20:10 / 26.11.2020
14728

Moliya vazirligi 2021 yilgi soliq siyosati bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi

2021 yilga mo‘ljallangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalarini saqlab qolish, aksiz solig‘i, yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarini Soliq kodeksiga kiritish, 73 xil tovarga aksiz solig‘ini bekor qilish, eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa choralar ko‘zda tutilgan. Moliya vazirligi «Soliq siyosatining 2021 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini qabul qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini tayyorladi.

2021 yilgi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarida QQS (15 foiz), foyda solig‘i (15 foiz, alohida toifalar uchun 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i (2 foiz), qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar - 12 foiz va budjet tashkilotlari - 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (bazaviy stavka 4 foiz) stavkalarini saqlab qolinishi nazarda tutiladi.

Shu bilan birga, 2021 yilgi soliq siyosati Soliq kodeksining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini, eksport qiluvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashni, soliq yukining adolatli taqsimlanishini va tabiiy resurslaridan samarali foydalanilishi oshirilishini ta'minlashni nazarda tutuvchi soliq islohotlarini davom ettirishga qaratilgan.

Qonun loyihasida Soliq kodeksi tarkibiga aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qat'iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining stavkalarini, shuningdek, ushbu stavkalarni qo‘llash bilan bog‘liq ayrim normalar kiritilishi nazarda tutilgan. 2020 yil uchun ushbu stavkalar O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni bilan belgilangan edi.

2021 yil uchun ushbu stavkalar quyidagi tarzda o‘zgartirildi:

a) aksiz solig‘i bo‘yicha import va ishlab chiqarish uchun aksiz solig‘i aksariyat stavkalarini tenglashtirish nazarda tutiladi. Shu bilan birga, mutlaq miqdorda belgilangan aksiz solig‘i stavkalari indeksatsiya qilingan

(2020 yil 1 apreldan ularning nazarda tutilgan indeksatsiyasini bekor qilinganini hisobga olgan holda).

Shu munosabat bilan, aksiz solig‘i stavkalari 2021 yil 1 fevraldan boshlab indeksatsiya qilinmoqda. Bunda, alkogolli mahsulotlar, shu jumladan pivoga, shuningdek, tamaki mahsulotlari uchun 2 bosqichda: 2021 yil 1 fevraldan boshlab - 2020 yilda ularni indeksatsiya qilinishi rad etilganligini hisobga olgan holda, hamda 2021 yil 1 sentyabrdan - o‘rtacha 7,5 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

Import bo‘yicha 73ta tovar pozitsiyasiga aksiz solig‘ini bekor qilish taklif etilmoqda, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari (20 turdagi tovarlar (sharbatlar, pishloq, tvorog, margarin, unli qandolat mahsulotlari, kolbasa va shunga o‘xshash go‘sht mahsulotlari va h.k.)), elektrotexnika tovarlari bo‘yicha (35 turdagi tovarlar (muzlatgichlar, televizorlar, gaz plitalari, changyutgichlar, kir yuvish mashinalari va h.k.)) va h.k. Bu tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoitlarni ta'minlashga imkon beradi.

Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar uchun mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilmoqda.

b) yer solig‘i bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun, respublika hududlari kesimida mutlaq kattalikda, ular 15 foiz indeksatsiya qilinishini hisobga olgan holda, bazaviy soliq stavkasi belgilanmoqda;

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i stavkalari har yillik indeksatsiya qilinishi stavkalar mutlaq kattalikda (so‘m) belgilanganligi bilan izohlanadi va yer solig‘ining budjet umumiy tushumlaridagi ulushini saqlab qolishga imkoniyat beradi.

Bunda, soliq stavkalarining aniq miqdori mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ularning nufuzli tuman va iqtisodiy rivojlanishiga qarab oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda Soliq kodeksida belgilangan stavkalar asosida aniqlanadi.

v) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha soliq stavkasi soliq to‘lovchilarning toifalari kesimida, shuningdek, belgilangan maqsadlarda ishlatiladigan suv hajmi qismida belgilanmoqda, bu soliqni hisoblab chiqarish maqsadida har xil maqsadlar uchun ishlatiladigan suv resurslari hajmining hisobini alohida yuritishni taqozo etadi. Ushbu chora-tadbirlar suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta'minlashga qaratilgan.

Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha soliq stavkalari 15 foizga, ushbu stavkalarni sanoat korxonalari uchun belgilangan yagona soliq stavkasiga bosqichma-bosqich yetkazish maqsadida, iqtisodiyotning alohida tarmoqlari uchun 30 foizga indeksatsiya qilinmoqda. Kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yil darajasida saqlab qolinmoqda, qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish uchun ishlatiladigan suv hajmi va baliqlarni o‘stirish (yetishtirish), shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha esa 1 kub metri uchun 40 so‘m yagona soliq stavkasi belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan tushum hajmidan qatiy nazar quyidagilar hisobiga QQS to‘laydigan korxonalar doirasini kengaytirish nazarda tutilgan: alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalari, shuningdek, bozorlar va savdo komplekslari.

Bu faoliyatni amalga oshirishga teng sharoitlarni yaratish va soliq bo‘yicha QQS to‘lovchi korxonalardan foyda ulushini ushbu soliqni to‘lamaydigan shaxslarga taqsimlab o‘tkazish hisobiga tushumlarni pasaytirishni oldini olishga imkon yaratadi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi PF-5978-sonli Farmoni bilan 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd. so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar ushbu soliqni har choraklik asosida hisoblash va to‘lash huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgan. Ushbu normani kelgusida ham saqlab qolish va uni Soliq kodeksida doimiy ravishda nazarda tutish taklif etiladi.

Qonun loyihasida valuta tushumi summasi tushishidan qat'iy nazar haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan (to‘lanadigan) QQSni hisobga olish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Bu konsignatsiya (to‘lovni kechiktirish) shartlari bilan eksportga tovarlarni jo‘natishni amalga oshiruvchi eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga va aylanma mablag‘larini band qilishni oldini olishga imkon beradi. Ushbu huquq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 maydagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF- 5989-sonli Farmoniga muvofiq faqatgina to‘qimachilik korxonalarida mavjud edi.

Pensiyalarni hisoblash tartibini soddalashtirish maqsadida jismoniy shaxslarning ayrim toifasi uchun ijtimoiy soliq stavkalarini unifikatsiya qilish taklif etiladi. Shunday qilib, Qonun loyihasida o‘zini-o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar, “Usta-shogird” maktablari o‘quvchilari - ular 25 yoshga to‘lguniga qadar ishlagan davri, dehqon xo‘jaliklari, shuningdek mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan), O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) tashkilotlarda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga kamida 1 bazaviy hisoblash miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanishini nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha kamaytirilgan stavkaning 0,2 dan 0,4 foizgacha va alohida obektlar va yer uchastkalariga nisbatan yuridik shaxslarning yer solig‘i stavkalariga qo‘llaniladigan kamaytiruvchi koeffitsiyentning 0,1 foizdan 0,25 foizgacha oshirilishi nazarda tutilmoqda. Bu ularni mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining bazaviy stavkaga bosqichma-bosqich yetkazish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz: mol-mulk solig‘i bo‘yicha kamaytirilgan stavka va yer solig‘i stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsiyent avval soliq imtiyozlari berilgan obektlarga nisbatan 2020 yil 1 yanvardan kiritildi. Ushbu choralar ko‘chmas mulk obektlaridan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini to‘liq hisobini yuritishni ta'minlash maqsadida kiritilgan.

Fermer xo‘jaliklari uchun yagona yer solig‘ini bekor qilish bilan birga (2020 yil 1 yanvardan), yer solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni normativ qiymatdan kelib chiqib soliq solish tartibi saqlab qolingan. Mazkur davrdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari mavjud bo‘lgan boshqa yuridik shaxslarga ham ushbu tartib tatbiq etildi. Bunda, meva-sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalari (2019 yil 1 yanvardan) uchun yer toifasi (sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan) va ball bonitetiga qarab belgilangan stavkadan kelib chiqib yer solig‘ini hisoblab chiqarish tartibi saqlab qolingan.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga yagona soliq solish tartibini belgilash maqsadida, Qonun loyihasida meva-sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalarini qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar kabi yer solig‘i stavkasini belgilagan holda, yer solig‘ini hisoblab chiqarishga qaytish nazarda tutilmoqda.

Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha alohida qurilish foydali qazilmalari bo‘yicha stavkalar unifikatsiya qilinmoqda. Bu noruda foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish va ularni, ayniqsa daryo o‘zanlaridan, samarali qazib olishini ta'minlashga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining amaliy ta'siri va samaradorligini monitoring va tahlil qilish doirasida mutaxassislar, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek soliq maslahatchilari va ekspertlarning takliflaridan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha alohida Qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishib chiqish mumkin.

Top