13:11 / 24.11.2020
10554

Dahshatli haqiqat: oxirgi 14 yilda 26 mingdan ko‘proq afg‘on bolalari o‘ldirilgan yoki mayib qilingan

Afg‘onistonda so‘nggi 14 yilda har kuni o‘rtacha 5 nafar bola o‘ldirilgan yoki otilgan.

Foto: Getty Images

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 2005-2019 yillar oralig‘ida 26 mingdan ko‘proq bola o‘ldirilgan yoki mayib qilingan, deb yozmoqda BBC.

2020 yilgi Afg‘oniston konferensiyasi oldidan shu hafta Jyenevada bo‘lib o‘tgan donorlar uchrashuvida “Bolalarni asrang” (Save the Children) xalqaro xayriya tashkiloti donor davlatlarni afg‘on bolalari kelajagi uchun ko‘proq investitsiya kiritishga chaqirdi.  

Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston bolalar uchun xavfli bo‘lgan 11 davlatdan biri hisoblanadi.

Xayriya tashkiloti o‘z hisobotida Afg‘oniston uchun 2019 yilni eng ko‘p qotilliklar va jabrlanishlar sodir etilgan muddat deb atamoqda. Bu yilda 874 nafar afg‘on bolasi o‘ldirilgan, 2 275 nafari esa nogiron bo‘lib qolgan.

“O‘tgan yili o‘ldirilgan va mayib bo‘lgan bolalarning uchdan ikki qismi o‘g‘il bolalar edi. Ular hukumat tarafdorlari va unga qarshi kuchlarning kurashlari va turli portlashlar qurboni bo‘lishgan”, – deyiladi hisobotda.

Hisobotga ko‘ra, afg‘on hukumati bilan Tolibonlar va boshqa harakatlar o‘rtasidagi davomli mojarolar oqibatida maktablar doimiy ravishda hujumlarga uchrab kelmoqda. Masalan, 2017-2019 yillar oralig‘ida maktablarga 300dan ortiq hujum bo‘lgan. 

“Bolangiz bugun biror hujum yoki havo operatsiyasi oqibatida vafot etishi mumkinligi qo‘rquvini his qilib yashashni tasavvur qilib ko‘ring. Bu bolalari o‘ldirilgan yoki jarohatlangan o‘n minglab afg‘on ota-onalar uchun dahshatli haqiqat”, – deydi Bolalarni asrash tashkilotining Afg‘oniston bo‘yicha direktori Kris Nyamandi. 

Top