14:21 / 24.11.2020
30525

Din, jamiyat va xayriya. Rustamjon domla bilan katta suhbat

Qariyb 20 yildan buyon din xizmatida bo‘lib, ayni paytda Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi masjidda imomlik qilib kelayotgan Rustamjon Hamidov yetimparvar xayriya tashkilotchisi sifatida keng jamoatchilikka tanila boshladi. Shuningdek, uning ommaviy chiqish va ma'ruzalari ijtimoiy tarmoqlarda Rustamjon domla nomini yanada ko‘proq odamga tanitdi. Kun.uz bilan suhbatda Rustamjon domla din, jamiyat va xayriya ishlari, shuningdek, boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tumandagi «Oqqo‘rg‘on» masjidida xizmat qiluvchi Rustamjon Hamidov suhbat davomida diniy ta'lim, xayriya va dinga jamiyatning munosabati, muhtojlarga e'tibor haqida mulohazalarini bildirdi.

Sizning shakllanishingizda, shaxs sifatida kamolga yetishingizda kimlarning o‘rni, ta'siri bo‘ldi?

— Bismillahir rohmanir rohiym. Uchrashuvlarda savol-javoblardagi meni eng hayajonlantiradigan, «shu savol bo‘lmasaydi», degan savollardan biri. Yoshligim sal og‘irroq o‘tgan. Bizda qishloqda ena (buvi – tahr.) deb aytamiz, enam bilan katta bo‘lganman. Taqdir shunday bo‘lgan. Menimcha, shu bugungi faoliyat – imomlik ham, xayriyalarning amalga oshirilishining asosiy sababi – shu, enamizning ikkita narsada ta'siri bo‘lgan. Birinchisi – juda dindor odam edilar, ko‘p ibodat qilardilar. Ikkovimizning suhbatimiz asosan dindan, eskilarimizni, ulug‘larimizning odob-ahloqlaridan bo‘lardi. Ikkinchi ta'sir – yetimlikda katta bo‘lganim ta'siri.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) ham yetim bolalarni yaxshi ko‘rardilar, mehribon edilar. O‘zlari yetimlikda katta bo‘lganliklari uchun bu narsaga ko‘p e'tibor berardilar. Albatta, o‘sha kunlar hayotimizga ta'sir qilgan.

Aytib bera olasizmi, suhbatlarda, siz yolg‘iz qolib, sizga saboq bergan paytlardan ko‘proq nimalarni eslaysiz? Balki hanuzgacha jaranglab turgan gaplar bordir, kitoblardan aytilgan iqtiboslar bordir.

— Ko‘proq eski zamonlardan gapirib bergan. Enam 10-yilda (1910 yillar nazarda tutilmoqda – tahr.) tug‘ilganlar. Eskilardan eshitgan o‘zlaridan avvalgi 50-60 yillikni eslaydilar. O‘sha vaqtdagi odamlardagi oqibatni qo‘msayman. Yaxshiliklar, bir-biriga mehribonliklar, ayniqsa urush davrlarini xuddi ko‘rgandekman. Har kungi bo‘lgan voqealarni aytib berardilar. Eng asosiy narsa – halollikka qattiq turardilar. Yosh bolaman – qo‘shnimizning o‘rigidan, olmasidan olgan bo‘lishim mumkin. Shuni bilib qolsalar, xafa bo‘lib qolardilar. U kishini xafa qilmaslik uchun ko‘p narsaga tayyor edim, menga ko‘p mehribonchilik qilganlar, Xudo rahmat qilsin.

Keyinchalik bu yo‘lda sobit bo‘lishga yana nima turtki bo‘ldi?

— Enamning ta'limini qarang-da: odamlarga foydang tegsin, derdi. Odamlarga foydasi tegadigan ikkita kasb bor, derdi. Birinchisi, odamlarning uyini quradigan usta, gaplarini qarang. Qiyomat qoyim bo‘lganida odamlarga hunar bilan yordam bergan sartarosh, duradgor ustalarni qiyomat kuni qo‘llaridan  nur chiqadi, derdi. Shunda menda ana shu kasbga ishq paydo bo‘ldi. Yoshligimdan duradgor bo‘lishni xohlab, bir tog‘amiz ana shunday usta edi, shu kishiga shogird tushdim. Bu odam ham diniy ta'limi bor odam. 

Ikki ustozim, ikkovlari do‘st. Alhamdulillah, ikkovlari ko‘p mehnat qilib, madrasada o‘qitishdi. Madrasadan kelganimdan keyin kelishim bilanoq  2000-yillarda diniy xizmat boshlanib ketdi. Shundan beri alhamdulillah shu xizmatdaman.

Bu qisqa muddat emas. Oradan qariyb 20 yil o‘tdi. 20 yil ichida jamiyatda ong o‘zgardi. Har xil sohalarga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi. Bu orada diniy sohaga bo‘lgan munosabat o‘zgarganmi? 20 yil ichida unda u yoki bu burilishlar bo‘ldimi?

— 2000-yillar... Men diniy sohaning 1993-1995 yillardan buyog‘ini eslayman. U vaqtda din, go‘yoki yangi dindek, xalqimizga kirib keldi. Mustaqillikdan keyin dinimizga erkinlik berildi. Xalq  dinga ochlik, chanqoqlik bilan munosabatda bo‘ldi. Xalqimiz juda boshqacha edi: soddalik ham bor, qiziquvchan, dindorlarni o‘ta sevuvchi. O‘sha zamonda katta bo‘ldik.

Keyin-keyin global olamga kirib bordik. Odamlar dunyoni go‘yo kaftda ko‘rgandek ko‘ra boshladi. Oz-ozdan ixtiloflar paydo bo‘ldi. Har yili xalqni diniy sohaga, din vakillariga qarashi o‘zgaryapti. Talab qattiqroq. Bu narsani tan olamiz. Hattoki, xalq bilan qadam-baqadam yurishning iloji bo‘lmay qolyapti. Mana bugunga kelib, xalqimiz anchagina ilmli. Xalqimizning diniy sohada anchagina ta'limi bor. Savollari, qarashlaridan bilasiz.

Jamiyatda ayrim paytlari uchratib qolaman: bu odam dindor yoki taqvodor deb odamlarga nom qo‘yib aytiladi. Shunga sizning munosabatingiz qanday? Ayrim odamlarga nisbatan bu odam dindor yoki dinga chuqur kirgan, juda taqvodor, eskicha degan nom berilishiga qanday qaraysiz?

— Bu nomning shakllanishi ham turg‘unlik davriga aloqador. U vaqtda odamlar deyarli dinsiz qilib tarbiyalangan. Bu narsa bizga tashvish keltiradi. Nimadan? Biz musulmonmiz. O‘zbek xalqi ming yildan oldin islomni ushlagan, shunga amal qilgan va bu bilan dunyoga ustun bo‘lgan xalq. Endi bugun yangicha, eskicha degan narsa menimcha xalqni yuqori ko‘tarilishiga xalaqit beradi.

Ayrim odamlar buni teskari taqlidda ham aytishadi: ya'ni eskicha qarayotgan yoki dindor odam bizni rivojlanishimizga to‘siq bo‘lyapti, degan savolni o‘rtaga qo‘yishadi. Aslida ham shundaymi?

— Aslida unday emas. Bu narsani eskilik sarqiti deylikda. «Din bizning oyog‘imizga solingan kishan» degan tushuncha bo‘lardi. Biz rus davrida sal-pal yashadik. Mana shu tushuncha qolib ketdi. Din asli nima edi?

Dinning eng asosiy ta'limotlaridan biri – o‘qi. Ahamiyat qilsangiz, Qur'oni karimda birinchi nozil bo‘lgan suraning birinchi oyati «o‘qi» bilan boshlangan. Musulmon odam qachonki har qanday sohada o‘qisagina, durust bo‘ladi. Men masjidlarda, ma'ruzalarda ko‘p aytaman: birodarlar bolalarni o‘qitinglar. Xoh fizika, xoh rus tili, ingliz tili bo‘lsin, xoh diniy ta'lim bo‘lsin. Bu – farz. Musulmon ta'lim olishga majbur. Ta'lim olmasa, albatta orqada qolib ketadi.

Bizda diniy ta'lim deganda hujra tushunib qolindi-da. Qop-qorong‘i hujrada qolib ketadigan odam, deb. Yo‘q, uning o‘sha hujradan porlab chiqishi ham bor. Madrasa, universitetlarda o‘qishi, dunyoga ustun bo‘lishi, dunyoga muallim bo‘lishi ham bor shu xalqning, inshaalloh.

— Bejiz aytmadingiz, bizning dunyoni anglashga bo‘lgan intilishimiz jadal. Internetda, ayniqsa, Youtube'da xorijda bo‘layotgan odamlarning ma'ruzalarini ham tinglashyapti. Yoshlar ko‘proq O‘zbekiston ichidagini emas, boshqa yerlarda ishlab chiqilayotgan ma'lumotlarni, axborotlarni iste'mol qilyapti. Bunga sizning munosabatingiz qanday?

— Payg‘ambarimiz alayhissalomning inson psixologiyasi haqida aytgan bir hadislari bor: odamzot man qilingan narsaga ko‘proq qiziqadi. Aslida qaytarish – jalb qilish. Voizlarimizga imkoniyat, balki majburiyat berish kerak. Voizlarimiz xalqni aytgan, chanqayotgan narsasini bera olishi kerak.

Suhbat davomida imomlarning jamiyatda tutgan o‘rni va keng jamoatchilikning ularga munosabati, yetimni kafillikka olish va xayriya ishlarini tashkil etish haqida, iymon va bugungi dunyoni tashvishlantiruvchi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilgan. Reportajni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustalari – Nuriddin Nursaidov, Asad Allanazarov.

Mavzuga oid
Top