17:38 / 25.11.2020
11279
Go‘rmironliklarning 5 muammosi: gaz, elektr, chiqindi, iste'molga yaroqsiz ichimlik suvi hamda qo‘lbola ko‘prik

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi fuqarolardan kelgan murojaatlarni o‘rganish maqsadida ularning huzuriga bordik. Tuman markazidan 6 km uzoqlikda joylashgan Go‘rmiron qishlog‘i aholisini ko‘p yillardan buyon bir necha muammolar qiynab kelmoqda.

Biz borganimizda yerdagi qor erimagan, ko‘chalardagi ko‘p kamchiliklarni berkitib turardi. Mahalliy aholining ma'lum qilishicha, soat 18:00 dan keyin gaz quyish shoxobchalariga cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, aholiga tabiiy gaz qoniqarli tarzda yetkazib berilmayapti.

Elektr toki ham belgilangan jadval asosida emas, odamlarga ayni zarur bo‘ladigan paytlarda uzib qo‘yilayotgan ekan.

Ayniqsa, hudud aholisi toza ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalmoqda. Ichimlik suvi tarmog‘i tortilmagani bois qishloq ahli hududdan oqib o‘tuvchi, iste'molga yaroqsiz bo‘lgan kanal suvidan ichishga majbur. Achinarlisi, ushbu kanalda ba'zida suv umuman bo‘lmaydi, ba'zida esa loyqa suv ham oqib turadi.

Bundan tashqari, aholini chiqindi muammosi ham o‘ylantirmoqda. Yana, qishloqda vrachlik punkti ham mavjud emas.

Ushbu muammolar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilingan bo‘lsa-da, muammolar haligacha o‘z yechimini topmagan. Hududga tumandan va viloyatdan saylangan deputatlar ham masalaga yechim izlashga uringan. Biroq yechim mablag‘ga borib taqalgani uchun masala muammoligicha qolmoqda.

Shu qishloqning Marjonsoy ko‘chasida ham muammolar talaygina. Aholi yo‘llarning nosozligidan norozi. Eng achinarlisi, ikki ko‘chani bir-biriga bog‘lab turuvchi qo‘lbola ko‘prik kishini dahshatga soladi. Chunki ushbu ko‘prik orqali bolajonlar maktabga qatnaydi. Aytishlaricha, bu ko‘prikdan o‘taman deb bolalar suvda oqib ketgan paytlar ham bo‘lgan. Bu yerda ko‘prik bunyod etilishi uchun yana qancha bola qurbon bo‘lishi kerak?

O‘ylaymizki, Namangan viloyati va Kosonsoy tumanidagi rahbarlar va mutasaddilarni Go‘rmirondagi ushbu muammolar befarq qoldirmaydi. Ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishadi.

Yulduz Yuldasheva tayyorladi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top