00:48 / 25.11.2020
18539
Lukashenko o‘zini hokimiyatdan chetlatishning yagona yo‘lini aytdi
Foto: BelTA

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko oxirgi vaqtda G‘arb davlatlari Belarusdagi  “mavjud tuzumni ag‘darish maqsadida” hukumatga va shaxsan uning o‘ziga turli ta'sir etish sxemalarini qurmoqda. Biroq Lukashenkoning aytishicha, uni hokimiyatdan chetlatishning yagona yo‘li bor.

Belarus prezidenti bu haqda Minskda xorijiy davlatlar elchilariga ishonch yorliqlari topshirilishi marosimida aytib o‘tdi.

“Oxirgi vaqtda G‘arb davlatlari Belarusning kelgusi rivojlanishi borasida qattiq tashvishlanmoqda, juda qayg‘urmoqda va mavjud tuzumni ag‘darish maqsadida Belarus hukumati va prezidentiga turli ta'sir etish sxemalarini qurmoqda. Ular shungacha borishdiki, bu jarayonga Rossiyani jalb qilishmoqchi, biroq buni qanday qilishni bilishmaydi”, deb aytgan Lukashenko.

Belarus prezidentining ta'kidlashicha, uni hokimiyatdan chetlatishning birgina imkoni mavjud. 

“Shu munosabat bilan aytmoqchimanki, Belarus prezidentini hokimiyatdan chetlatish mumkin. Buning yo‘lini aytishim mumkin, u bitta, boshqa yo‘l yo‘q: faqatgina Belarus xalqi bugungi kunda mavjud bo‘lgan qonunlar va konstitutsiya asosida buni qila oladi. Ko‘rib turganingizdek, bugungi kunda Belarusda faoliyat olib borayotgan g‘arb diplomatlari va G‘arbda bu masaladan qayg‘urayotganlarni bezovta qilayotgan barcha masalalarga oddiygina javob bor”, deb ta'kidlab o‘tgan Belarus rahbari. 

Lukashenkoning aytishicha, belaruslar mamlakat suvereniteti, an'anaviy qadriyatlar va hududiy yaxlitlikni himoyalay olishlarini isbotlashdi.

“Bir necha marta aytganman va yana aytaman, faqatgina xalqimiz Belarus davlati kelajakda qanday taraqqiy qilishini hal qiladi”, deb qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

U Belarus boshqa davlatlar, jumladan, g‘arb davlatlari bilan samarali va mojarolarsiz hamkorlikdan manfaatdor ekanini ta'kidlab o‘tgan. 

“Bunda biz, shubhasiz, har qanday siyosiy va iqtisodiy bosimni istisno etamiz. Belarus hamkorlar bilan muloqotda ochiq-oydinlik, tenghuquqlik va vijdonlilik tamoyillariga amal qiladi. Bizga har qanday bosim o‘tkazish va umuman qandaydir sanksiyalar kiritish... Ochiqchasiga va rostini aytaman: xuddi shunday javob choralari ko‘riladi va ular birinchi navbatda Yevropa hamjamiyati uchun og‘riqli bo‘ladi. Shu sababli bu yo‘ldan bormasligimiz kerak”, deb aytgan Lukashenko.

Top