18:51 / 25.11.2020
6872

Futbol maydonida – uch yoshli bolalar. Footweek'da bolalar futboli haqida siz bilmagan jihatlar

Tribuna.uz'ning FootWeek loyihasi o‘z tomoshabinlarini futbol ichkarisiga olib kirishda davom etadi. Muallif ko‘rsatuvning bu sonida omma e'tiboridan biroz chetda bo‘lgan mavzular – bolalar futboli va futzalga to‘xtaldi.

Ilk mavzu – bolalar futboli. Aniqrog‘i, bolalar futbolining muammolari va holati emas, balki lokal holat va joy haqida lavha qilingan.

Katta yoshlilar bilishadiki, bolani futbolga 6–7 yoshdan berish kerak, degan tushuncha mavjud. Biroq bolaga futbol sir-asrorlarini 3 yoshdanoq o‘rgatish mumkinligi ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lsa kerak. Shu yoshdanoq bolakaylarni futbol maktabiga olib borib, to‘p bilan muomala qilishni o‘rgatib borish mumkin ekan.

«Pakhtakor Kids» bolalar futbol maktabi asoschilaridan biri, sobiq futbolchi Sergey Rekun bilan intervyu shu mavzuda ancha qiziq jihatlarni ochib bergan.

«Maktabimiz ochilganiga 1 yilcha bo‘lib qoldi. Temur Yafarov va men bu maktab ish yurituvchilarimiz. «Paxtakor» klubi rahbariyatiga biz shunday maktab ochish va klub akademiyasiga futbolchilarni yetkazib berish taklifini berdik. Ular rozi bo‘lishdi.

Bolalarni 3 yoshdan futbolga olib borsa bo‘ladi, ha. Futbol o‘zgarmoqda. Yevropadan andoza olamiz, Rossiyada bolalar futboli va maktablar qanday ish yuritishini o‘rganamiz. Zamon o‘zgarmoqda, futbol jadallashmoqda, yangiliklar kiritilmoqda. Biz ham shu yaxshi va yangi jihatlarni tatbiq qilishga urinyapmiz.

Eng yosh bolalarni o‘rgatish uchun birmuncha boshqacharoq yondashuv lozim. Bu yoshda bolalar o‘yinqaroq bo‘lishadi. Shuning uchun murabbiylar avvalo pedagog bo‘lishlari lozim. Biz murabbiylar tanlashda aynan sabrli, professional mutaxassislarga e'tibor qaratganmiz.

Va murabbiylar doimiy tarzda malakalarini oshirib turishadi, o‘z ustlarida ishlashadi. Murabbiylar – asosan sobiq futbolchilar. Kletskov, Tsoy, Purishkin, Yafarov va hokazo.

Deylik, siz o‘g‘lingizni maktabimizga olib keldingiz. Yosh bolakay Kletskov kim, Yafarov kim – tanimaydi. Kletskov O‘zbekistonning 6 karra chempioni ekani, qay klubda o‘ynaganining unga farqi yo‘q, unga avvalo tayanch, suyanch kerak. Murabbiylarimiz uning uchun otadek bo‘lishlari lozim.

Eng yosh guruhidagi bolakaylar bilan faqat futbol emas, turli o‘yinlar o‘ynashadi, mashg‘ulotlardan so‘ng ularda stimulni oshirish uchun turli o‘yinchoqlar va Panini stikerlari bilan qiziqtiramiz. Bizga farzandini olib kelayotgan ota-ona uning sog‘lom, aqlli bo‘lib o‘sishi, jarohat olmasligi, mashg‘ulotlar jarayoni doim qiziq bo‘lishi borasida ishonchi komil bo‘ladi.

Masalan, zalda darvozachalarga e'tibor berdingizmi? Ularning ustun va to‘sinlari yumshoq materialdan. Temir ustunli darvozalarni ishlatmaymiz. Bolalar jarohatlanmasligi uchun shunga mos inventarlar bilan ta'minlaymiz. To‘plar ham aynan bolalar uchun: 3 va 4-o‘lchamli yengilroq to‘plarni tepishadi.

O‘yinlarda, mashg‘ulotlarda bolakay gol urgach nima qiladi? Xursand bo‘ladi. Ammo ko‘plab murabbiylar faqat futbol o‘ynashni, to‘p bilan muomala qilishni o‘rgatishadi-yu, boshqa nozik jihatlarga e'tibor berishmaydi. Bolakay gol urgach, golni nishonlashi kerak. Biz mana shu detallariga ham e'tibor beramiz. Golni xursand bo‘lib, qiyqirib nishonlamaguncha, murabbiylarimiz o‘yinni davom ettirishmaydi. Emotsiyalar bu yoshdagi bolakaylar uchun zarur. Gol urdi, maza qildi, bundan siz ham maza qildingiz, kayfiyat zo‘r, uyga bordingiz, ayolingiz va boshqa oila a'zolaringizga aytib berasiz, yaxshi kayfiyat ularga ham yuqadi va bu zanjir reaksiyasi faqat yaxshilikka xizmat qiladi.

Bolajonlar ertaga katta bo‘lishsa, ehtimol, professional futbolchi bo‘lishmas, ammo o‘zlariga ishongan, kirishimli, muloqot uchun ochiq, xushchaqchaq bo‘lib o‘sishlari va kelajakda hayotda munosib o‘rin topishlari zarur va bu uchun biz ham hissamizni qo‘shamiz.

Bu yerga «Paxtakor»dan professional futbolchilar kelib turishadi, master-klass o‘tishadi, bolalar bilan o‘ynashadi, ularga saboqlar berishadi. Mana, misol uchun, bugun «Paxtakor» sardori va milliy jamoa himoyachisi Yegor Krimets keldi. Avvalroq Masharipov bolakaylar bilan uchrashgandi. Ularning o‘zlari ham qiziqishadi bu jarayonga. Ja'far Irismetov, Dragan Cheran, Ignatiy Nesterov o‘g‘illarini olib kelishadi bu yerga.

Boshlanishida «Paxtakor» klubi bizga yordam berdi. Endi esa o‘zimizni o‘zimiz ta'minlayapmiz. 12 murabbiy, 130 nafar atrofida bolalar shug‘ullanishadi. To‘lov – oyiga 450 ming so‘m. Bu – xususiy maktab», – deydi Sergey Rekun.

Ko‘rsatuvda futzal mavzusiga ham e'tibor qaratildi. O‘zbekiston milliy jamoasi navbatdagi yig‘inida Qirg‘iziston va Tojikiston milliy jamoalariga qarshi o‘yinlar o‘tkazdi.

Futzalchilarimiz joylashgan mehmonxonadan boshlangan sayohatimiz ular o‘tirgan avtobusda davom etdi va «Bunyodkor» futzal maydonida yakuniga yetdi. Bosh murabbiy Bahodir Ahmedov bilan intervyuni ham tomosha qilishingiz mumkin.

FootWeek sizni futbol ichkarisiga olib kirishda davom etadi.

Bobur Akmalov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid
Top