17:26 / 26.11.2020
7307

Banklar mijozlarni haydovchilik guvohnomasi bilan identifikatsiya qilishi mumkin

Tijorat banklari mijozlarni yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi yoki shtampsiz pasport bilan ham identifikatsiya qilishi mumkin. Bu haqida Markaziy bank 26 noyabr kuni tijorat banklariga yuborgan xatda ma'lum qilingan.

«Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining «Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 19 iyundagi 389-sonli qaroriga asosan, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga egasining shaxsini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 28 dekabrdagi 1049-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» 2020 yil 22 maydagi 320-son qaroriga asosan, fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, jismoniy shaxs – mijozni identifikatsiyalar jarayonida mijoz tomonidan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yoki fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha shtampi mavjud bo‘lmagan pasporti taqdim etilganda, tijorat banklari ushbu jismoniy shaxslar bo‘yicha qo‘shimcha identifikatsiya ma'lumotlarini Idoralararo integrallashgan platforma tizimi orqali olishlari mumkinligini ma'lum qilamiz», deyiladi xatda.

Top