09:34 / 25.11.2020
3076
«O‘zbekneftgaz»: «Ernst & Young» vakillari bilan moliyaviy hisobot auditi muhokama qilindi

«O‘zbekneftgaz» AJ korporativ transformatsiyalar, kompaniyaning biznes-jarayonlarini xalqaro korporativ reytingni olishga tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Moskva shahrida jahon miqyosida «katta to‘rtlik»ka kiradigan «Ernst & Young» xalqaro auditorlik kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar «O‘zbekneftgaz» AJning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tayyorlangan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlari (220 dan ortiq korxona va tashkilotlar hisoboti jamlanadi) auditining borishini muhokama qilishdi va barcha ishlarni imkon qadar 2020 yilning oxirigacha yakunlashga kelishib oldilar.

Joriy yilning 20 noyabr holatida, «O‘zbekneftgaz» AJning MHXS asosida 2018 yil uchun tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotining auditi to‘liq yakunlangan va auditorlik xulosasi loyihasi mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda. 2019 yil uchun hisobotni auditdan o‘tkazish jarayonlarining aksariyat qismi «Ernst & Young» auditorlik kompaniyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan.

Mustaqil korporativ reytingni olish «O‘zbekneftgaz» AJga kompaniyaning investitsiya salohiyati va korporativ boshqaruvning shaffofligini oshirishga, qarz kapitali bozorlariga yevrobondlarning debyut emissiyasi orqali kirib borish va shu bilan moliyalashtirish manbalarini jalb qilishni diversifikatsiya qilishga imkon beradi.

Ushbu jarayonning asosiy tarkibiy qismlaridan biri – MHXSga muvofiq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tayyorlash hisoblanadi.

Bugungi kunda «Ernst & Young» loyiha jamoasi operatsion samaradorlikni oshirish va «O‘zbekneftgaz» AJning operatsion moliyaviy modelini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJning MHXS asosida 2016–2017 yillar uchun tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti (320 dan ortiq korxonalar hisoboti jamlangan)ning auditi bo‘yicha joriy yilning 5 iyunida ijobiy auditorlik xulosasi olingan va hisobot ommaviy e'lon qilingan edi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top