21:03 / 24.11.2020
4900
Andijon viloyatida qurilish sohasida 8 milliard so‘m talon-toroj qilingan – prokuratura

Andijon viloyatida 2019 yil va 2020 yilning o‘tgan davrida qurilish sohasida 8 mlrd so‘m talon-toroj qilingan, qurilishga oid turli masalalarni hal qilish uchun qariyb 53 ming dollar pora olingan, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan o‘tgan ikki yil mobaynida 48 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Andijon viloyat prokuraturasi 2019 yilda va 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan hududda qurilish sohasida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar haqida ma'lumot taqdim etdi.

«Bugungi kunda sohada tartib-intizomni yanada kuchaytirish, davlat xaridlarida shaffoflik va adolatni ta'minlash talab etilsada, afsuski, qurilish sohasi eng korrupsiyalashgan soha bo‘lib qolmoqda. Bu sohada yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 2019 yil va 2020 yilning o‘tgan davrida 48 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi», deyiladi axborotda.

Prokuratura qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender o‘tkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlari ayrim kimsalar uchun boylik orttirish manbai bo‘lib qolganini bildiradi.

O‘tgan ikki yil davomida ushbu sohaning 11 nafar mas'ul xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, loyiha institutlarining 1 nafar, qurilish boshqarmasining 1 nafar, «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining 9 nafar, «Qishloq qurilish invest» kompaniyasining 8 nafar, sobiq kadastr qo‘mitasining 18 nafar mas'ul xodimlari qurilishga oid qing‘ir ishlari uchun sud oldida javob berdi.

Vaziyat shu darajaga yetib borganki, korrupsiya aralashmagan birorta qurilish bosqichi yoki yo‘nalishi qolmagan.

Viloyatda o‘tgan ikki yilda faqat tergov o‘tkazilgan jinoyat ishlari bo‘yicha qurilish sohasida 8 mlrd so‘m talon-toroj qilingani, qurilishga oid turli masalalarni hal qilish uchun qariyb 53 ming dollar pora olingani aniqlandi.

So‘nggi yillarda budjetdan moliyalashtiriladigan qurilish ishlari uchun belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmaslik, pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish kabi korrupsiyaviy amaliyot avj olgan.

Marhamat tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi A.A. fuqaro Sh.U.dan tuman zaxirasida bo‘lgan 0,1 gektar yer maydonini dastlab ijara asosida foydalanish, so‘ng unga egalik huquqini beruvchi qaror chiqarilishini hokimiyat orqali hal qilib berish evaziga 600 AQSh dollari olganida ushlangan. Loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash jarayonlari ham korrupsiya va suiiste'molchiliklardan xoli emas.

Qurilishga yer ajratish, ruxsat berish va boshqa turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish evaziga Asaka tumani qurilish bo‘limi xodimi 500 dollar olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi», deyiladi Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda.

Top