08:25 / 25.11.2020
4703
Litsey va kollejlarning namunaviy shtatlari o‘zgartirildi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining «Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qo‘shma qarori qabul qilindi. 

Norma'ning yozishicha, hujjat prezidentning 6.09.2019 yildagi «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5812-son farmoniga muvofiq qabul qilindi.

Qaror bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, ushbu vazirlikning Kasb-hunar ta'limi markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qabul qilingan hujjatda mazkur Namunaviy shtatlar akademik litsey va kasb-hunar maktablari uchun Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan joriy qilinishi aniqlashtirilgan. Kollej va texnikumlar uchun vazirlik, idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan joriy qilinadi.

Belgilanishicha, Namunaviy shtatlar quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylariga;
  • IIV idoraviy akademik litseylariga;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyga;
  • yuridik texnikumga;
  • imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablariga;
  • olimpiya zaxiralari kollejlariga.

Namunaviy shtatlar joriy qilinishi munosabati bilan boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv yordamchi xodimlar sonining qisqarishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek qarorda Akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlari uchun alohida lavozimlarni kiritish me'yorlari keltirilgan.

Hujjat 11.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top