19:28 / 26.11.2020
14068
Moskva Makron va Putin o‘rtasidagi muloqot tafsilotlari oshkor etilgani sababli norozilik bildirdi 

Fransiyaning Challenges nashrida chop etilgan maqolada aytilishicha, Putin Makron bilan telefon orqali qilgan muloqoti chog‘ida undan «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishda yordam so‘ragan.

Foto: REUTERS/Grigory Dukor

Rossiya rahbariyati prezidentlar Vladimir Putin va Emmanyuel Makron o‘rtasidagi telefon orqali muloqot tafsilotlari Fransiya ommaviy axborot vositalarida chop etilganidan norozi bo‘lmoqda. Bu haqda Moskvadagi diplomatik manbaga tayanib «Kommersant'» nashri xabar berdi.

 Nashr manbasining ta'kidlashicha, ikki davlat rahbarlarining muloqoti noto‘g‘ri talqin qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Parijdan bu borada izoh talab qilgan.

Gap Fransiyaning Challenges nashrida chop etilgan maqola haqida bormoqda. Maqolada aytilishicha, Putin 7 noyabr kuni Makron bilan telefon orqali qilgan muloqoti chog‘ida undan «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishda yordam so‘ragan va bu muammoni hal qilish uchun Paster institutini jalb etishni iltimos qilgan.

 «Rossiyaliklar bir necha haftadan buyon ular bilan ishlashga tayyorligimizni so‘rashmoqda. Bu ularning eng katta zaifligini: ishlab chiqarish quvvatlari yo‘qligini ko‘rsatadi», — deya o‘z manbasining so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.

 Ushbu muloqot to‘g‘risida Kreml bergan xabarda telefon orqali suhbatda keng doiradagi masalalar va birinchi navbatda Tog‘li Qorabog‘dagi urush mavzusi muhokama qilinganligi aytilgan.  

 Xabarda shuningdek, Paster instituti ham tilga olingan.

«Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, Rossiyaning tegishli tuzilmalari va Paster instituti o‘rtasida vaksina ishlab chiqish va chiqarish bo‘yicha aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirildi», — deyilgan Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Yelisey saroyi saytida ushbu muloqot to‘g‘risida hech qanday xabar berilmagan.

Avvalroq ikki prezidentning 14 sentyabrdagi muloqoti to‘g‘risida Le Monde nashri chop etgan maqoladan so‘ng mojaro yuzaga kelgandi. O‘shanda nashr Putin Makronga rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi borasida bir nechta taxminlarni ilgari surgani, jumladan, Navalniy «Novichok»ni o‘zi qabul qilgan bo‘lishi mumkinligini aytgani haqida yozgandi.  

 Fransiya tashqi ishlar vazirligi vakili prezidentlarning telefon orqali muloqoti to‘g‘risidagi xabar chop etilishi bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanganligini bildirgan.

Top