22:57 / 24.11.2020
3951

Isroil bosh vaziri va Abu-Dabi valiahd shahzodasi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlikka ilgari surildi  

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Britaniyaning lordlar palatasi a'zosi Uilyam Devid Trimbl tomonidan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlar sifatida ilgari surildi. 

Netanyaxu va Ol Nahayon / Foto: Getty Images

Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, Netanyaxu va Ol Nahayon Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga turtki bergan tinchlik kelishuvini tuzganlari uchun Nobel mukofotiga nomzodlikka ilgari surilgan.

Shimoliy irlandiyalik Uilyam Devid Trimblning o‘zi ham 1998 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan. Unga nufuzli mukofot Shimoliy Irlandiyadagi ixtilofni hal qilishdagi sa'y-harakatlari uchun topshirilgan. Netanyaxu ofisida uning nomzodi katta ehtimollik bilan Nobel qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishiga umid bildirilgan. 

Isroil bosh vaziriga Nobel mukofoti topshirilsa, u bu nufuzli mukofotni olgan to‘rtinchi isroillik bo‘ladi. 

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti 1901 yildan beri topshirib kelinadi.

Sentyabrda Vashingtonda Isroil BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvni imzolagandi. Keyinroq Isroil va BAA ushbu kelishuvni ratifikatsiya qilgan. 

Bungacha esa Isroil faqat ikkita arab davlati – 1979 yilda Misr, 1994 yilda esa Iordaniya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan.

1978 yilda Misrning o‘shandagi prezidenti Anvar Saodat va Isroil bosh vaziri Menaxem Begin Isroil bilan kelishuvni tayyorlash va tuzishdagi sa'y-harakatlari uchun tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangandi.

Top