12:25 / 26.11.2020
16472
AOKA O‘zbekistondagi boshqa saytlarga ham ogohlantirish xati yuborgan. Hozircha ikki sayt bu haqda ma'lum qildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 20 noyabr kuni O‘zbekistondagi yana ikki internet saytiga ogohlantirish xatlari yuborgan. Gazeta.uz va Podrobno.uz nashrlari 26 noyabr kuni ushbu tashkilotdan koronavirus bemorlari uchun mo‘ljallangan kasalxonalardagi bemorlar statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqqoslangan yangilikni e'lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida ogohlantirilgani haqida xabar berdi.

Gazeta.uz nashri bayonotida AOKA tomonidan yo‘llangan xatdan skrinshot keltirilgan bo‘lib, unda sayt tahririyati kelajakda tekshirilmagan ma'lumotlar e'lon qilingan taqdirda «jiddiy huquqiy oqibatlar» kelib chiqishi ogohlantirilgan, xat agentlik direktori Asadjon Xodjayev tomonidan imzolangan.

Nashr ushbu ogohlantirishga sabab bo‘lgan materiali bo‘yicha qisqacha izoh bergan.

«Ogohlantirish 17 noyabr kuni prezident matbuot xizmati xabari asosida yozilgan «Prezident poruchil optimizirovat COVID-bolnitsy» xabariga tegishli (xat rus tilidagi xabar bo‘yicha berilgan. O‘zbek tilida ushbu xabar: «Prezident COVID-19 kasalxonalarini optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi»). Prezident matbuot xizmati xabarida quyidagi matn mavjud: «Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 89ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan. Hozirda ushbu o‘rinlarda 6 ming 570 nafar bemor davolanmoqda… Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi».

Keltirilgan matnda koronavirus bemorlari va koronavirus bilan kasallanganlar uchun mo‘ljallangan shifoxonalar to‘g‘risida aniq aytilgan. Shu bois, «Gazeta.uz» ushbu xabarni berishda Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘sha kuni kechki vaqtda bergan statistik ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori davolanayotganiga e'tibor qaratdi. Xabarni e'lon qilishdan oldin tahririyat SSVga munosabat so‘rab murojaat qildi, lekin tezkor javob ololmadi», deyiladi nashr ma'lumotida.

Ko‘p o‘tmay SSV ushbu holatga izoh berib, 6570 nafar bemor ichida ba'zi belgilari mavjud bo‘lib, kasallikda gumon qilingan, lekin virus tasdiqlanmagani, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar borligini ma'lum qilgan. Saytda vazirlik izohi ham e'lon qilingan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xatida «to‘la tekshirilmagan ma'lumot asosida e'lon qilingan xabar va uning ketidan bildirilgan munosabat jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrga olib kelgani» qayd etilgan.

«Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa'y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» (agentlik tomonidan bu so‘zlarning tagiga chizilgan), deya qo‘shimcha qilinadi xatda.

Gazeta.uz masalani bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblashi, ogohlantirish xatiga esa tahririyatni «noqulay» savollar berishni to‘xtatishga majbur qilish bo‘yicha keskin javob deb qarashini bildirgan.

«Gazeta.uz davlat organlari fuqarolarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq ma'lumot bermasligi yoki umuman ma'lumot berilmasligi kabi holatlar juda ko‘p, deb hisoblaydi. AOKA bunday vaziyatlarda chetda qolib ketadi, jamoatchilik esa, muhim ma'lumotni ololmay, yutqazadi.

Hukumatga savol berish, fuqarolar fikrini unga yetkazish — demokratik jamiyatdagi OAVning asosiy vazifalaridan biridir. Ushbu holatdagi o‘quvchilarning izohlari (ularning mazmuni qonunchilikni buzmaydi) jamiyatdagi kayfiyatning indikatori bo‘lishi mumkin, lekin OAVga qarshi sanksiya qo‘llash uchun sabab emas», deyiladi nashr bayonotida.

O‘z navbatida, Podrobno.uz sayti tahririyati ham «Inogda vremena vozvrashchayutsya: Podrobno.uz poluchil preduprejdeniye AIMK za statyu o statistike po kovidu» («Ba'zida tarix qaytariladi: Podrobno.uz AOKAdan kovid statitistikasi bo‘yicha maqolasi tufayli ogohlantirish oldi») sarlavhali bayonotida yuzaga kelgan vaziyatdan noroziligini ifoda etgan.

Bu saytga ham Gazeta.uz bilan bo‘lgani kabi 17 noyabr kungi prezident videoselektorida aytilgan raqamlar va SSV statistikasi o‘rtasidagi farq bo‘yicha berilgan material tufayli xat yuborilgan.

Podrobno.uz tahririyati «qandaydir oqibatlar»ga ishora qiluvchi yozma ogohlantirishni OAVga noqulay savollar bermaslik va qaltis mavzular haqida yozilmasligi uchun bosim o‘tkazish usuli sifatida qabul qilinishi mumkin deb hisoblashini bildirgan.

«Nahotki so‘z erkinligi va jurnalistika fikrni himoya qilishi kerak bo‘lgan AOKA senzura bilan shug‘ullanishni va mediaga voqealarni qanday yoritishni o‘rgatishni boshladi», deya savol qo‘yadi sayt.

Nashr AOKAning ogohlantirish xatini to‘liq keltirgan. Bu xatga ham Asad Xodjayev imzosi qo‘yilgan.

Human.uz sayti vakili, jurnalist Xurshid Daliyev gaz va svet muammosi barcha saytlar tomonidan yoritilayotgani, shu tufayli boshqalarga ham shunday xat kelib qolishi mumkinligi haqida yozgan va Asad Xodjayevni prezidentning so‘z erkinligi siyosatiga qarshi chiqishda ayblagan.

Kun.uz’dagi ma'lumotga ko‘ra, Repost.uz nashri ham koronavirus bilan bog‘liq materiallari uchun AOKA tomonidan ogohlantirilgan. Sayt tahririyati hozircha bu borada rasman ma'lum qilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 23 noyabr kuni Kun.uz tahririyati ham 22 noyabr kuni e'lon qilingan «Xalqqa svet-gaz bering!» – ijtimoiy tarmoqlarda azaliy va og‘riqli mavzu» sarlavhali materiali tufayli AOKAdan ogohlantirish xati olgandi. Unda tahririyat «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida xabardor qilingandi.

25 noyabr kuni saytda bu haqda ma'lum qilingan materialda Kun.uz tahririyati tomonidan AOKA bosh direktorining xati «jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish» deb baholandi va tahririyat agentlikni jurnalistlar bilan «kurash» o‘rniga mavjud muammolarni hal etishga e'tibor qaratishga chaqirdi.

Gazeta.uz Kun.uz’ni qo‘llab-quvvatlashi va uning chaqiruvlariga qo‘shilishini ma'lum qilgan.

Hozirda boshqa nashrlar va blogerlar agentlikdan xuddi shu mazmundagi xatlar olgani haqida ma'lum qilishmadi.

Top