05:20 / 24.11.2020
17960
«Kerakli ishni qilishlarini aytdim» – Tramp o‘z shtabiga hukumatni topshirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp hukumatni topshirish bo‘yicha o‘z shtabiga ko‘rsatma berganini aytdi. Bu haqda prezident Tvitterdagi sahifasida yozdi.

«Men Emili Myorfiga (AQSh Umumiy xizmatlar ma'muriyati – General Services Administration) minnatdorlik bildirmoqchiman. U oxirgi vaqtlarga tahdid va qo‘polliklar girdobida qoldi. U va oilasiga, shuningdek, xizmat xodimlariga yomonlik qilishlarini istamayman.

Bizning ishlar yomon ketmayapti va shu ruhda davom etishimiz, kurashishimiz kerak. Biz g‘olib bo‘lishimizga ishonaman. Mamlakat manfaati uchun Emeliga kerakli ishlarni boshlashini aytmoqchiman (hukumatni topshirish masalasi nazarda tutilmoqda). O‘z jamoamga ham shunday qilishni ko‘rsatma berdim», – deb yozdi Tramp o‘z sahifasida.

CNN'ning yozishicha, AQSh Umumiy xizmatlar ma'muriyati Jo Baydenning shtabini hukumat tranziti (ya'ni, hukumatni qabul qilib olish) jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlanganidan xabardor qilgan. Odatda bu jarayon saylov natijalari e'lon qilinishi bilanoq amalga oshiriladi. Bu yil esa 20 kundan buyon AQShdagi prezidentlik saylovlari natijasi aniq emas. Ovoz berish pochta orqali amalga oshirilgani uchun ularni hisoblash jarayoni cho‘zilib ketgan.

Associated Press hisob-kitobiga ko‘ra, Jo Bayden barcha byulletenlar hisoblanmagan holatda 306 ta vakillik ovoziga ega va unga 80 millionga yaqin amerikalik ovoz bergan. Trampda esa 73 milliondan ortiq saylovchining ovozi va 232 ta vakillik ovozi bor. AQSh saylovlarida g‘olib bo‘lish uchun 270 ta vakillik ovozi yetarli.

Ma'lumot uchun, AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp saylov natijalariga ko‘ra mag‘lub bo‘lsa, amaldagi prezident sifatida saylovda yengilgan oxirgi 28 yildagi ilk siyosatchi bo‘ladi. Oxirgi marta 1992 yil katta Jorj Bush amaldagi prezident sifatida saylovda Bill Klintonga katta farq bilan mag‘lub bo‘lgandi.

Baydenning g‘alabasi rasman e'lon qilinsa, uning inauguratsiya marosimi kelasi yil 20 yanvar kuni o‘tkaziladi. O‘sha kuni tushga qadar esa Donald Tramp amaldagi prezident vazifasini bajaradi. Saylov natijalari rasman e'lon qilinmagani hisobga olinsa, hali Trampda ham g‘alaba qozonish imkoniyati saqlanib qolgan.

Top