12:34 / 25.11.2020
9204

O‘zbekistonda elektr energiyasidan qarzdorlik miqdori 3,5 trillion so‘mni tashkil qilmoqda

Hududlar bo‘yicha eng yuqori qarzdorlik Samarqand, Navoiy va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati iste'molchilardan qarzlarini o‘z vaqtida to‘lashlarini iltimos qildi.

24 noyabr kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida OAV xodimlari ishtirokida elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlariga oid matbuot anjumani hamda press-tur bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda iste'molchilarning elektr energiyasi uchun qarzdorliklar bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etildi.

“Ma'lumotlarga ko‘ra, foydalangan elektr energiyasi uchun 1 yildan ortiq davr mobaynida to‘lovlarni amalga oshirmagan iste'molchilar soni 903 305 nafarni tashkil etib, shundan qarzdorligi mavjudlari 573 655 nafarni, 3 yildan ortiq davr mobaynida to‘lov amalga oshirmagan iste'molchilar soni 361 185 nafarni, shundan qarzdorlari 283 489 nafarni tashkil etmoqda. 3 yildan buyon umuman to‘lovlarni amalga oshirmagan qarzdor iste'molchilar, Samarqand viloyatida 46 158 nafarni, Toshkent viloyatida 45 685 nafarni, Farg‘ona viloyatida 28 770 nafarni va Andijon viloyatida 26 867 nafarni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, iste'molchilarning qarzdorliklari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, bugungi kun holatiga qarzdorligi yuqori bo‘lgan ya'ni 1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha bo‘lgan qarzdor aholi iste'molchilar soni 157 839 nafarni, 3 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha 14 890 nafarni va 10 mln so‘mdan yuqorisi 5 199 nafarni tashkil etmoqda” – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov.

Tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston elektr energiyasidan umumiy qarzdorlik 3,5 trillion so‘mni tashkil qilmoqda, undan aholining qarzdorligi esa 2,4 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston bo‘yicha eng yuqori qarzdorlik Samarqand, Navoiy va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Samarqand viloyatning elektr energiyasidan 646 milliard so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lib, shundan 553 milliard so‘mi aholi qarzdorligi hisoblanadi. Navoiy viloyatining qarzdorligi 410 milliard so‘mni tashkil qiladi. Andijon viloyatining qarzdorligi esa 273 milliard (247 milliard so‘mi aholiga tegishli) so‘mdan iborat.

“Qarzdorliklarning yuqori miqdorlarda saqlanib qolishi iste'molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun amalga oshiriladigan yangi investitsion loyihalar amalga oshirilishiga, yangi transformator punktlari va elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga ta'sir ko‘rsatadi. Shu sababli men iste'molchilarimizdan qarzlarini o‘z vaqtida to‘lashlarini iltimos qilaman.

Bundan tashqari ASKUE tizimi hozirda to‘liq joriy etilmaganligi sababli, iste'molchilar qarzdorliklarni bartaraf etishi va oldindan to‘lovlarni amalga oshirishi bilan 15 daqiqagacha iste'molchi tarmoqqa qayta ulanadi. Shu sababli, o‘rnatilgan hisoblagichlarga tashqaridan aralashuvlarni amalga oshirmasliklarini bunday holat avtomatik yoqish tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini aytib o‘taman» – deya qo‘shimcha qildi Jahongir Obidjonov.

Avvalroq «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari yangi turdagi avtomatik elektr hisoblagichlarning to‘lov tizimi bilan bog‘liq muammolar haqidagi savolga javob bergan edi.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri

Top