15:38 / 24.11.2020
2967
Huquq himoyachilari Londonni Ar-Riyod va Abu-Dabiga qurol sotishni to‘xtatishga chaqirdi

Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari Saudiya Arabistoni va BAA Yamandagi ko‘p yillik nizolarga aloqadorligi bois Buyuk Britaniyani bu mamlakatlarga qurol sotishni to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: Anadolu Agency

Buyuk Britaniya Human Righs Watch va Amnesty International kabi tashkilotlar chaqirig‘iga quloq solishi hamda Saudiya Arabistoni va BAAga qurol sotishni to‘xtatishi kerak, deyiladi SAM huquqni himoya qilish tashkiloti va Britaniyaning tinchlik va demokratiyani qo‘llab-quvvatlash tashkiloti hisobotida.

Hisobotda aytilishicha, 2010-2019 yillarda Buyuk Britaniya tomonidan sotilgan qurollarning 41 foizini Saudiya Arabistoni olgan. 

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni qurol importining 19 foizi Buyuk Britaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Britaniya kompaniyalari Saudiya Arabistoniga qiymati 3 mlrd funt sterlingga teng samolyot, vertolyot va harbiy qurilmalar hamda qiymati 2,5 mlrd funt sterlingga teng bomba, raketa va qo‘l granatalari sotgan.

Yamanda qurolli harakatlar boshlanganidan buyon Saudiya Arabistoniga kamida 16 mlrd funt sterlingga teng qurol-yarog‘ sotilgan.

Shu bilan birga, huquq himoyachilarining qayd etishicha, BAA Yamandagi nizolarga borgan sari ko‘proq aralashmoqda.

Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti hisobotiga ko‘ra, BAA 2015-2019 yillarda qurol sotib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan.

Yamanda arab koalitsiyasi operatsiyasi boshlanganidan buyon BAA Buyuk Britaniyadan qiymati 715 mln funt sterlingga teng qurol sotib olgan.

Yamanda 2014 yildan buyon «Ansarulloh» shialar harakati va ag‘darilgan prezident Ali Abdulloh Solih tarafdorlari, boshqa tomondan prezident Abdurabb Mansur Hodiga sodiq hukumat qo‘shinlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, olti yillik nizo davomida Yamanda 112 ming kishi halok bo‘lgan.

Top