10:59 / 25.11.2020
2156

Jinoyat-protsessual qonunchilik ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlashga oid yangi institut bilan to‘ldirilmoqda

Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Parlament saytida yozilishicha, loyihaga muvofiq, jinoyat-protsessual qonunchiligi ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlashga oid yangi institut bilan to‘ldirilmoqda. Mazkur institut surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasining samaradorligiga sezilarli ijobiy ta'sir o‘tkazib, ish yuritishni soddalashtiradi.

Shuningdek, loyiha bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti ham kiritilmoqda.

Aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv – ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon, ayblov bilan kelishgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tomonidan bildirilgan iltimosnomaga asosan jinoyat ishini yuritishni nazorat qiluvchi prokuror bilan tuziladigan kelishuv ekanligi loyihada aniq belgilanmoqda.

Jinoyat kodeksi aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyat ishlari bo‘yicha jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeksning maxsus qismi tegishli moddasi (qismi)da nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerakligini belgilab beruvchi 58-1-modda bilan to‘ldirilyapti.

Loyiha bilan jinoyat protsessida shaxsning huquqiy kafolatlari kuchaytirilmoqda. Jinoyat-protsessual kodeksning 51-moddasida belgilanganidek, shaxs o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotganda, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda, aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilganda himoyachining ishtirok etishi shartligi mustahkamlanmoqda. Deputatlarning fikricha, bu qoidalar shaxsning huquq va manfaatlarini ta'minlashga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, taklif etilayotgan qoidalar fuqarolarning jinoyat protsessiga ortiqcha jalb qilinishi kamaytirishga, murakkab bo‘lmagan ishlar bo‘yicha ish yuritishni qisqartirish hisobiga davlat budjetining sarf-xarajatlarini ham iqtisod qilinishiga xizmat qiladi. Shuningdek, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudyalarning murakkab ishlarga ko‘proq e'tibor va vaqt ajratishlari, ishlarni har tomonlama ko‘rib chiqish uchun imkoniyatlari kengayadi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Top