15:10 / 23.11.2020
27176

«Turkiston» saroyi atrofida belgi qo‘yilgan daraxtlar yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri «Turkiston» saroyi atrofida maxsus belgi ostiga olingan daraxtlar, ularning kesilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan xabarlar joylashtirilmoqda. 

Foto: Telegram /Mirzo Zominiy

Davlat ekologiya qo‘mitasining ma'lum qilishicha, Toshkent shahri markaziy ko‘chalaridagi daraxtlar holatini aniqlash maqsadida 2020 yil noyabr oyida Davlat ekologiya qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi va jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilgan. Mazkur guruh tomonidan ayni vaqtda A. Navoiy ko‘chasi bo‘ylab tabiiy omillar yoki o‘simlik zararkunandalari ta'sirida zararlangan, o‘zining biologik yoshini o‘tab bo‘lgan, turli kommunikatsiyalarga tahdid solayotgan daraxtlar o‘rganilib, maxsus belgilar qo‘yildi.

«Belgi ostiga olingan daraxtlar «aniq kesiladi» degan fikrlar noo‘rin bo‘lib, aksincha, mazkur daraxtlarni da'volash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. Bunda har bir daraxtga individual yondashib, imkon qadar saqlab qolish, yangi ko‘chatlarni ekish rejalashtirilgan», – deyiladi qo‘mita xabarida.

Ta'kidlanishicha, Davlat ekologiya qo‘mitasi tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda prezidentning 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son farmoniga muvofiq daraxtlar va butalarni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlardan kelib chiqqan holda moratoriyning amal qilish muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligi, shuningdek, Toshkent shahri Obodonlashtirish boshqarmalari huzurida o‘simliklarni muhofaza qilish hamda saqlash xizmatlarini tashkil etish yuzasidan takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritdi.

Top