15:59 / 24.11.2020
169768

2021 yilda gaz va elektr energiyasi iste’moli uchun tariflar oshirilmaydi

2021 yilda gaz va elektr energiyasi iste’moli uchun tariflar hamda soliq to‘lovlari oshirilmaydi. Mazkur norma “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga kiritilgan bo‘lib, qonun loyihasi bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yalpi majlisda qonun loyihasiga kiritilgan ushbu norma fuqarolarga yengillik yaratish va pandemiya davrida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini o‘zgartirishsiz saqlab qolish bo‘yicha topshiriq bergandi. «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev davlat rahbari elektr energiyasi korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini tariflarni oshirish emas, balki ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hisobida amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgandi.

  • Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari so‘nggi bor o‘tgan yilning 15 avgustida oshgandi. Dastlab narxlarni 2019 yil 1 iyundan oshirish rejalashtirilgan, biroq muddat kechiktirilgandi.
  • 2019 yil 15 avgustdan esa aholiga yetkazib berilayotgan 1 kubometr tabiiy gazning bahosi hisoblagich bo‘lganda 380 so‘m etib belgilagandi. Hisoblagich bo‘lmaganda ovqat pishirish yoki sovuq suvni isitish uchun ishlatiladigan gazning narxi 660 so‘m, xonani isitish uchun esa 380 so‘m bo‘lgandi.
  • Shuningdek, maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt·s elektr energiyasi narxi 250 so‘mdan 295 so‘mga oshirilgan, boshqa toifadagi iste’molchilar uchun 450 so‘m etib belgilangandi.
Top