22:58 / 23.11.2020
9830

«So‘z erkinligi uchun davomli kurash» - The Diplomat O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlarga e'tibor qaratdi

O‘zbekistonda fikr bildirish erkinligi nazorat ostida va mo‘rtligicha qolmoqda, ammo so‘nggi yillardagi cheklovli oshkoralik ortga qaytarib bo‘lmas jarayonga aylanishi mumkin. Bosh tahririyati Vashingtonda joylashgan The Diplomat jurnalidagi «O‘zbekiston: So‘z erkinligi uchun uzoq kurash» sarlavhali maqola yuqoridagi satrlar bilan boshlanadi.

Toshkentda yashayotgan polyak jurnalisti Agneshka Pikulitska-Vilchevska o‘z maqolasida Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi to‘rt yilda qilingan ijobiy qadamlarni qayd etib, so‘z erkinligi bo‘yicha O‘zbekistondagi hozirgi vaziyatga oid kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashgan.

«Yangi rahbar fuqarolarga o‘z xavotirlari va shikoyatlarini aytish uchun ko‘proq imkoniyat berdi. Oldin bloklangan ijtimoiy tarmoq platformalari va xorijiy saytlarga to‘siqlar olindi. Ko‘plab blogerlar va saytlar paydo bo‘lib, mamlakatning bo‘shab qolgan media maydonini to‘ldirdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar kunning ijtimoiy-siyosiy masalalarini ochiq muhokama qilish uchun maydonga aylandi.

Ammo Mirziyoyev islohotlarining to‘rt yili davomida, O‘zbekistonda so‘z erkinligi to‘la ta'minlandi, deb bo‘lmaydi. Prezident bir necha bor o‘z chiqishlarida jurnalist va blogerlar hokimiyatdagi kishilarni erkin tanqid qila olishi kerakligi haqida gapirgan va bu borada ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston so‘z erkinligi bo‘yicha ko‘plab reytinglarda hamon so‘nggi pog‘onalarda qolmoqda.

«Chegara bilmas muxbirlar»ning 2020 yilgi Jahon matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 156-o‘rinda qayd etilgan (mamlakat 2016 yilda 166-pog‘onada joylashgandi). Freedom House esa O‘zbekistonni erkinlik darajasi eng quyi davlatlar qatorida sanashda davom etmoqda: 2020 yilda O‘zbekistondagi erkinlik darajasi 100 balldan 10 ballga baholangan (2017 yilda bu ko‘rsatkich 100 balldan 3 ball bo‘lgan).

Sentyabr oyida, Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ishtirokida o‘tkazilgan konferensiyada, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov mamlakatning xalqaro reytinglarda past o‘rinlarda qolayotganiga izoh bergan edi.

«2017 yildan 2020 yilgacha O‘zbekiston reytingda 13 pog‘onaga yuqoriladi. Lekin muammolar yo‘qmi? Albatta, bor. Jurnalist yoki blogerda qo‘rquv yo‘qmi? Albatta, bu ham bor. Aks holda, natija bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi.

Ayrim shaxslar senzurasi, jurnalist va blogerlarning o‘z-o‘zini senzuralashi, hukumat rasmiylarining tahdidi va bosimi – tabiiyki, bu omillar hamon mavjud va biz bunga qarshi kurashyapmiz», – dedi u.

«Shu kunlarda prezident topshirig‘i bilan yana bir muhim hujjat, ya'ni ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun chiqishi kerak. Biz hali ham yo‘lning boshida ekanligimizni va bu yo‘lda xato va kamchiliklar bo‘lishini tushunamiz», – degandi Komil Allamjonov.

Xatolar, afsuski, kamdan kam kuzatilayotgani yo‘q. Badavlat va qudratli odamlarni tanqid qilganlar aksar hollarda bosim yoki tahdidlarga uchramoqda.

Sentyabr oyida videobloger Shavkat Egamberdiyev tarmoqqa joylagan videosini o‘chirishga majburlandi; video go‘yoki Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev asos solgan Artel va Akfa kompaniyalari obro‘sini to‘kishga qaratilgan deb hisoblandi. 2019 yil noyabr oyida hokim jurnalistlarga ularni jamoatchilik oldida uyatga qoldirish bilan tahdid qilgani audiosi tarqalgandi.

Toshkentdan tashqarida vaziyat yanada jiddiyroq. Avgust oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi rasmiylari respublika rahbarining vafoti haqida xabar tarqatgan jurnalistlarni yarim tunda so‘roq qilishdi, mazkur xabar esa bir necha kun o‘tib tasdiqlandi. O‘sha oyda eksklav So‘x tumanidan bo‘lgan o‘zbek bloger, Farg‘ona viloyatining uzoq yillik hokimi Shuhrat G‘aniyev iste'fosini so‘ragani uchun boshiga qop kiydirilgan holda Farg‘onaga olib ketildi. Bir necha hafta o‘tib, G‘aniyev bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlandi», – deb yozadi xorijlik jurnalist.

Pikulitska-Vilchevska o‘z maqolasida O‘zbekiston so‘roviga binoan Bishkekda qo‘lga olinib, Toshkentga ekstraditsiya qilingan Bobomurod Abdullayev voqeasiga atroflicha to‘xtalgan. Muqaddam sudlangan taniqli jurnalistning navbatdagi marta qo‘lga olinishi bilan bog‘liq voqealar ijobiy yakun topganini qayd etgan.

Shu bilan birga, polyak jurnalisti «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat haqida ham eslab, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning sobiq muxbiri Anora Sodiqova bilan bog‘liq holatga e'tibor qaratgan. Sodiqova Sardobadagi odamlar bilan suhbatlashishi asnosida qanday xulosaga kelgani haqida Facebook'da post qoldirgach, u ishdan bo‘shatilgan edi.

«Bosim o‘tkazishning bilvosita yo‘llari ham bor. Ayrim jurnalistlarning The Diplomat'ga aytishicha, biznes-magnatlarga qarashli kompaniyalar jurnalist va blogerlar uchun press-turlar uyushtirib, ularga yaxshi muomala va sovg‘alar berish orqali, OAVda e'lon qilinadigan axborotlarga ta'sir o‘tkazishga urinishmoqda. Ayrimlar esa mahalliy universitetlar talabalaridan iborat «trollar fabrikasi»ni tashkil etib, o‘z xo‘jayinlarining nomaqbul xatti-harakatlari haqidagi postlarni qoralashni ma'qul ko‘rmoqda.

Ammo bosimlarga qaramay, ayrim jarayonlarni to‘xtatib qo‘yish imkonsiz», – deyiladi The Diplomat'dagi maqolada.

Maqolaga Hook.report bosh muharriri Darina Solodning fikrlari bilan yakun yasalgan.

«Odamlar OAVga intervyu berishga qo‘rqardi. Hozir esa, sizni kamera bilan ko‘rib qolishsa, jon deb gapirishga tayyorlar.

<…> Jamiyat o‘zgardi, endi axborot oqimini nazorat qilish imkonsiz. Facebook'ni bloklashga urinishlari mumkin, lekin odamlar bu taqiqni qanday aylanib o‘tishni bilishadi. Karimov davriga qaytishga urinishlari ham mumkin, ammo bu ish bermaydi».

Mavzuga oid
Top