08:32 / 24.11.2020
4752
«O‘zgidromet»ning maqomi oshirildi

Prezident tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan:

  • 2020-2025 yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020-2022 yillarda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;
  • Gidrometeorologiya xizmati markazi kuzatuv tarmog‘ini kengaytirish va avtomatlashtirish bo‘yicha dastur;
  • “O‘zgidromet”ning tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparatining tuzilmasi;
  • Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi;
  • Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2021-2023 yillarda o‘tkaziladigan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

“O‘zgidromet” gidrometeorologiya, iqlim o‘zgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi. U:

a) Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi;

b) Jahon meteorologiya tashkiloti Jahon ob-havo xizmatining gidrometeorologik ma'lumotlarni to‘plash, ishlov berish va tarqatish bo‘yicha Mintaqaviy telekommunikatsiya markazi funksiyalarini bajaradi.
 
“O‘zgidromet” huzuridagi “Meteoinfosistem” axborot-texnik boshqarmasi negizida “Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi. Uning xodimlariga “O‘zgidromet” xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va mukofotlash tartibi qo‘llaniladi.
 
“O‘zgidromet” tuzilmasida:

bosh direktorning axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda bosh direktorning moliya-xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari joriy etiladi;

Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmasi tashkil etiladi.
 
2021 yil 1 yanvardan boshlab:

a) “O‘zgidromet” va Meteoinfokom xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda YaTS bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlari uchun belgilangan tarif koeffitsiyenti 2 baravar oshirilgan holda qo‘llaniladi;

b) “O‘zgidromet” va Meteoinfokom xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun quyidagi miqdorda oylik ustama haq to‘lanadi (belgilangan ustamalarni hisobga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

2 yildan 5 yilgacha – 0,2;

5 yildan 10 yilgacha – 0,3;

10 yildan 15 yilgacha – 0,4;

15 yildan 20 yilgacha – 0,5;

20 yildan 25 yilgacha – 0,6;

25 yildan ortiq – 0,7.
 
Sohada uzoq muddat xizmat qilganlik uchun ish haqiga ustama haq olish huquqini beradigan mehnat stajini hisoblashda “O‘zgidromet” va uning tizim tashkilotlaridagi ish staji inobatga olinadi.
 
Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumi tashkil etiladi, u “O‘zgidromet” tizimiga o‘tkaziladi. Texnikum gidrometeorologiya sohasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy o‘quv muassasasi, meteorologiya, gidrologiya, gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar ta'limi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish uchun mas'ul hisoblanadi. Shuningdek, u Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi funksiyalarini bajaradi. Texnikumda kadrlar tayyorlash - davlat buyurtmasi va to‘lov-shartnoma asosida.
 
Shuningdek, texnikumda FVV, Mudofaa vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zgidromet”da gidrometeorologiya, xavfli gidrometeorologik hodisalardan ogohlantirish va ularning oldini olish, aviatsiyaga meteorologik xizmat ko‘rsatish va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning malakasi oshiriladi.

Top