13:29 / 25.11.2020
3127
«Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd»dagi davlat ulushini xususiylashtirish uchun xorijiy kompaniyalarga murojaat qilindi

«Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd» MChJ (CCBU) ustav kapitalidagi davlat ulushini (57,1 foiz) sotishni tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlariga xorijiy kompaniyalar jalb etilmoqda.

Foto: Ccbu.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi CCBU’dagi davlat ulushini sotish jarayoni umume'tirof etilgan, mamlakatimiz qonunchiligiga zid bo‘lmagan, xalqaro amaliyotga muvofiq barcha manfaatdor xaridorlar uchun oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etilishini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, shu maqsadda hukumat farmoyishiga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Adliya vazirligining rahbar tarkibi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, tanlov asosida – Rothschild & Co investitsiya banki (moliyaviy maslahatchi), Dentons yuridik firmasi (yuridik maslahatchi), shuningdek KPMG (moliyaviy va soliq hisobotlarini tuzish, shuningdek, kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat ulushini baholash) kabi yetakchi xalqaro maslahatchilar jalb qilindi.

Rotshildlar moliyaviy tuzilmasining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha rasmiy vakili Jiovanni Salvetti 2018 yili OAVga bergan intervyusida bank rahbariyatining O‘zbekiston bozoriga kirish istagi borligini bildirgandi.

«O‘zbekiston katta istiqbolli mamlakat va yangi rahbariyat davlatni modernizatsiya qilishga bel bog‘lagan, deb o‘ylayman. Bizning Qozog‘istondagi ishlarimiz, ya'ni davlat mulklarini xususiylashtirish va banklar transformatsiyasiga ko‘mak berganimizdagi tajribasini O‘zbekistonda ham qo‘llasa bo‘ladi», — degan Salvetti.

Davlat aktivlarini boshqarish agentlikning xabar berishicha, bitim ishga tushirilganda agentlik veb-saytida belgilangan mezonlarga javob beradigan barcha manfaatdor tomonlarni ishtirok etishga taklif qiluvchi axborot xabari e'lon qilinadi.

«Mezonlar qatoriga tegishli operatsion faoliyat tajribasiga va Bitimni amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy va boshqaruv resurslariga ega bo‘lish, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida uzoq muddatli investor sifatida qatnashish istagi va tayyorlik, shuningdek, TCCECning biznesini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va marketingga investitsiyalar kiritish bo‘yicha strategik rejalariga muvofiqlik kiradi. Mezonlarning to‘liq ro‘yxati Bitim ishga tushirilganda e'lon qilinadi», — deyiladi xabarda.

«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» MChJ XK O‘zbekistonga 1993 yili kirib kelgan va ilk mahalliy ishlab chiqaruvchi zavod 1994 yili mart oyida ishga tushirilgan. Ayni paytda kompaniya ustav fondidagi 42,9 foiz ulush «The Coca-Cola Export Corporation» tegishli. Kompaniya O‘zbekiston bo‘ylab, Toshkent, Namangan va Urganchdagi jami 3ta ishlab chiqarish zavodiga egalik qiladi.

 «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd»ning ustavidagi davlat ulushini sotish masalasi 2018 yildan buyon yangrab keladi. Joriy yil yoz oylarida ushbu masala yuzasidan rasmiy xabarlar tarqalgandi

Top