliq bo‘ladi, bu me'yordan 5-7 darajaga kamdir. Respublikaning ba'zi joylariga tuman tushishi mumkin.

Top